Davlat byudjeti: 2020 yilda kutilayotgan prognozlar

Davlat byudjeti: 2020 yilda kutilayotgan prognozlar

Oliy Majlis Senati yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2020 yilda soliq islohotlarini davom ettirish bilan birga byudjet siyosatida ham jiddiy o‘zgarishlar nazarda tutilayotganini qayd etdi.

Davlat korxonalari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 foizdan 12 foizgacha kamaytiriladi. Bundan ko‘zlangan maqsad – teng raqobat muhitini yaratishdir.

2020 yildan boshlab foyda solig‘i stavkasi 12 foizdan
15 foizgacha oshiriladi. Buning sababi – bir tomondan, davlat byudjeti yo‘qotishlarini qisman qoplash bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa ishlovchilarga ish haqini foyda orqali berilishining oldini olishdir.

2020 yilda yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq 2 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, kichik korxonalar tovar aylanmasidan undiriladigan soliq esa 4 foiz miqdorida saqlanib qolinadi.

Byudjet-soliq siyosati bo‘yicha taklif etilayotgan o‘zgarishlarni inobatga olgan holda 2020 yil uchun Konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 2020 yilda 159 trln. so‘m yoki YaIMga nisbatan 24,3 foiz darajasida (2019 yilda – 146,7 trln. so‘m yoki YaIMga nisbatan 28 foiz) prognoz qilinmoqda.

2020 yil uchun Davlat byudjetining jami xarajatlari 131,1 trln. so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda.

Ta’kidlash joizki, davlat byudjeti xarajatlarining
53 foizini yoki 69,7 trln. so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar tashkil etadi (Aksariyat davlatlarda bu ko‘rsatkich 35-40 foiz).

Investitsiya dasturi asosida ijtimoiy soha ob’yektlariga qilinadigan kapital xarajatlarni (5,7 trln. so‘m) hisobga olgan holda ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag‘lar ulushi 55 foizga yetadi va o‘tgan yilga nisbatan 24,2 foizga o‘sadi.

“2020 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasida Davlat byudjeti daromadlari 128 trln. 460 mlrd. so‘m, xarajatlari esa 131 trln. 104 mlrd. so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,4 foiz miqdorida taqchillik bilan prognoz qilinmoqda.

Majlisda “2020 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilinishi jarayonida bunday hujjat ilk bor ishlab chiqilgani qayd qilib o‘tildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar