Investitsiya va generatsiya quvvatlarining o‘sishi energetika tizimini yangi bosqichga olib chiqdi
So‘nggi o‘n yilda yoqilg‘i-energetika sohasida amalga oshirilgan islohotlar, avvalo, tarmoqning investitsiya va ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishga qaratildi. Qonunchilik bazasining yangilanishi, xususiy sektor va xorijiy investorlar uchun bozorga kirish imkoniyatlarining ochilishi energetikada davlatning bevosita operatorlik rolidan investitsiyalarni jalb qiluvchi va tartibga soluvchi modelga o‘tishini tezlashtirdi.
Investorlarga huquqiy kafolatlar berilishi va yirik loyihalarni alohida qo‘llab-quvvatlash natijasida sohaga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi. Hududlarda umumiy quvvati 9,5 gigavatt bo‘lgan yangi elektr stansiyalari ishga tushirildi. Natijada mamlakatda elektr energiyasi generatsiyasi bo‘yicha ichki ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradigan ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.
Investitsiya siyosatining ikkinchi yo‘nalishi mavjud infratuzilmani yangilashdan iborat bo‘ldi. Elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar hamda gaz taqsimlash qurilmalarini modernizatsiya qilish uchun so‘nggi yillarda 30 trillion so‘m ajratildi. Mazkur mablag‘ avvalgi 25 yilda energetika infratuzilmasiga yo‘naltirilgan resurslardan 6 karra ko‘p. Bu tarmoqni moliyalashtirish masalasi strategik darajada hal etilganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda taqdim etilgan tahlil investitsiyalar va yangi generatsiya quvvatlarining o‘zi aholi va biznesni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun yetarli emasligini ko‘rsatdi. Yangi quvvatlar ishga tushirilgan bo‘lsa-da, energiyani ishlab chiqarishdan yakuniy iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan zanjirda boshqaruv, hisob, texnik xizmat ko‘rsatish va talabni prognoz qilish tizimi zarur darajada o‘zgarmagan.
Shu nuqtai nazardan, energetikadagi islohotlarning birinchi bosqichi generatsiya quvvatlarini kengaytirish va investitsiya tanqisligini bartaraf etishga xizmat qildi. Navbatdagi bosqichning ustuvor masalasi esa mavjud aktivlardan samarali foydalanish, tarmoqlarning ishonchliligini oshirish va iste’molchilarga yetkazib berish sifatini yaxshilashdan iborat.
Tarmoqqa katta miqdorda sarmoya kiritilgani va generatsiya bo‘yicha yetarli quvvatlar yaratilgani energetikadagi asosiy cheklov moliyaviy resurslar emasligini ko‘rsatmoqda. Asosiy muammo boshqaruv sifati, ijro intizomi, mahalliy darajadagi rejalashtirish va mas’uliyat tizimining investitsiya sur’atlariga mos ravishda rivojlanmaganida namoyon bo‘lmoqda.
Asosiy kamchiliklar boshqaruv, hisob va infratuzilmani rejalashtirishda jamlangan
Tarmoqlarning o‘sib borayotgan talabga moslashmagani
Hududlarda elektr va gaz tarmoqlarining texnik holati o‘xshash bo‘lsa-da, avariyalar soni va ta’minot sifati keskin farq qilmoqda. Bu farq infratuzilmaning o‘zi bilan emas, mahalliy rahbarlarning nazorat, rejalashtirish va ijro intizomi bilan bog‘liq.
Faqat iyun–iyul oylarida elektr tarmoqlarida 4 mingga yaqin avariya sodir bo‘lgan. Ayrim holatlarda aholi va tadbirkorlar 8–10 soatgacha elektr energiyasisiz qolgan. Har yili yoz va qish mavsumida o‘nlab podstansiyalarda avariyalar yuz berishi va yuzlab transformatorlarning ishdan chiqishi mavsumiy yuklamaga tayyorgarlik hali ham reaktiv tarzda tashkil etilayotganini ko‘rsatadi.
So‘nggi 5 yilda Shirin shahri, Yangihayot, Yakkasaroy va Ohangaron tumanlarida elektr iste’moli 2 karradan ziyod oshgan. Biroq tarmoqlarning bunday yuklamani ko‘tarish imkoniyati oldindan baholanmagan. Yangi uy-joylar, ishlab chiqarish ob’yektlari va xizmat ko‘rsatish quvvatlari ishga tushirilayotganda ularning energiyaga bo‘lgan ehtiyoji hududiy infratuzilma rejalari bilan muvofiqlashtirilmagan.
Natijada iqtisodiy o‘sish va urbanizatsiya sur’atlari bilan elektr va gaz taqsimlash infratuzilmasini rivojlantirish o‘rtasida tafovut paydo bo‘lgan. Energiya iste’moli balansi tuzilmagani sababli mablag‘lar talab eng yuqori bo‘lgan nuqtalarga emas, joriy muammolarni vaqtincha bartaraf etishga sarflangan.
Elektr uzilishlarining tadbirkorlik sub’yektlari, ishlab chiqarish hajmi va hududiy iqtisodiyotga yetkazgan zarari ham tizimli hisoblab borilmagan. Shu sababli avariyalarning iqtisodiy qiymati rahbarlar faoliyatini baholash mezoniga aylanmagan.
Elektr energiyasi yo‘qotishlari yuqori darajada saqlanib qolmoqda
Respublika bo‘yicha elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 17,2%ni tashkil etmoqda. O‘tgan 6 oyda 4,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi yo‘qotilgan. Bu hajm yirik hududlarni uzoq vaqt elektr bilan ta’minlash imkonini beradigan resursga teng.
Andijon shahri, Asaka, Yangiobod, Koson, Ko‘kdala, Boysun, Oltinsoy, Qo‘shtepa, Toshloq, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlarida yo‘qotishlar 25%dan yuqori. Hududlar o‘rtasidagi katta farq texnik yo‘qotishlardan tashqari, noqonuniy ulanishlar, hisoblagichlar ishidagi uzilishlar va nazoratning yetarli emasligini ham ko‘rsatadi.
ASKUE va ASKUG tizimlari joriy etilganiga 4 yildan oshgan bo‘lsa-da, aholi xonadonlaridagi 300 mingta gaz hisoblagich va 234 mingta elektr hisoblagich tarmoqqa ma’lumot uzatmayapti. Raqamli hisob tizimi to‘liq ishlamagani tufayli iste’mol, to‘lov va qarzdorlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rtasida tafovut saqlanib qolmoqda.
Natijada ayrim hududlarda debitor qarzdorlik kamayish o‘rniga o‘smoqda. Demak, hisoblagichlarni o‘rnatishning o‘zi raqamlashtirish hisoblanmaydi. Qurilmaning yagona axborot tizimiga ulanishi, ma’lumotlarning doimiy qabul qilinishi va shubhali iste’mol holatlarining avtomatik tahlili ta’minlanishi lozim.
Energiya samaradorligi kompleks yondashuvga aylanmagan
Ko‘plab rahbarlar energiya samaradorligini asosan quyosh panellarini o‘rnatish bilan bog‘lamoqda. Biroq binolarning issiqlik yo‘qotishi, izolyasiyasi, isitish va sovitish tizimlari samaradorligi tahlil qilinmasa, muqobil energiya manbalarini o‘rnatishga sarflangan mablag‘ning ta’siri cheklangan bo‘ladi.
Shu bois energiya samaradorligi generatsiya manbasini almashtirish emas, balki bino, uskuna va ishlab chiqarish jarayonlarining umumiy energiya sarfini kamaytirish sifatida ko‘rilishi zarur. Aks holda yangi quvvatlar ishga tushirilsa ham, samarasiz iste’mol o‘sishi tarmoqqa qo‘shimcha bosimni saqlab qoladi.
Investitsiya loyihalarini tanlashda texnik va iqtisodiy ekspertiza yetarli emas
Surxondaryoda bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishi uchun joy noto‘g‘ri tanlangani sababli gazni stansiyaga yetkazib berish uchun qo‘shimcha 300 million dollar sarflash zarurati paydo bo‘lgan.
Tashabbuskor bilan tuzilgan shartnoma shartlarining yetarlicha o‘rganilmagani qo‘shimcha moliyaviy majburiyatlar xavfini oshirgan. Mazkur holat yirik energetika loyihalarini baholashda faqat investitsiya hajmi yoki generatsiya quvvati emas, balki yoqilg‘i logistikasi, tarmoqqa ulanish xarajatlari, uzoq muddatli tarif majburiyatlari va davlatning shartli majburiyatlari ham hisobga olinishi lozimligini ko‘rsatadi.
Yangiyul tumani misolida tizimli muammolarning mahalliy ko‘rinishi
Yangiyo‘l tumanida 1 ming 400 kilometr elektr tarmog‘i va 422 ta transformator mavjud. So‘nggi 5 yilda aholining elektr energiyasi iste’moli 68 million kilovatt-soatdan 102 million kilovatt-soatga, ya’ni 1,5 karra oshgan.
Shu davrda faqat 60 ta transformator va 240 kilometr tarmoq yangilangan. Infratuzilma o‘sishi iste’mol dinamikasidan ortda qolgani natijasida yil boshidan elektr energiyasi yo‘qotishlari 30 million kilovatt-soatga yetgan va tarmoqlarda 37 ta avariya sodir bo‘lgan.
To‘lov intizomi yetarli ta’minlanmagani sababli debitor qarzdorlik 43 milliard so‘mga yetgan. Shundan 9,4 milliard so‘mi real iste’mol yoki amaldagi majburiyat bilan tasdiqlanmagan noreal qarzdorlik hisoblanadi.
Tumandagi 829 ta iste’molchi hisoblagichi ASKUE tizimiga mos kelmaydi, yana 2 mingta hisoblagich ma’lumot yubormaydi. Soliq organlariga «nol» hisobot taqdim etgan 48 ta korxona esa 6 oyda 871 ming kilovatt-soat elektr energiyasi ishlatgan.
Gaz ta’minotida ham 5 mingdan ortiq hisoblagich ma’lumot uzatmayotgani sababli qarzdorlik 188 milliard so‘mga yetgan. Ushbu raqamlar energiya hisobi, soliq hisoboti va korxonalar faoliyati haqidagi ma’lumotlar o‘rtasida avtomatik solishtirish mexanizmi ishlamayotganini ko‘rsatadi.
Mehnat resurslarini boshqarish samaradorligi past
«Hududiy elektr tarmoqlari» tizimida 25 ming nafar, «Hududgaz» tizimida 16 ming nafar xodim ishlaydi. Biroq xodimlarning kunlik vazifalari, harakat yo‘nalishlari va bajargan ishlari raqamli nazorat qilinmaydi.
Natijada mehnat unumdorligi boshqa davlatlarga nisbatan 1,5–2 barobar past, avariyalarni bartaraf etish muddati esa 3–4 barobar uzoq. Demak, xodimlar sonining ko‘pligi xizmat sifati yuqori bo‘lishini kafolatlamayapti. Muammo ish jarayonlarining standartlashmagani, resurslarni avtomatik taqsimlash va natijaga asoslangan baholash tizimi mavjud emasligi bilan bog‘liq.
Suyultirilgan gaz ta’minotida ishlab chiqarish va yetkazib berish o‘rtasida uzilish mavjud
Hozir 3 million 700 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanmoqda. Tizim raqamlashtirilgan bo‘lsa-da, gazni o‘z vaqtida yetkazib berish masalasi to‘liq hal etilmagan.
Andijon viloyatida 6 oyda rejalashtirilgan 48 ming tonna o‘rniga 41 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. 318 ta mahallada ta’minot tasdiqlangan grafikdan ortda qolmoqda. Shu bilan bir vaqtda yil boshidan xususiy sektor tomonidan 157 ming tonna suyultirilgan gaz import qilingan.
Bu holat mamlakatda qo‘shimcha gaz resursi mavjud bo‘lsa-da, uni aholiga yetkazib berish zanjiri yetarli darajada ochiq va raqobatli emasligini ko‘rsatadi.
Gazning barcha xonadonlarga bir xil 20 kilogrammli ballonlarda yetkazilishi ham iste’molchilar ehtiyojini hisobga olmaydi. Ayrim xonadonlarning bir oylik ehtiyoji 5–6 kilogramm bo‘lsa, boshqa iste’molchilarga 30–40 kilogrammli ballonlar zarur. Yagona standart logistika xarajatlarini oshirishi va resurslarning samarasiz taqsimlanishiga olib kelishi mumkin.
Kadrlar tayyorlash tizimi texnologik o‘zgarishlardan ortda qolmoqda
Hozir 25 ta texnika oliygohi yoqilg‘i-energetika yo‘nalishlarida yiliga 5,5 ming nafar mutaxassis tayyorlamoqda. Biroq ta’lim amaliyot bilan yetarli bog‘lanmagani sababli bitiruvchilarning ish jarayoniga to‘liq moslashishi uchun 2–3 yil talab etilmoqda.
Bu oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv dasturlari, laboratoriya bazasi va korxonalarda qo‘llanilayotgan texnologiyalar o‘rtasida farq mavjudligini ko‘rsatadi. Yaqin 2–3 yilda quyosh va shamol generatorlari, elektr quvvatlash uskunalari va boshqa yangi yo‘nalishlarda minglab mutaxassislarga ehtiyoj paydo bo‘lishi kadrlar tayyorlash tizimini tezkor qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi.
Yangi vazifalar boshqaruvni hududiy balans, raqamli nazorat va natija uchun shaxsiy javobgarlik asosida qayta qurishga qaratilgan
Rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish
Tizimdagi kamchiliklar uchun energetika vaziri va «Hududiy elektr tarmoqlari» rahbari lavozimidan ozod etildi. «Milliy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari», «Transgaz» va «Hududgaz» rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati belgilandi.
Yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayev, «Hududiy elektr tarmoqlari» rahbari Sardor Isaqulov va Energiya inspeksiyasi boshlig‘i Ahad Isoqjonov oldiga yangi ish usulini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Mazkur qaror energetika korxonalarini baholashda sarflangan mablag‘lar yoki bajarilgan qurilish ishlaridan ko‘ra, avariyalar soni, uzilishlar davomiyligi, yo‘qotishlar, qarzdorlik va iste’molchilar qoniqishi asosiy natija sifatida qabul qilinishini anglatadi.
Hokimlarning ham energetika infratuzilmasidan chetda turuvchi kuzatuvchi emas, hududdagi energiya iste’moli va tarmoqlarni rivojlantirish uchun javobgar rahbar sifatidagi roli kuchaytiriladi.
Yangiyo‘lda hududiy energiya boshqaruvining namunaviy modeli joriy etiladi
Yangiyo‘l tumanida aholi va tadbirkorlarni elektr hamda gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha maxsus shtab tashkil etiladi. Shtabga energetika vaziri Sherzod Xodjayev rahbarlik qiladi, tuman hokimi San’at Jumaniyozov uning o‘rinbosari bo‘ladi.
Mas’ullar 2 haftada tumandagi 51 ta mahalla kesimida aholi va tadbirkorlarning oylik, choraklik va yillik energiya talabi bo‘yicha tahlil o‘tkazadi. Ushbu ma’lumotlar asosida tumanning yagona energiya iste’moli balansi ishlab chiqiladi.
Balans har bir mahalladagi real talabni mavjud transformator, elektr tarmog‘i va gaz taqsimlash qurilmalari quvvati bilan taqqoslash imkonini beradi. Shu orqali qaysi mahallada transformatorni almashtirish, qayerda yangi tarmoq qurish yoki gaz taqsimlash qurilmasini yangilash zarurligi aniq belgilanadi.
ASKUE va ASKUG tizimiga mos kelmaydigan hisoblagichlar almashtiriladi, ma’lumot yubormaydigan qurilmalarning uzluksiz aloqasi ta’minlanadi. Bu iste’mol, hisob-kitob va to‘lov ma’lumotlarini yagona raqamli zanjirga birlashtiradi.
Elektr va gaz yo‘qotishlarini 2 karra kamaytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi. Moliyalashtirishda tizim korxonalarining mablag‘lari va mahalliy byudjetning qo‘shimcha daromadlari ulushi oldindan belgilanadi. Bu mablag‘ manbalarining noaniqligi sabab loyihalar kechikishining oldini oladi.
Yirik energiya iste’mol qiluvchi korxonalar energiya auditidan o‘tkaziladi. Energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish uchun banklar tomonidan moliyaviy resurslar ajratiladi. Shu tariqa nazorat choralari korxonalarga texnologik modernizatsiya uchun moliyaviy imkoniyat berish bilan birga amalga oshiriladi.
Barcha bog‘cha, maktab, texnikum, shifoxona va poliklinikalarning energiya sarfi tahlil qilinib, ular iste’mol darajasi bo‘yicha toifalarga ajratiladi. Ko‘p qavatli uylarning isitish tizimlari diagnostikadan o‘tkaziladi.
Qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha ko‘chama-ko‘cha ishlash tizimi joriy etiladi. Barcha chora-tadbirlar 1 oktyabrga qadar yakunlanib, Yangiyo‘l elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantirilishi belgilandi.
Yangiyo‘l modeli barcha tuman va shaharlarga tatbiq etiladi
Yangiyo‘lda sinovdan o‘tkaziladigan boshqaruv modeli respublikadagi barcha tuman va shaharlarga joriy etiladi. Energetika tizimi rahbarlari har bir viloyatdagi eng og‘ir bittadan tumanga shaxsan biriktiriladi.
Ular hokimlar bilan birgalikda yil yakuniga qadar biriktirilgan hududda energiya iste’moli balansi, infratuzilmani rivojlantirish dasturi va yo‘qotishlarni kamaytirish rejasini ishlab chiqadi.
Islohotlar shtabi, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, tarmoq korxonalari va banklar rahbarlari hududlarga chiqib, aholi va tadbirkorlarning elektr va gaz bilan bog‘liq muammolarini joyida o‘rganadi.
Har bir hudud uchun yil yakunigacha va kelgusi yilda bajariladigan ishlar, ularning muddatlari va moliyalashtirish manbalari belgilanadi. Bunday yondashuv markaziy qarorlarni umumiy topshiriq sifatida emas, aniq hudud, ob’yekt, muddat va mas’ul bilan bog‘langan amaliy dasturga aylantiradi.
Raqamlashtirish va sun’iy intellekt asosida yagona boshqaruv markazi yaratiladi
Energetika vazirligi tarkibida Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish markazi tashkil etiladi.
Markaz elektr energiyasini ishlab chiqarish – uzatish – taqsimlash – yetkazib berish zanjirini, shuningdek, ko‘mir, suyultirilgan gaz va mazut ta’minotini stress-auditdan o‘tkazadi. Tahlil asosida sohani rivojlantirishning bir nechta ssenariysi tayyorlanadi.
Ssenariyli rejalashtirish iste’molning o‘sishi, haroratning keskin o‘zgarishi, yoqilg‘i ta’minotidagi uzilishlar va yirik quvvatlarning vaqtincha ishdan chiqishi kabi xavflarni oldindan baholash imkonini beradi.
Har bir xodimning kunlik ishini raqamli algoritm orqali boshqarish tizimi yaratiladi. Bu avariya brigadalarini avtomatik taqsimlash, bajarilgan ish hajmini tekshirish va texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlarini kuzatish imkonini beradi.
ASKUE va ASKUG ma’lumotlari sun’iy intellekt orqali tahlil qilinib, iste’moldagi shubhali o‘zgarishlarni avtomatik aniqlaydigan platforma ishga tushiriladi. Tizim hisoblagichlarning ishdan chiqishi, noqonuniy ulanishlar va hisobotlardagi tafovutlarni tezkor aniqlashga xizmat qiladi.
Energetika tizimidagi 106 ming nafar xodim uchun 10 ta asosiy KPI belgilanadi. Avariyaviy va rejali o‘chirishlar, energiya yo‘qotishlari, debitor qarzdorlik, rezerv quvvatlar va ta’mirlash dasturlarining bajarilishi asosiy baholash mezonlari bo‘ladi.
Natijada xodimlar faoliyati bajarilgan vazifalar soni bilan emas, ta’minot barqarorligi va iqtisodiy samaradorlikka qo‘shgan hissasi bilan baholanadi.
Gaz yetib bormagan mahallalar uchun elektrlashtirish dasturi ishlab chiqiladi
Tabiiy gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan 1 ming 916 ta mahalla mavjud. Mas’ullarga 3 oyda ushbu mahallalarda isitish tizimini elektr energiyasiga o‘tkazish uchun talab etiladigan infratuzilma va qo‘shimcha elektr hajmini hisoblash topshirildi.
Birinchi navbatda moliyalashtirish talab etiladigan mahallalar bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi.
Bu yondashuv tabiiy gaz tarmog‘ini barcha hududlarga mexanik ravishda kengaytirish o‘rniga, har bir hudud uchun iqtisodiy va texnik jihatdan maqbul energiya manbasini tanlash imkonini beradi. Biroq elektrlashtirish dasturi yangi transformatorlar, tarmoqlar va generatsiya rezervlari bilan bir vaqtda amalga oshirilmasa, mavjud elektr tizimidagi yuklamani yanada oshirishi mumkin. Shu bois infratuzilma ehtiyojini oldindan hisoblash vazifaning asosiy mexanizmi hisoblanadi.
Suyultirilgan gaz ta’minotida xususiy sektor ishtirok etadi
Suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha tajriba Andijon viloyatida boshlanadi.
Tadbirkorlarga o‘zi import qilgan yoki birja orqali xarid qilgan suyultirilgan gazni aholi va biznes sub’yektlariga yetkazib berish huquqi beriladi. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga suyultirilgan gaz xaridi uchun subsidiya ajratiladi.
Mazkur mexanizm raqobatni kengaytirish bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun gaz narxining oshishi xavfini subsidiya orqali yumshatishni nazarda tutadi.
Yil yakuniga qadar «Andijon tajribasi» yaratiladi. Suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini rejalashtirilgan 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Suyultirilgan gazni tashish, saqlash va tarqatish tizimi 1 oyda xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqiladi. Turli hajmdagi ballonlardan foydalanish iste’molchilar ehtiyojiga moslashtirilib, logistika xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
Kadrlar tayyorlash ishlab chiqarish bilan integratsiya qilinadi
Oliy ta’lim muassasalaridagi yoqilg‘i-energetika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlarini 1 oyda to‘liq yangilash vazifasi qo‘yildi. 1 sentyabrga qadar laboratoriya va o‘quv poligonlarini yangi texnologik talablarga moslashtirish ishlari boshlanadi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab 3-kurs talabalarining yarmi, 4-kurs talabalarining barchasi dual ta’lim bilan qamrab olinadi. Talabalar o‘qish davrida korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etishi bitiruvchilarning mehnat bozoriga moslashish muddatini 2–3 yildan keskin qisqartirishga xizmat qiladi.
Saudiya Arabistonining ACWA kompaniyasi Shirin energetika texnikumini jihozlab, yiliga 220 nafar yoshni yangi kasblarga tayyorlamoqda. Yangi o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiydagi bittadan texnikumda mazkur tajriba joriy etiladi.
Bu mexanizm investorlarni faqat generatsiya ob’yektlarini qurishga emas, mahalliy kadrlar tayyorlash va texnologik kompetensiyalarni rivojlantirishga ham jalb qiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish