Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi

Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi

2021 yil 1 sentyabrdan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi.

Bu haqda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida keltirilgan.

2021 yil 1 oktyabrgacha korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvi asosida tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish, davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlikda qatnashishi huquqiy oqibatlarini belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

2021 yil 1 oktyabrdan barcha davlat organlari va tashkilotlari, viloyat hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

2021 yil 1 avgystdan davlat xaridlari sohasidagi tenderlar natijalari ochiq e’lon qilinadi.

Davlat xaridlarida hamkorlar (kontragentlar)ni tekshirish tartibi ishlab chiqiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yil 1 dekabrdan har yil yakuni bo‘yicha korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting e’lon qilib boriladi.

2021 yil 1 dekabrgacha daromad va mol-mulk deklaratsiyalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

2021 yil 1 oktyabrgacha davlat mablag‘lari hisobiga qurilish-pudrat shartnomasi uchun o‘tkaziladigan tanlovlar “Shaffof qurilish” tizimi ma’lumot almashinuvini ta’minlagan holda davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida elektron tarzda amalga oshiriladi.

2022 yil 1 yanvargacha avtomobil yo‘llari sohasiga tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan “SHAFFOF YO‛L” onlayn axborot platformasi ishga tushiriladi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab “halollik vaksinasi” tamoyili asosida davlat xizmatchilari muntazam korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar