Davlat organlariga xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqish taqiqlandi

Davlat organlariga xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqish taqiqlandi

“Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan, ob’yektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish sifatida baholanadi hamda bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.

2020 yil 1 fevraldan boshlab:

  • eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlar “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi;
  • fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologik nazorat o‘tkazish uchun undiriladigan to‘lovlar miqdori Moliya vazirligi tomonidan kelishilgan holda belgilanadi;
  • yuridik shaxslar tomonidan da’vo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratiladi.

Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab quvvati 140 kilovattgacha bo‘lgan elektr uskunalarini elektr tarmoqlariga ulash jarayonida sarflanadigan xarajatlar tadbirkorlik sub’yektining xohishiga ko‘ra, davlat xizmatlari markazlariga texnik shartlarni olish uchun murojaat qilish bilan bir vaqtda berilgan so‘rovnomasiga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Mazkur mablag‘lar tadbirkorlik sub’yektlari foydalangan elektr energiyasi qiymatiga qo‘shiladigan ustamalar hisobidan bir yil davomida undirib olinadi.

2020 yil 1 yanvardan quyidagi talablar bekor qilinadi:

  • tadbirkorlik sub’yektlari – yuridik shaxslar o‘rtasidagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi bo‘yicha notarial tasdiqlanganda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklarni tekshirib olish;
  • davlat soliq xizmati organlariga soliq to‘lovchilar tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng arizani hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa ko‘chmas mulk, uning mulkdorlari to‘g‘risidagi ma’lumotni bevosita qog‘oz ko‘rinishda taqdim etish;
  • meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik sub’yektlaridan to‘lov undirish.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar