Joriy yilning 14 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining rahbariyati Yevropa va Osiyo mamlakatlarining tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakillar (Biznes-ombudsmanlari)ning Xalqaro forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda ITSV.
Bevosita va onlayn shaklda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston, Rossiya, Koreya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Polsha va Ukraina biznes-ombudsmanlari, YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonalari, IHRT, YeTTB, GIZ (Germaniya), Yevropa Kengashi, BMT, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro ekspertlar va jamoat arboblari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xususiy sektor va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Forum Yevropa va Osiyo biznes-ombudsmanlari o‘rtasida mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yaxshilash, tadbirkorlik sub’yektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, biznesga bosimni kamaytirish, huquqiy to‘siqlarni bartaraf etish, shuningdek, pandemiya va koviddan keyingi davrlarda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tajriba va shakllangan amaliyot bilan almashishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston mintaqada eng tez o‘sib borayotgan iqtisodiyotga ega bo‘lib, uning yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2021 yil yakunlariga ko‘ra 6,3 foizni, 2022 yilda esa 6,1 foizni tashkil etadi. Moody's xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonga birinchi marta ijobiy reyting bahosini berdi.
Bundan tashqari, shu yilda O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining Preferensiyalar Bosh tizimi (GSP+)ning va Buyuk Britaniyaning Preferensiyalar Bosh tizimining Kengaytirilgan sxemasi (GSP EF) benefitsiar mamlakati maqomiga ega bo‘ldi. Shuningdek, mamlakatimiz tarixida birinchi marta O‘zbekiston BMT inson huquqlari Kengashi a’zosi etib saylandi hamda ochiq ma’lumotlar global indeksida 44-o‘rinni egallab, 125 pog‘onaga ko‘tarildi.
Jamiyatni yanada demokratlashtirish va erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirishga qaratilgan ortga qaytmas islohotlarning davom etishga qat’iy sodiqlik bildirildi. Shuningdek, biznesni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish va yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilishda bevosita qatnashish orqali hukumatning investorlar, tadbirkorlar va eksportyorlarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligi qayd etildi.
Forum doirasida bir qator alohida mavzularda sessiyalar bo‘lib o‘tdi, unda biznesni himoya qilishning xorijiy amaliyotlari va koviddan keyingi davrda tadbirkorlarni amaliy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xalqaro hamkorlik sohalarida munosabatlarning asosiy tamoyillari belgilab berilgan Yevropa va Osiyo tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish vakillari Forumining Toshkent Deklaratsiyasi imzolandi. Deklaratsiyaga ko‘ra, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakillarining Maslahat qo‘mitasi ham tashkil etiladi va u Yevropa va Osiyodagi biznes-ombudsmanlari hamkorligi uchun samarali doimiy platforma bo‘lishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish