Joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni o‘rganish, aniqlangan muammolarni hal etish maqsadida tezkor shtab va viloyatning 4 ta sektori kesimida ishchi guruhlar tashkil etildi. Har bir ishchi guruh tarkibiga Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimlari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Xalq qabulxonalarining mas’ul xodimlari, 15 ta respublika vazirlik va idoralari hamda viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari jalb etildi.
O‘rganishlar natijalari bo‘yicha viloyatda aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan qator muammolar aniqlandi. Jumladan, kommunal sohasi bilan bog‘liq masalalar, elektr va ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammolar, ichki yo‘llar, ijtimoiy soha ob’yektlari holati hamda aholi bandligi masalalari bo‘ldi.
Aniqlangan ushbu muammolarni tezkorlik bilan hal etish uchun guruh mas’ullari tomonidan qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida ilk kundayoq Yangi Namangan va Pop tumanlarida 59 ta yangi temir beton tayanchlar o‘rnatildi. Aholiga qo‘shimcha 349 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 2,7 km yangi tarmoq tortildi, 1 ta suv qudug‘i qazildi va 2 ta nasos uskunasi almashtirildi. Jumladan, Davlatobod tumani “Nurobod”, “Orzu”, “Gulshan”, Namangan tumani “Chorbog‘”, Kosonsoy tumani “O‘zbekiston” mahallalarida jami 2,7 km suv tarmoqlarini yotqizish va 1 ta suv qudug‘i qazish ishlari olib borildi.
Kredit va subsidiya ajratish, bandlik masalalari ham Respublika ishchi guruhi e’tibori markazida bo‘ldi. Xususan, tijorat banklari tomonidan 550 nafar fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlariga jami 18,3 mlrd. so‘m kredit ajratildi. Jumladan, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 66 nafar fuqaroga 1,8 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Jami 183 nafar fuqaroning bandligiga ko‘maklashildi. Shundan, 142 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 24 nafar fuqarolar kasb-hunarga o‘qishga jalb etildi, 17 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar daftari” ro‘yxatidagi 17 nafar fuqarolarga 21 mln. so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Shundan, 3 nafar fuqaroga 7,5 mln. so‘mlik kontrakt to‘lovi, 2 nafar fuqaroga mehnat qurollari olishga 3,95 mln. so‘mlik hamda davolanish harajatlari uchun 3 nafar fuqaroga 3,96 mln. so‘mlik ko‘mak berildi.
“Ayollar daftari” ro‘yxatidagi 191 nafar xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatildi. Shundan, 186 nafar xotin-qizlarni bandligi ta’minlandi, 5 nafar xotin-qizlarga imtiyozli kredit chiqarishda amaliy yordam berildi.
Aholi sog‘lig‘i himoyasini ta’minlash ham pirovard yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Viloyatda o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar natijasida, 180 nafar fuqarolar qamrab olindi, 86 nafar fuqaroda turli kasalliklar aniqlangan bo‘lib, 4 nafari viloyat miqiyosidagi shifoxonalarga yotqizildi. Oilaviy poliklinikalarda 24 nafar bemorlarga bepul dori-darmon tarqatildi. 5 nafar ehtiyojmand fuqarolarga reabilitatsiya vositalari yetkazib berildi.
Ishlar davom etmoqda.
Izoh qoldirish