YeOIIga a’zo bo‘lishning o‘ziga xos jihatlari

YeOIIga a’zo bo‘lishning o‘ziga xos jihatlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab o‘tganidek, “Izlanishdamiz, niyatimiz shundaki, iloji boricha... Mana, biz katta-katta integratsiyalarga qo‘shilmoqchimiz. Hamma har xil aytyapti: mustaqillikni berib qo‘yamiz... Hech kim hech qachon mustaqillikni, o‘zbek millati, kim bo‘lishidan qat’i nazar endi bermaydi”. Shu nuqtai nazardan aytish lozimki, mazkur Ittifoqga a’zo bo‘lish O‘zbekistonning suverenitetiga ta’sir ko‘rsatmaydi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, shaxsan o‘zi YeOIIga a’zolikni yoqlaydi.

«O‘zbekiston iqtisodiyoti, sanoati, qishloq xo‘jaligi o‘sib bormoqda. Eksport ko‘paymoqda. Bizga bozor kerak, o‘ziga xos maydon kerak. Bu joy qayerda? Qozog‘istonda, Rossiyada, Qirg‘izistonda, u ham YeOII a’zosi. Shuning uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytaman - ishtirok etish tarafdoriman. Faqat iqtisodiy manfaatlardan kelib chiqqan holda... Yana bir muhim omil - demografiya. Aholi o‘sib bormoqda, har yili 700 ming kishiga ko‘paymoqda. Tabiiyki, biz mutanosib ravishda 700 ming kishini ish bilan ta’minlay olmaymiz. Bu nimaga olib keladi? Migratsiyaga. Xalqimiz qayerga ketmoqda? Rossiyaga, Qozog‘istonga. Bu omil, shuningdek, O‘zbekistonning YeOII bilan yaqin aloqalarni saqlashini ham belgilaydi. U yerda a’zo davlatlar, migrantlar uchun boshqacha sharoitlar mavjud. Shuning uchun, menimcha, ushbu shartlardan kelib chiqqan holda qaror qabul qilishimiz kerak», - deya ta’kidlab o‘tdi u.

O‘zbekistoning YeOIIga a’zo bo‘lib kirishida ba’zi xatarlar ham mavjud bo‘lishi mumkin.

Qayd etib o‘tganimizdek, Ittifoqning jahon iqtisodiyotidagi ulushi 3 foizdan ortiq bo‘lib, bu taxminan Germaniya iqtisodiyotiga teng ekanligini anglatadi. Shunday bo‘lsada, jahon eksportyorlari ichida Xitoy va AQShdan keyingi uchinchi mamlakat hisoblanib, Germaniya dunyo eksportida 9 foizni amalga oshirishi bilan ajralib turadi. Qayd etish lozim, mazkur davlatning asosiy savdo hamkorlari Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bo‘lib, Germaniya eksportining salkam 70 foizini tashkil qiladi. Bu shundan dalolat beradiki, har qanday mamlakat o‘z atrofida joylashgan va masofaviy jihatdan yaqin bo‘lgan iqtisodiyotlar bilan savdo munosabatlarini yo‘lga qo‘yishi manfaatlidir. Mazkur qoida dunyo iqtisodchi olimlari tomonidan “mamlakat YaIMda tashqi savdoning ulushi uning savdo hamkorlari bilan o‘rtadagi masofalarga teskari propotsional ekanligi” asoslab berilganligi bilan izohlanadi.

Zotan, Ittifoqning jami YaIM Germaniya davlatiniki bilan teng bo‘lsa-da, YeOIIning jahon savdosidagi ulushi katta emasligi, ya’ni eksporti 2,8 foiz va import 1,9 foizni tashkil etishi a’zo mamlakatlarning milliy iqtisodiyotlari import o‘rnini bosuvchi iqtisodiyot tarzida shakllanganligi bilan izohlash mumkin. Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning YeOII mamlakatlarida o‘z mahsulotlari bilan kirib borishida 185 mln.ga yaqin iste’molchi mavjud bozorlarga notarif to‘siqlarsiz kirish imkoni yaratiladi.

Bizningcha, O‘zbekistoning YeOIIga a’zo sifatida kirib borishi quyidagi afzalliklarni keltirib chiqaradi.

O‘zbekiston eksportida yengil sanoat va to‘qimachilik mahsulotlarining tabiiy resurslar va rangli metallardan keyin uchinchi tashqi savdo yo‘nalishi hisoblanadi. Shu boisdan, mazkur YeOII a’zo mamlakatlarda ushbu tarmoqda yetakchining aniq emasligi O‘zbekistonga bu boradagi nisbiy ustunlikni taqdim etadi. Bu esa, mazkur yo‘nalishni yanada raqobatbardosh qilish zaruratini keltirib chiqaradi. Boshqa jihatdan, YeOII Turkiya bilan erkin savdo kelishuvi mavjud emasligi va istiqbolda shartnoma nazarda tutilmaganligi mamlakatimizning bozordagi o‘rniga ijobiy ta’sir etadi. Lekin, 2015 yildan boshlab Xitoy va YeOII o‘rtasida erkin savdo kelishuvi mavjudligi inobatga olinsa, O‘zbekistonda yengil sanoat sohasida qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarga yetib borishga bo‘lgan zaruratni keskinlashtiradi.

O‘zbekiston importining 1/3 qismini mashinalar, uskunalar va mexanizmlar tashkil etishini inobatga olsak, YeOII mamlakatlaridan qilinayotgan import mahsulotlar hajmi yuqori emasligi ma’lum bo‘ladi. Importning asosiy qismini tashkil etuvchi ushbu yo‘nalishdagi asosiy hamkor – bu Xitoy ekanligi inobatga olinsa, mazkur tovarlarning narxi tushishi va natijada import xarajatlarining kamayishiga erishilishi mumkin.

O‘zbekistonliklarga qulay viza rejimini taqdim etilishi nafaqat Ittifoq mamlakatlariga mehnat qilish uchun, balki yashash uchun ham joylashishlariga yengilliklarni vujudga keltiradi. Bu esa, nisbatan zich demografik joylashuvga ega bo‘lgan O‘zbekistonga aholi sonini Ittifoq davlatlariga samarali taqsimlash imkonini qo‘lga kiritadi. Shuningdek, o‘zbekistonliklar boshqa mamlakat fuqarolari bilan teng sharoit va huquqlar bilan mehnat qilishning to‘laqonli a’zosiga aylanadi. Bu birinchidan, fuqarolarimizda mehnat qilish malakasi va tajribasi oshishiga imkoniyat yaratadi. Ikkinchidan, to‘lov balansining joriy transfertlar balansining barqarorlashuviga olib keladi. Uchinchidan, o‘zbekistonliklar o‘z oilasini birgalikda olib ketishi uchun sharoit yuzaga kelishi natijasida turli ijtimoiy kelishmovchiliklarning yuzaga kelishi kamayadi.

Ta’kidlash lozim, savdo aylanmasining diversifikatsiyalanganlik darajasi mamlakatning geosiyosiy jihatdan bir mamlakatga bog‘lanib qolmasligini oldini olishga va o‘z pozitsiyasini mustahkamlashga yordam beradi. Hozirgi kunda O‘zbekiston 170 dan ortiq mamlakatlar bilan o‘zaro tashqi savdo munosabatlarini amalga oshiradi. Shu nuqtai nazardan aytganda, O‘zbekistonni na Ittifoq doirasida, na jahon iqtisodiyotida faqatgina bir mamlakat bilan savdo qilmasligini anglatadi.

Masalan, hozirgi kunda O‘zbekistoning yirik savdo hamkorlari Xitoy (18,7 foiz), Rossiya (14,9 foiz), Qozog‘iston (8,3 foiz) va Janubiy Koreya (6,6 foiz) bilan savdo aloqalarida bir davlatning to‘liq ustunlikka ega bo‘lmayoganligi ijobiy holat. Shu bilan birga, YeOII a’zo mamlakat Qirg‘iziston bilan savdo aylanmasi yirik ulushga ega bo‘lmasada, o‘zaro savdo munosabatlarida O‘zbekistonning savdo balansi ijobiy qoldiqqa ega. Demak, Qirg‘izistonning ulushi kichik bo‘lsada, u bilan savdoga kirishish salbiy deb baholash maqsadga muvofiq emas. Aksincha, Qirg‘iziston bojxona hududida O‘zbekiston tovarlari narxlarini kamaytirish orqali raqobatbardoshligini oshirish dolzarb masala hisoblanadi. Bu esa, bojxona kelishuvlarini talab etadi.

Shu boisdan, Ittifoqqa a’zo bo‘lishda huquqlar va majburiyatlar muvozanatiga erishish mamlakatning savdo munosabatlarining diversifikatsiya darajasini inobatga olmaslik o‘ta tor doiradagi xulosani anglatadi. Bizningcha, O‘zbekiston uchun xalqaro iqtisodiy munosabatlarni, ayniqsa, savdo munosabatlarini rivojlantirishda quyidagi jihatlarni inobatga olish maqsadga muvofiq:

tashqi savdo aylanmasini ham geografik jihatdan, ham tovarlar jihatidan diversifikatsiya qilish;

savdo aylanmasida ma’lum bir davlatning pozitsiyasiga suyanib qolmaslik;

Ittifoq doirasida yoki savdo hamkorlari bilan tarif va notarif to‘siqlarni muvozanatlashtirishga erishish.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatlarning o‘zaro savdo aylanmasida biror davlatning mutloq ustunlikka ega bo‘lishi bilan emas, balki tashqi savdoning diversifikatsiyalashganligi va raqobat ustunligiga ega bo‘lishini ta’minlash dolzarb hisoblanadi.

Dilshodjon Raxmonov
iqtisodiyot fanlari doktori

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar