Jahon bankining Groundswell («To‘qqizinchi to‘lqin») nomli hisobotida aytiladiki, iqlim o‘zgarishi, migratsiyaning tobora kuchayib borayotgan omili sifatida, 2050 yiligacha oltita mintaqadagi 216 million insonni o‘z mamlakatlarining boshqa hududlariga ko‘chishga majbur qilishi mumkin.
Ichki iqlim migratsiyasining o‘choqlari tez orada, ya’ni 2030 yildayoq shakllanishi mumkin va 2050 yilga yaqinlashgan sari bu jarayonning ko‘lami va intensivligi o‘sishda davom etadi. Ammo, shu bilan birga, hisobot ko‘rsatadiki, global chiqindilarni kamaytirish va yashil, inklyuziv hamda barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida kelishilgan holda zudlik bilan chora-tadbirlar ko‘rish iqlim migratsiyasini butun 80 foizga kamaytirishi mumkin.
Iqlim o‘zgarishi ichki migratsiyaning kuchli qo‘zg‘atuvchisi hisoblanadi, chunki u aholi daromad manbalariga ta’sir qiladi va undan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarda hayot sifatini keskin yomonlashtiradi. 2050 yilga kelib ichki "iqlim" migrantlari soni Afrikaning Sahroi Kabir janubidagi mamlakatlarda 86 millionga, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasida 49 millionga, Janubiy Osiyoda - 40 millionga, Shimoliy Afrikada - 19 millionga, Lotin Amerikasida - 17 millionga, Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyoda esa 5 millionga yetishi mumkin.
«To‘qqizinchi to‘lqin» hisoboti - iqlim o‘zgarishi tufayli, ayniqsa bu hodisani kelib chiqishida roli minimal bo‘lgan dunyoning eng qashshoq aholi qatlamlarida azob-uqubatlar va qurbonlar bo‘lishi haqida ogohlantiruvchi eslatmadir. Shu bilan birga, hisobotda mamlakatlar iqlim migratsiyasining ba’zi asosiy omillarini zararsizlantirish uchun qanday yo‘l tutishi kerakligi aniq ko‘rsatilgan,» - dedi Jahon bankining barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha vitse -prezidenti Jürgen Vogel.
Yangilangan hisobot uchta mintaqa uchun prognozlar va tahlillarni o‘z ichiga oladi. Bular: Sharqiy Osiyo va Tinch okeani hududi, Shimoliy Afrika, hamda Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo. U Jahon bankining Afrikadagi Sahroi Kabirdan janubdagi hudud, Janubiy Osiyo va Lotin Amerikasini qamrab olgan oldingi 2018 yilda nashr etilgan «To‘qqizinchi to‘lqin» hisobotida birinchi bor foydalanilgan innovatsion modellashtirish metodologiyasiga asoslanadi.
Hisobotda davlat organlariga uzoq muddatli rejalarni ishlab chiqishda yordam beradigan kelajakda voqealar rivoji tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan natijalarini o‘rganish imkonini beradugan ssenariyga asoslangan yondashuv qo‘llanilgan. Bu yondashuv mamlakat ichidagi «iqlim» migrantlari oqimining kelish va ketish «o‘choqlari» ni aniqlaydi. Bular: suv tanqisligi, ekinlar hosildorligining pasayishi va dengiz sathining ko‘tarilishi tufayli insonlar chiqib ketishi kutilayotgan joylar, shuningdek, yangi hayot boshlash uchun qulayroq sharoitlari bo‘lgan shahar va qishloqlar.
Hisobotda iqlim migratsiyasi sabablarini kamaytirishga va kutilayotgan migratsiya oqimlariga tayyorgarlik ko‘rishga yordam berishi mumkin bo‘lgan bir qator strategik tavsiyalar o‘z ifodasini topgan, jumladan:
- dunyo miqyosida chiqindilarni kamaytirish va Iqlim o‘zgarishibo‘yicha Parij bitimining maqsadlariga erishish uchun imkoni boricha hamma ishni qilish;
- ekologik, barqaror va inklyuziv rivojlanishni uzoq muddatli rejalashtirishda ichki iqlim migratsiyasi omili hisobga olinishini to‘liq ta’minlash;
- ichki iqlim migratsiyasi moslashish strategiyalaridan biriga aylana olishi va rivojlanish sohasida ijobiy natijalarini berishi uchun migratsiyaning har bir bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish;
- maqsadli siyosat choralarini oqilona shakllantirish uchun ichki iqlim migratsiyasi harakatlantiruvchi kuchlarining mohiyatini chuqur o‘rganishga sarmoya kiritish.
Mintaqalar kontekstida xulosalar
Evropa va Markaziy Osiyo mintaqasi kontekstidagi asosiy ma’lumotlar
- 2050 yilga kelib, Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyoda pessimistik boshlang‘ich ssenariyning yuqori qismiga ko‘ra 5,1 milliongacha «iqlim» migrantlari yoki prognoz qilinadigan aholi sonining 2,3 foizi paydo bo‘lishi mumkin. Ulardan 2,4 milliongacha «iqlim» migrantlari Markaziy Osiyoda yashadi (pessimistik boshlang‘ich ssenariy bo‘yicha o‘rtacha).
- Farg‘ona vodiysi (Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududida), Toshkent shahri atroflari va Tojikiston janubining pasttekisliklari (shu jumladan Dushanbe), shuningdek, Qozog‘iston shimolidagi aholi zich joylashgan shaharlar (Qarag‘anda, Nur-Sulton va Kostanay) «iqlim» migrantlari oqimi keladigan zonaga aylanadi. Bu O‘rta Osiyoning shu qismlarida suv ta’minoti va ekinlar hosildorligining kutilayotgan o‘sishi bilan bog‘liq.
- «Iqlim» migrantlari chiqib ketadigan joylar - Qozog‘istonning janubiy chegarasidagi hududlar, O‘zbekiston va Tojikistonning Farg‘ona vodiysiga tutash hududlari, shuningdek, Bishkek shahri atrofidagi erlar bo‘lishi kutilmoqda. Bu O‘rta Osiyoning shu qismlarida suv ta’minoti va ekinlar hosildorligining pasayishi prognozi bilan bog‘liq. Xuddi shu sabablarga ko‘ra, Sharqiy Turkmaniston va O‘zbekiston janubining Amudaryo bo‘yida joylashgan kichikroq hududlari ham «iqlim» migrantlari uchun potentsial chiqib ketish zonalari hisoblanadi.
PRESS-reliz raqami: 2022/12 / CCG
Kontaktlar
Vashingtonda:
Ferzina Banaji
+1 (202) 372-5885
fbanaji@worldbankgroup.org
Izoh qoldirish