Hozirgi kunda koronavirus pandemiyasi COVID-19 atrofidagi global noaniqlik o‘tgan davrlardagi pandemiya (epidemiya) holatlari sababli vujudga kelgan noaniqliklarga qaraganda ancha yuqoridir.
Ushbu noaniqlikni kamaytirish, iqtisodiyotning tezda oyoqqa turishi va odamlarning odatiy turmush tarziga qaytishi davlatlar tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi bilan bir qatorda insonlarning karantin qoidalari va intizomiga so‘zsiz amal qilishiga bog‘liq. Toki biror bir jamiyatda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan so‘nggi bemor aniqlanmagunicha, butun jamiyat, insoniyat uchun xavf saqlanib qolaveradi. Karantin qoidalari va intizomiga rioya qiling. UYDA QOLING!
Xalqaro valyuta jamg‘armasining Tadqiqot departamenti bo‘lim boshlig‘i – Davide Furceri, katta ilmiy xodimi – Hites Ahir hamda Stenford universitetining iqtisodiyot professori – Nicholas Bloom tomonidan 143 mamlakat uchun Jahon pandemiya noaniqlik indeksi (World Pandemic Uncertainty Index (WPUI)) (Jahon noaniqlik indeksining kichik bir indeksi sifatida) ishlab chiqildi. Mazkur indeksni hisoblashda ular Economist Intelligence Unit (EIU) tomonidan 1996 yil 1-chorakdan 2020 yil 1-chorakgacha bo‘lgan davrda chop etilgan mamlakatlar hisobotlaridagi ma’lumotlardan foydalandilar. Shunday qilib, ular mamlakatlar hisobotida “noaniqlik” so‘zi necha marta pandemiya yoki epidemiyalar bilan bog‘liq bo‘lgan so‘zlarga (Severe Acute Respiratory Syndrome, SARS, Avian flu, H5N1, Swine flu, H1N1, Middle East respiratory syndrome, MERS , Bird fu, Ebola, Coronavirus, Covid-19, Influenza, H1V1, World Health Organisation, and WHO) yaqin tilga olinganligini sanab chiqdilar. WPUI indeksini mamlakatlar bo‘yicha taqqoslash uchun muayyan bir davrda har bir mamlakat uchun hisobotda sanalgan so‘zlarni umumiy so‘zlar soniga nisbatini hisobladilar.
Koronavirus infeksiyasi dunyo bo‘ylab, mamlakatlar bo‘ylab tarqalishda davom etib avjiga chiqib bormoqda. Koronavirus inqirozidan aziyat chekayotgan davlatlar virus tarqalishini cheklash maqsadida tugash muddati noma’lum karantin holatlarini joriy etib, ijtimoiy uzoqlashish talablarini kuchaytirayotgan bir paytda, yuqumli kasallikni yuqtirib olish va daromadlarni yo‘qotish qo‘rquvi butun dunyoda noaniqliklarni kuchaytirmoqda.
Koronavirus inqirozi bilan bog‘liq noaniqlikni raqamlar orqali o‘lchash va uni oldingi pandemiya va epidemiyalar bilan taqqoslash maqsadida ishlab chiqilgan yangi o‘lchov birligi – WPUI shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi kunda COVID-19 atrofidagi noaniqliklar oldingi kasalliklar (masalan, SARS, Swine flu, MERS va boshqalar) sababli jahon hamjamiyatida vujudga kelgan noaniqlikdan ancha yuqori.
Quyidagi rasmda ko‘rsatilgandek, koronavirus sababli vujudga kelgan noaniqlik darajasi misli ko‘rilmagan darajada yuqori hisoblanadi. 2020 yil 31 mart holatiga ushbu ko‘rsatkich 2002-2003 yillardagi o‘tkir nafas yo‘llari sindromi (Severe Acute Respiratory Syndrome (SARS)) epidemiyasi davridagi noaniqlik ko‘rsatkichidan 3 barobar va Ebola epidemiyasi davridagi noaniqlik indeksidan qariyb 20 barobar ko‘proqdir. Koronavirus bilan kasallanganlar soni ko‘payishda davom etishi hamda inqirozning qachon tugashi noma’lum bo‘lib qolayotgan sharoitda koronavirus atrofidagi noaniqlik darajasi yuqoriligicha saqlanib qolishi kutilmoqda.
Jahon pandemiya noaniqlik indeksi, oddiy o‘rtacha:
Pandemiya atrofidagi global noaniqlik
Koronavirus global miqyosida kengayib borar ekan, Jahon pandemiya noaniqlik indeksi 2020 yil 1-chorakda eng yuqori darajaga ko‘tarildi.
COVID-19 bilan kasallanganlar soni tobora ko‘payib borayotgan davlatlarda pandemiya bilan bog‘liq noaniqliklar ham oshib bormoqda. Avvaliga faqat Xitoyning muammosidek tuyulgan koronavirus epidemiyasi ko‘p vaqt o‘tmay pandemiyaga aylandi. Bugungi kunga kelib, rivojlangan g‘arb mamlakatlarida, ayniqsa, AQSh, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Germaniya, Italiya, Ispaniyada koronavirus inqirozi sababli noaniqliklar eng yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Shuning uchun, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir kishi dunyo mamlakatlari xatosidan xulosa chiqargan holda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorning muammosini o‘z muammosi deb bilmog‘i lozim. Aks holda, koronavirus inqirozi bilan bog‘liq noaniqlarni oshib borishiga o‘z hissasini qo‘shadi.
O‘zbekistonda COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olganlar soni ko‘payib borishi bilan esa butun dunyo mamlakatlarida kuzatilayotgani singari mamlakatimizda ham ushbu kasallik tufayli vujudga kelgan noaniqliklar oshib boradi.
2020 yil 6 aprel holatiga mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi aniqlangan holatlar soni 397 nafarni tashkil etdi. Hozircha koronavirus bilan bog‘liq noaniqlikni biroz bo‘lsada jilovlab turgan omillardan biri shuki, so‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemorlarning barchasi statsionar sharoitda karantinga olingan fuqarolar orasidan aniqlangan. Bu statsionar sharoitdagi karantindan tashqarida xavf yo‘q degan ma’noni anglatmaydi.
Shu bois, O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan har bir inson karantin qoidalari, karantin intizomiga qat’iy rioya qilishni o‘z burchi deb bilishi lozim.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, inqiroz tufayli daromadini yo‘qotgan tadbirkorlar, kunlik daromad topuvchi aholi qatlami, boquvchisini yo‘qotgan oilalar daromad topish ilinjida karantin qoidalarini buzishga majbur bo‘lmasligi lozim.
Shubhasiz, hukumatimiz tomonidan o‘z vaqtida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar koronavirus inqirozidan katta talofatlarsiz o‘tib olishimizga yordam beradi. Shunday bo‘lsada, bunday og‘ir vaziyatda davlat-xususiy sherikchilik mexanizmini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilishi koronavirus inqiroziga qarshi kurashishda o‘z so‘zini aytadi. Shundan kelib chiqib, tadbirkorlik vakillari va fuqarolar tomonidan yordamga ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz yashayotgan qariyalar, daromadini yo‘qotgan aholi qatlamiga yordam berish ustuvor vazifalardan biriga aylanishi darkor.
Ushbu maqsadlarda O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshida xayriya faoliyatini muvofiqlashtirish yagona markazi tashkil etildi. Mazkur markaz orqali yordamga muhtoj oilalarga yordam qo‘li cho‘zilmoqda.
Ishonamizki, tez kunlarda davlatimizning, xalqimizning birdamlikdagi sa’y-harakatlari natijasida koronavirus bilan bog‘liq noaniqliklar bartaraf etiladi.
Xalilulloh Hamidov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Yetakchi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish