Davlat Qoraqalpog‘istonda chorvachilik loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi

Davlat Qoraqalpog‘istonda chorvachilik loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi

2019-2020 yillarda ularga jami 125 mln AQSh dollari va 366,6 mlrd so‘m sarflanadi (7.11.2019 yildagi PQ-4512-son qarorga qarang).

Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir va Qo‘ng‘irot tumanlarida chorvachilik sohasida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan qoidalari joriy etilmoqda:

birinchidan, tashkil etilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilikni jadal rivojlantirish bo‘yicha komissiya tavsiyasi bo‘yicha:

a) istisno tariqasida tanlov va auksion o‘tkazmasdan:

  • chorva mollarini sanoat usulida boqish uchun - sug‘oriladigan yerlar;
  • chorva mollarini boqish uchun - pichanzor va yaylovlar;
  • chorvachilik komplekslari, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash, omuxta yem ishlab chiqarish maqsadida bino va inshootlar qurish uchun – unumdorligi past sug‘oriladigan yer uchastkalari (qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer uchastkasi bo‘lmagan taqdirda) ajratib beriladi.

b) ajratiladigan yer uchastkalari hajmi ularning hosildorlik darajasiga va tashkil etiladigan chorva bosh soniga qarab belgilanadi;

ikkinchidan, istisno tariqasida, yirik va mayda shoxli naslli chorva mollarini sanoat usulida, shuningdek, yaylov va pichanzorlarda haydab boqish, chorva mollari uchun ozuqa ishlab chiqarish, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlashga doir loyihalar tashabbuskorlariga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan bir vaqtning o‘zida kompensatsiya bilan birgalikda kafillik ham beriladi (shartlariga qarang).

Agrarchilarga qoramollarning go‘sht yo‘nalishidagi aberdin-angus, gereford, santa-gertruda, Qozoq oqbosh, mayda shoxli mollarning qoraqo‘l, jaydari, romanov, dorper zotlaridan foydalanish tavsiya etildi. Yaylovlar chorvachiligida naslchilik ishlarini tashkil etish nasldorligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lgan, identifikatsiya qilingan va zoti bo‘yicha rayonlashtirilgan naslli buqalarning muzlatilgan urug‘laridan sun’iy urug‘lantirish orqali amalga oshiriladi.

Yangidan foydalanishga kiritiladigan yerlarda faqat ozuqa ekinlari ekiladi. Buning uchun hamda yetishtiriladigan hosilning chorvachilik xo‘jaliklari va aholiga tizimli yetkazib berilishiga shaxsan javobgarlik tuman hokimlariga yuklatildi.

Davlat quduqlarni qazishda ham yordam beradi: xarajatlarning 50%ini respublika byudjeti, qolgan qismini – Qoraqalpog‘istonning mahalliy byudjeti (daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan) moliyalashtiradi. Bundan tashqari, Davlat geologiya qo‘mitasi byudjet mablag‘lari hisobidan 2020 yilda mintaqa uchun 3 ta quduq burg‘ulash uskunasini xarid kiladi. Loyiha tashabbuskorlariga ajratilayotgan yer uchastkalarida yer ostidan suv chiqarish uchun sug‘orish tik quduqlari burg‘ulash joylarini aniqlaydilar. Sug‘orish tik quduqlarini burg‘ulash uchun Davlat ekologiya qo‘mitasi ekologik ekspertiza xulosasini, Davlat geologiya qo‘mitasi esa - gidrogeologik xulosani beradi. Bunda faqat suv o‘lchash asboblarini o‘rnatish va suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash orqali bunday quduqlardan foydalanish mumkin.

Shuningdek, davlat 2020 yildan boshlab Qoraqalpog‘istonda qoramollarda uchraydigan teylerioz kasalligining oldini olish bo‘yicha emlashga doir xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi – ular Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Tarmoqda kadrlar yetishmasligi muammosini hal qilishadi. Xususan, Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Nukus filiali qoshida Veterinariya texnikumi tashkil etiladi. 2020/21-2022/23 o‘quv yillaridan esa Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Nukus filialida (kunduzgi ta’lim shakli) bakalavriatning “byudjet” o‘rinlari uchun maxsus kvotalar paydo bo‘ladi, unga Bo‘zatov, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir va Qo‘ng‘irot tumanlarida kamida 5 yil ishlab berish sharti bilan qabul qilinadi.

Shuningdek, Taxtako‘pir tumanida Buxoro cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi filiali ochiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar