Yirik ko‘chmas mulk ob’yektlarini xususiylashtirish jarayonlari bo‘yicha Davlat tender komissiyasining qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.
Unga ko‘ra:
- Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buxoro va Nuroniylar ko‘chalari kesishuvi manzilida joylashgan “Gazetalar ishlab chiqarish majmuasi” binosi bo‘yicha 78,0 milliard so‘m sotib olish narxi bilan – “Metro Plaza” MChJ;
- Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Xojib ko‘chasi manzilida joylashgan “Ichan qal’a” mehmonxona majmuasi bo‘yicha 74,2 milliard so‘m sotib olish narxi bilan – “QUADRO IH DMCC” kompaniyasi;
- Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi manzilida joylashgan sobiq “Markaziy bino” bo‘yicha 210,0 milliard so‘m (19,8 mln. dollar) sotib olish narxi bilan – “METROPOL GROUP” MChJ savdo g‘olibi, deb topildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi savdo g‘oliblari bilan davlat aktivining sotilishi yuzasidan oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish ishlarini boshlaydi.
Shu bilan birga, “Poytaxt biznes majmuasi” MChJ mulkiy majmuasi, “Malika” savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi va “Qizil suv sport sog‘lomlashtirish” MChJni xususiylashtirish jarayonlari davom etayotganligi ma’lum qilinadi.
Savdo jarayonlarining hozirgi bosqichi natijalari bo‘yicha Davaktiv agentligi tomonidan barcha ishtirokchilarga rasmiy xabarnomalar yuboriladi.
Izoh qoldirish