Toshkent shahrida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Jahon banki, BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi Bolalar jamg‘armasi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan "O‘zbekistonning kambag‘allikka qarshi kurashdagi yutuqlari: tahlil va xulosalar" mavzusidagi xalqaro davra suhbati o‘z ishini yakunladi.
Muhokama forumida xalqaro tashkilotlar, BMT agentliklari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xorijiy tadqiqot markazlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston kambag‘allik va tengsizlikka qarshi kurashda o‘zining transformatsion dasturini ilgari surishda muvaffaqiyatga erishdi. 2021 yildan boshlab mamlakatda kambag‘allik darajasi 17%dan 11%gacha kamaydi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi uch yil davomida aholi daromadlari tarkibida ish haqining pasayishi va kichik biznesning o‘sishi kuzatildi. Shunday qilib, 2021 yilda aholi daromadlarida ish haqining ulushi 70,2%ni, kichik biznes esa 0,7%ni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich mos ravishad 62,7% va 2,9%ni tashkil etdi.
Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati, AQSh Milliy Fanlar Akademiyasi a’zosi Abhijit Banerji, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Anas Fayad Qarman, YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Joffri Ijumba davra suhbati ishtirokchilariga o‘z samimiy tilaklarini bildirishdi.
Professor Banerji davra suhbati ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida ishtirokchilarni qutlab, kambag‘allikni kamaytirish masalalarini chuqurroq o‘rganishga va dunyoni o‘zgartiradigan siyosatni ishlab chiqishga chaqirdi.
"Sizlarni Toshkentda kambag‘allikni kamaytirish va unga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ushbu davra suhbatida ko‘rib turganimdan mamnunman. Bu zamonamizning eng katta muammolaridan biridir. O‘zbekiston bunday forumlarda ko‘plab ekspertlar muhokamasi muhimligini tushunganidan va O‘zbekistonda kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha keyingi ishlarni davom ettirish uchun ekspertlar hamjamiyatining fikrlari, pozitsiyalari, yangiliklari, muammolari va harakat rejalarini keng yoritib berish orqali kambag‘allik muammosiga e’tibor qaratilayotganidan xursandman", - dedi Abxijit Banerji.
Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha J-PAL global tashabbusi hammuassisi ishtirokchilarga muvaffaqiyatli muhokama tilab, “bu jarayonning (kambag‘allikka qarshi kurash) bir qismi ekanligidan juda g‘ururlanishini”, ta’kidladi va u forumda “shaxsan ishtirok eta olmayotganidan”, afsusda ekanligini bildirdi.
Obid Hakimov o‘z murojaatida kambag‘allikka qarshi kurashning 6 ta asosiy yo‘nalishini belgilab berdi – xususiy sektor va tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, ta’lim sifati va foydalanish imkoniyatlarini oshirish, sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlash.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori O‘zbekiston kambag‘allikni kamaytirishga qaratilganini va har bir yangi islohot xalqning xohish-irodasi va istaklarini ifoda etuvchi tadqiqotlar asosida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
“Bugungi kunda mamlakatimiz katta transformatsion jarayonlarni boshdan kechirmoqda. O‘zgarishlarga parallel ravishda biz odamlarning ehtiyojlarini va muammolarini o‘rganamiz. O‘zbekiston kambag‘allikni kamaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda”, - dedi Markaz direktori.
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyodagi Global kambag‘allik va tenglik amaliyoti menejeri d-r Ambar Narayan: “2020 yildan buyon O‘zbekistonda kambag‘allik bo‘yicha statistik ma’lumotlarni yig‘ish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi, bu esa aholining kam ta’minlangan qatlamlari duch kelayotgan muammolar ko‘lamini kengroq tushunish imkonini beradi. Biz kam ta’minlangan oilalarning sifatli bandlikka erishishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish muhimligini ko‘rmoqdamiz. Iqtisodiy mobillik va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga, jumladan, yoshlar, ayollar va tajribasiz ishchilarni rivojlantirishga sarmoya kiritishga ustuvor e’tibor berilishi yanada samarali ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga yordam beradi”.
BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchisi Anas Fayyad Qarman kirish so‘zida quyidagilarni qayd etdi:
“Kambag‘allikni farovonlik va hayot sifati nuqtai nazaridan har tomonlama tushunish uchun biz mamlakatlar pul va nomonetar o‘lchovlarni hisobga olishlari kerak deb hisoblaymiz. Oddiy va tushunarli formatda qanchalik ko‘p ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, qaror qabul qiluvchilar qashshoqlikni barcha shakl va o‘lchovlarda kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini maqsad qilib olishlari uchun ko‘proq vositalarga ega bo‘ladilar”.
YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Joffri Ijumba O‘zbekistonning bolalar kambag‘alligiga barham berish bo‘yicha milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish borasidagi sa’y-harakatlarini olqishladi va “bu yo‘ldagi birinchi qadam - muammo ko‘lamini baholash” deb atadi.
“Bolalar kambag‘alligi muammosini birinchi o‘ringa qo‘yish, shuningdek, tegishli chora-tadbirlar va dasturlarni ishlab chiqish O‘zbekistonga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida qayd etilanganidek, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi maqsadlariga erishish imkonini beradi. Shuningdek, bolalarning o‘ta kambag‘alligini tugatish va milliy ta’rifga ko‘ra uni ikki baravar kamaytirish bo‘yicha BRM maqsadlariga erishishga yordam beradi”.
Kambag‘allikka qarshi kurash va inson taraqqiyoti bo‘yicha Oksford tashabbusi (OPHI) direktori, professor Sabina Alkayr Buxoroda bo‘lib o‘tgan birinchi, shuningdek, Toshkentda bo‘lib o‘tgan ikkinchi kambag‘allik forumidan buyon O‘zbekiston hukumatining kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha siyosiy irodasi va qat’iyati unda katta taassurot qoldirganligini aytdi. U monetar va ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni o‘lchash va ikkalasiga qarshi kurashish global miqyosda ham, BRM ichida ham "oltin standart" ekanligini ta’kidladi.
"O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar, KMKI ma’lumotlarini muntazam yangilab borish va yangi ma’lumotlardan foydalanishga e’tibor qaratadi. O‘zbekiston KMKI tajriba bosqichidan o‘tib, nihoyat raqamlashtirilsa va uy xo‘jaliklari byudjeti so‘rovlari muntazam yangilanib borilsa, bu O‘zbekistonning kambag‘allikni kamaytirishdagi yutuqlarini aniq ko‘rsatib beradi. Mana shunday rivojlanish va harakatlaringiz tufayli odamlar hayoti yaxshi tomonga o‘zgaradi. Menimcha, bu KMKI orqali keyingi tadqiqotlar o‘tkazish uchun juda yaxshi turtkidir"
Davra suhbatida ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, resurslardan teng foydalanish uchun iqtisodiy va moliyaviy sharoitlarni ta’minlash, kambag‘allikni bartaraf etish dasturlariga resurslarni safarbar etish bo‘yicha islohotlar muhokama qilindi.
Davra suhbatida O‘zbekistonning kambag‘allik va tengsizlikka qarshi kurashdagi faol harakatlari alohida ta’kidlandi. 2 million 300 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalar, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy himoya tizimi tomonidan to‘liq qamrab olingani qayd etildi.
Ekspertlar O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashga qaratilgan islohotlar haqida gapirar ekan, ijtimoiy dasturlar yaratish, kambag‘allarni qo‘llab-quvvatlash maqsadlarini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, qabul qilinayotgan turli dasturlar samaradorligini tushunish uchun qo‘llanilayotgan vositalarga e’tibor qaratdilar.
Forum doirasida xorijlik ekspertlar va hamkorlarga “mahallabay” tizimi asosida joylarda olib borilayotgan ishlar taqdim etildi. Muhokamalar yakunida ekspertlar O‘zbekistondagi strategiya va davlat dasturlari ta’sirini monitoring qilish va samaradorligini baholash, shuningdek, kambag‘allikni kamaytirishning o‘zbek modelini chuqurroq o‘rganish zarurligini ta’kidladilar.
Shu bilan kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha xalqaro davra suhbati o‘z ishini yakunladi.
Izoh qoldirish