Fazliddin Bozorov shikastlangan naqd pullar, ularni banklarda almashtirib olish, soxta banknotlari haqidagi savollarga javob berdi

Fazliddin Bozorov shikastlangan naqd pullar, ularni banklarda almashtirib olish, soxta banknotlari haqidagi savollarga javob berdi

Markaziy bankning Naqd pul muomalasi departamenti direktori Fazliddin Bozorov Naqd pullarning holati, ulardan foydalanish bilan bog‘liq savollarga javob berdi.

– Ba’zida eski, g‘ijimlangan qog‘oz pullarni savdo shoxobchalarida qabul qilishmaydi. Bu qanchalik to‘g‘ri? Naqd pullar qachon yaroqsiz hisoblanadi?

– Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar qanday holatdagi banknotlarni moneliksiz to‘lovga qabul qilishlari lozimligi va tushum puli sifatida banklarga topshirishlari mumkinligi belgilangan. Xususan, bular:

– har qanday qismida teshik yoki yirtilishlar, siyqalanishlar, (jumladan, g‘ijimlangan) dog‘lar, qalam, siyoh va flomaster bilan yozilgan yozuvlari mavjud bo‘lgan pullar;

– yirtilgan va yelimlangan pullar, agar pulning ikkala qismi shak-shubhasiz bitta banknotga tegishli bo‘lsa;

– bo‘yoq moddalari va kislota to‘kilgan, tabiiy rangi o‘zgargan, kuygan, bo‘yalgan yoki chizilgan pullar;

– shikastlanish turi va joylashishidan qat’i nazar, banknot to‘liq hajmining 55 foizidan kam bo‘lmagan qismi saqlanib qolingan pullardir.

Bu talablar Markaziy bankning “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashishga doir yo‘riqnoma” “so‘m”ning to‘lovga yaroqlilik belgilarni aniqlash qoidalari (2018 yil 29 iyunda 3028-son bilan ro‘yxatga olingan)da belgilab berilgan.

Yanada aniqroq bo‘lishi uchun tushuntirib o‘taman.

Banklarda naqd pullarni saralash jarayonida ular “muomalaga yaroqli”, “eskirgan”, “to‘lovga yaroqsiz” pullar toifalariga ajratiladi.

Siyqalanmagan, ya’ni banknot qog‘ozining mustahkamligi, uni yana muomalada aylanishi uchun imkoniyat beradigan darajada mustahkam pullar “muomalaga yaroqli” banknotlar toifasiga kiradi.

Bunday banknotlarning shikastlanganligi quyidagi darajada bo‘lishi talab etiladi:

– hech qanday shikastlanish belgilariga ega bo‘lmagan banknotlar;

– banknotning ayrim qismiga (yoki qismlariga) yozilgan yozuvlar yoki bo‘yalgan (bo‘yoq to‘kilgan) joyi banknot umumiy hajmining 5 foizidan oshmaydigan hamda pulning nominalini yoki uning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan banknotlar;

– banknotning yirtilgan, teshilgan joyining diametri yoki yirtilib tushgan burchagi (qismi) 1 sm.dan oshmaydigan hamda ushbu shikastlanishlar banknotning nominalini yoki uning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan banknotlar;

– rangi keskin tarzda o‘zgarmagan banknotlar.

“Eskirgan” banknotlarga esa yuqoridagi talablarga javob bera olmaydigan pullar kiradi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Eskirgan pullar savdo nuqtalarida qabul qilinadimi? Albatta. Eskirgan pullar to‘lovga yaroqli hisoblanadi. Shu bois ular savdo nuqtalarida qabul qilinishi shart.

– Qanday pullar to‘lovga yaroqsiz hisoblanadi va qabul qilinmaydi?

– Banknot yuzasining 55 foizidan kam qismi saqlanib qolgan pullar “to‘lovga yaroqsiz” hisoblanadi va ular savdo shoxobchalarida qabul qilinmaydi. Shuningdek, pul oldi-berdisida banknotlarning tegishli himoya belgilariga ega bo‘lishiga jiddiy e’tibor qaratish zarur. Banknotdagi uning nominal qiymatini aks ettiruvchi yozuv va raqamlarni o‘zgartirish orqali hosil qilingan “qalbaki”, “soxta” pullarga aldanib qolmaslik zarur.

– Bir-biriga yelimlangan pullar yaroqli hisoblanadimi?

– Yelimlangan banknot qismlari bitta banknotga tegishli bo‘lsa, ya’ni seriya, raqamlari bir xil bo‘lganda “yaroqli pul” sifatida to‘lovga qabul qilinishi lozim. Ayrim hollarda, bir xil nominaldagi, biroq 2 ta banknotning qismlarini bir-biriga yelimlanganligini uchratish mumkin. Ya’ni banknot qismlaridagi seriya, raqamlar turlicha bo‘ladi. Ushbu banknotlarning har ikki qismi alohida olinganda, banknot umumiy yuzasining 55 foizidan kam bo‘lsa “to‘lovga yaroqsiz” deb topiladi. Aksincha bo‘lsa, qabul qilinadi.

– Eskirgan, yirtilgan pullarni banklarda almashtirib olish mumkinmi? Buning tartibi qanday?

– Agar banknot yuqorida aytib o‘tilgan “to‘lovga yaroqsiz” pul toifasiga mansub bo‘lmasa, ularni banklarda hech qanday muammosiz almashtirib olish mumkin. Bunda banklar kassalari orqali shikastlangan, eskirgan banknotlar qabul qilinib, ularning umumiy summasiga teng bo‘lgan miqdorda yaroqli banknotlar bilan almashtirib beriladi.

“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunda ham banklar shikastlangan pul belgilarini Markaziy bank tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq cheklovlarsiz almashtirib berishi qayd etilgan.

“Eskirgan” pullar banklarda qabul qilingach, ular qayta muomalaga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Eslatib o‘taman, “to‘lovga yaroqsiz” pullar banklarda almashtirib berilmaydi.

– Hozirda tangalardan foydalanish ko‘nikmasi shakllandi. Savdo shoxobchalarida ba’zida tangalar va mayda pullar yetishmasligi holatlari kuzatilmoqda. Bankka borib, qog‘oz pullarni kichik qiymatdagi kupyuralar va tangalar ko‘rinishida “maydalab” olish mumkinmi?

– Markaziy bank tomonidan kichik nominaldagi banknotlarni bosqichma-bosqich muomaladan qaytarib olinishi, ularning o‘rniga shu nominaldagi tanga ko‘rinishidagi pul belgilarining chiqarilishi natijasida aholida tangalardan foydalanish ko‘nikmasi shakllanib bormoqda. Buni juda ijobiy holat sifatida qabul qilish lozim.

Zero, ko‘pgina xorijiy davlatlarda ham aholi tomonidan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda, qaytim qaytarishda tangalardan keng foydalaniladi. Asosan, kichik qiymatdagi pul belgilari tanga ko‘rinishida muomalaga chiqariladi.

Xabaringiz bor, 2018 yilda yangicha ko‘rinishdagi va oldingi tangalarga nisbatan yengilroq, ixchamroq ko‘rinishda 50, 100, 200, 500 so‘mlik yangi namunadagi tangalar chiqarildi va savolingizda qayd etilgan yetishmaslik holatlari yuzaga kelmasligini ta’minlash uchun doimiy ravishda tangalar muomalaga chiqarib borilmoqda.

Misol uchun, 2018 yilda 8,3 mlrd. so‘mlik, 2019 yilda 12,5 mlrd. so‘mlik yangi namunadagi tangalar muomalaga chiqarilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 17,1 mlrd. so‘mni tashkil qildi.

Fuqarolar, shu jumladan, savdo shoxobchalari ham banklardan qog‘oz pullarni kichik qiymatdagi kupyuralar va tangalar ko‘rinishida “maydalab” olishlari, shuningdek, savdo shoxobchalari ularga xizmat ko‘rsatuvchi bankdan hisob raqamlaridagi mablag‘lar doirasida naqd pullarning bir qismini tanga ko‘rinishida olishlari ham mumkin.

Banklarni esa ularning talablariga ko‘ra Markaziy bank tangalar bilan ta’minlaydi. “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunda ham Markaziy bank va banklar talabga ko‘ra bir nominal qiymatdagi pul belgilarini boshqasiga hech qanday to‘lovsiz yoki vositachilik haqisiz ayirboshlashni amalga oshirishi belgilangan.

Lekin ayrim savdo shoxobchalari orqali aholiga qaytim qaytirish uchun tangalarning mavjud bo‘lmay qolishi yoki qaytim o‘rniga kam baholi tovarlar, masalan, saqich, konfet, gugurt berilishi tadbirkor uchun foydaliroq hisoblanadi.

Shuning uchun, buni tanga yetishmovchiligi sifatida baholanishi noto‘g‘ri bo‘lib, avvalo, aholiga savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlarning o‘zlari qaytim qaytarish uchun yetarli tanga pullarga ega bo‘lishi lozim. Tangalarni esa tadbirkor xohlagan bankidan qog‘oz pullarni “maydalash” orqali yoki o‘z hisob raqamidagi mablag‘lar hisobidan olishi mumkin.

Bemorning qayeri og‘riyotganini o‘zidan boshqa hech kim his qilmaganidek, tadbirkorning tangaga bo‘lgan talabini ham banklar yoki Markaziy bank bilishi yoki o‘zicha baholashi qiyin.

Misol uchun, bugungi kunda keng tarmoqqa ega bo‘lgan yirik supermarketlar, “Toshkent metromoliteni”, avtobus saroylari ularga xizmat ko‘rsatuvchi banklarga murojaat qilib, zarur miqdorda tanga pullarni olishmoqda.

O‘z navbatida, Markaziy bankning joylardagi hududiy bosh boshqarmalarida doimiy ravishda mayda qiymatdagi pullar, jumladan, tangalar zaxirasi shakllantirilmoqda va talabga asosan yetkazib berilishi ta’minlanmoqda.

– Agar pul suv toshishi, yong‘in yo boshqa sabablar tufayli shikastlansa, uni bankda almashtirib olish mumkinmi? Bunda biror bir cheklov belgilanmaganmi?

– Adliya vazirligida 2018 yil 29 iyunda 3028-son bilan ro‘yxatga olingan “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashishga doir yo‘riqnoma”ga asosan favqulodda vaziyatlar, baxtsiz hodisalar oqibatida naqd pullar jiddiy shikastlangan bo‘lsa, ularning haqiqiyligi va to‘lovga yaroqli ekanligiga bank kassirlari to‘liq ishonch hosil qilgach, almashtirib berilishi mumkin.

Bank kassalarida shikastlangan, lekin to‘lovga yaroqli ekanligi shubha uyg‘otmaydigan banknotlar va tangalarni almashtirib berilishi, hech qanday kassa hujjatlari rasmiylashtirilmagan holda amalga oshiriladi.

Ushbu shikastlangan pullar bank tomonidan saralash jarayonida “eskirgan” toifasiga o‘tkaziladi va qayta muomalaga chiqarilmaydi hamda Markaziy bankka yuboriladi.

– Hozirda 1000 so‘mlik qog‘oz pullar juda eskirib ketgan. Hatto shu eskirgan pullarni topish ham muammo bo‘lmoqda. Buning sababi nimada? Pullarni yangilab borilishi tartibi mavjudmi? Yaqin muddatda 1000 so‘mlikni muomaladan chiqarish kutilyaptimi?

– Bilasiz, 1000 so‘m nominal qiymatdagi banknot 2001 yilda muomalaga chiqarilgan va ularning aksariyat qismi uzoq vaqt davomida muomalada bo‘lganligi sababli xaqiqatda urinib qolganligini kuzatish mumkin.

Buning asosiy sababini ushbu pullarning boshqa yirikroq nominaldagi banknotlarga nisbatan ko‘proq muomala jarayoniga kirishi, ya’ni qo‘ldan-qo‘lga o‘tishi faol bo‘lganligi sababli tez eskirishi hamda shu holatda, banklarga kelib tushmasdan aholi qo‘lida uzoq muddat qolib ketishi bilan izohlash mumkin.

Bu qiymatdagi banknotlar hozirda ham bosib chiqarilmoqda va talabdan kelib chiqqan holda muomalaga kiritib borilmoqda.

Biroq bugungi kunda banknotlar muomalaga asosan bankomatlar orqali chiqarilayotganligi va bankomatlardan asosan yirik nominaldagi banknotlar joylashtirilishi sababli 1000 so‘mlik banknotlar muomaladan kamayib borayotganligi haqiqat. Bu tabiiy jarayon bo‘lib, xuddi tovarlarga o‘xshab talab kamaysa, banknotlar ham muomaladan kamayib boradi.

“Bankomatlarga 1000 so‘mlik ham joylashtirilsa bo‘lmaydimi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Bo‘ladi. Lekin banknotlar sig‘imi cheklanganligi sababli ularni bir martalik to‘ldirish orqali imkon qadar ko‘proq aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishi, ya’ni joylashtirilgan pul tez tugab qolmasligi uchun ko‘proq yirik qiymatdagi banknotlardan foydalaniladi.

Naqd pullarni bevosita bank kassalaridan olganda zarur hollarda bir qismini 1000 so‘mlik banknotlar sifatida olinishi maqsadga muvofiq.

Ta’kidlash lozimki, Markaziy bank doimiy tarzda muomaladagi naqd pullarning qatorini optimallashtirish, eskirganlarini muomaladan qaytarib olish va ularning o‘rniga yangi banknot va tangalarni muomalaga kiritib borish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Yaqin orada 1000 so‘mlik nominaldagi banknotlarni muomaladan chiqarilishi ko‘zda tutilmagan.

– Naqd pullarning haqiqiyligini tekshirish uchun asosan nimalarga e’tibor qaratish kerak?

– Markaziy bank yangi namunalardagi pul belgilarining muomalaga chiqarilishi to‘g‘risidagi xabar va ularning tavsiflarini e’lon qilib boradi. Pul belgilarining himoya elementlariga doir talablar “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq belgilanadi.

Ya’ni jahonda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham banknotlarning haqiqiyligini ta’minlash, qalbakilashtirishga qarshi bir qancha himoya elementlaridan foydalaniladi. Banknot nominali oshgan sari himoya elementlari ham kuchaytirib boriladi.

Bir qarashda e’tibor qilinishi lozim bo‘lgan himoya elementlarini sanab o‘tadigan bo‘lsak, ular dunyodagi deyarli barcha banknotlarda mavjud elementlar hisoblanadi. Bularga:

- himoya ipi. Misol uchun, 1000 so‘mlik banknotda qog‘oz qatlamida bo‘lsa, 5000 so‘mlikda qog‘oz qatlami sirtiga chiqib, ichkariga botuvchi, 10 000, 50 000, 100 000 so‘mliklarda ham shu shakldagi “3D” effektli himoya ipi o‘tkazilgan;

- suv belgisi. O‘zbekiston banknotlarida Gerb, banknot nominali, 100 000so‘mlik banknotda Mirzo Ulug‘bek portreti ko‘rinishda tayyorlangan;

- barmoq uchlari bilan ushlab (siypalab) ko‘rilganda seziladigan bo‘rtib turuvchi tasvirlar;

- ma’lum qiyalik burchagi ostida qaralganda, rangini o‘zgartiruvchi tasvirlarni(naqsh yoki raqam ko‘rinishida) aytib o‘tish lozim.

Demak, pullarning haqiqiyligini ushbu himoya elementlariga e’tibor qaratish orqali bilish mumkin. Himoya elementlari har bir nominaldagi banknot muomalaga chiqarilishidan oldin banknotning tavsifi ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, Markaziy bankning veb-saytida (cbu.uz) ham e’lon qilingan.

– Soxta kupyuralar qo‘liga kelib tushganda fuqaro kimga murojaat qilishi zarur?

– “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunda pul belgilarini qalbakilashtirish va qonunga xilof ravishda tayyorlash qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan.

Fuqaro qo‘liga shubhali (jumladan, soxta) bo‘lgan pullar kelib tushganda ularni haqiqatda qalbaki ekanligini aniqlash hamda kelgusida ularga qonuniy baho berish maqsadida tijorat banklariga topshirishi tavsiya etiladi.

Shuningdek, ushbu banknot qanday qilib, qaysi holat yoki jarayonda, kim orqali ushbu fuqaroning qo‘liga kelib tushganligini bayon etish maqsadga muvofiq.

Bankning kassa xodimlari tomonidan pullar haqiqatda qalbaki ekanligi aniqlansa, ushbu pullar fuqaroning qo‘liga kelib qolishining bayoni bilan birga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ekspertiza, surishtiruv, tergov harakatlarini olib borish uchun taqdim etiladi (Adliya vazirligida 2018 yil 29 iyunda 3028-son bilan ro‘yxatga olingan “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashishga doir yo‘riqnoma”da belgilangan tartibga ko‘ra).

Zero, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunga asosan faqatgina Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy to‘lov vositasi sifatida pul belgilarini muomalaga chiqarishda mutlaq huquqqa ega.

– Naqd pullardan foydalanish borgan sari kamayib bormoqda. Vaqt o‘tib naqd ko‘rinishdagi pullarning mutlaqo muomaladan chiqishi kutilmayaptimi?

– O‘zbekiston misolida bu fikrga qo‘shila olmaymiz. Haqiqatdan ham, bugungi kunda naqd pulsiz, jumladan, bank kartalari hisob-kitoblar hajmi ortib bormoqda va bu naqd puldan foydalanish kamayib borayotganligini bildirmaydi.

Misol uchun, 2020 yil davomida muomalaga chiqarilgan naqd pullar hajmi 1,6 trln. so‘mga yoki 5,8 foizga ko‘paydi. Qolaversa, 2020 yilda banklar kassalariga kelib tushgan naqd pullar hajmi 179,9 trln. so‘mni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 26 foizga ko‘paygan bo‘lsa, banklardan 180,2 trln. so‘mlik naqd pullar berildi va bu ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan 25 foizga oshdi.

Yana bir ko‘rsatkichga e’tibor qaratsak, 2020 yilda savdo va pullik xizmatlardan banklarga tushumlar tarkibida 85,6 trln. so‘mi yoki 58,4 foizi naqd puldagi tushumlar hissasiga to‘g‘ri kelib, 2019 yilga nisbatan 1,6 foizli bandga ko‘paygan.

Ushbu ko‘rsatkichlarga qarab, “naqd pullardan foydalanish kamayib bormoqda” deyish qanchalik to‘g‘ri bo‘lmasligini anglab olish mumkin.

Darhaqiqat, 2017 yilda 50 000 so‘mlik, 2019 yilda 100 000 so‘mlik banknotlarning muomalaga chiqarilishi ortidan kichikroq qiymatdagi banknotlarning o‘rnini yirik qiymatdagi pullar egallashi hisobiga muomaladagi banknotlar soni sezilarli miqdorda kamaydi.

Mazkur holat aholiga va tadbirkorlik sub’yektlariga naqd pullar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, ularni olib yurish, saqlash uchun qulayliklar ortib borayotganini bildiradi.

Naqd pul sohasidagi xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, 2020 yilda Yevropa ittifoqi mamlakatlarida ham naqd pulga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshgan. 2020 yilning 9 oyida muomalaga chiqarilgan naqd pullar hajmi Yevropada 10,6 foizga ko‘paygan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich AQShda – 14,6 foizni, Xitoyda – 7,9 foizni, Hindistonda – 23,1 foizni tashkil etgan.

Savolning ikkinchi qismiga to‘xtalib shuni aytish lozimki, naqd pullardan voz kechib, hisob-kitoblarni naqdsiz ko‘rinishda amalga oshirishga o‘tishning afzalliklari ko‘p va, eng asosiysi, iqtisodiyotda pul aylanishi tezlashadi.

Bunday jarayon tabiiy ravishda hamda hukumatning qo‘llab-quvvatlashi orqali aholiga qiyinchilik tug‘dirmagan holda ro‘y berishi, bosqichma-bosqich joriy etilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Masalan, dastlab kommunal to‘lovlarni faqat naqdsiz shaklda to‘lash, ayrim yirik savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali qabul qilish kabi tartiblarning joriy etishlari sekin-asta savolda qo‘yilgan jarayonga yetaklashi mumkin.

Shvetsiya davlati naqd pullardan voz kechish siyosatini 2015 yilda boshlagan bo‘lib, bugungi kunda ushbu davlatda restoranlar, dorixonalar va savdo korxonalari to‘lov uchun naqd pullarni qabul qilishni rad etish huquqiga ega.

Ayrim ommaviy axborot vositalarida Nyu-York shahridagi bir qator savdo korxonalari va restoranlar to‘lovlarni faqat naqdsiz ko‘rinishda qabul qilishni tajriba tariqasida qo‘llab ko‘rishi ba’zi aholi vakillarining e’tirozlariga sabab bo‘layotganligini yozishmoqda.

Endi O‘zbekiston misolida shu jarayonni tasavvur qilib, xulosa qilib ko‘ring-chi, buning uchun bizda yetarli shart-sharoit mavjudmi, aholining dunyoqarashi shakllanganmi?

Oddiygina misol, mamlakatimizda oylik ish haqini va pensiya to‘lovlarini bank kartalari orqali to‘lanishiga e’tiroz bildiruvchi fuqarolar ko‘plab topiladi.

– Naqd puldan to‘g‘ri foydalanish uchun fuqaro yana qanday ma’lumotlardan xabardor bo‘lishlari maqsadga muvofiq?

– Bugungi kunda ming afsuski, muomalaga chiqarilgan milliy valyutamiz banknotlariga putur yetkazish, ularni g‘ijimlash, yirtish, ustiga turli xil ismlar, telefon raqamlari, summalar va boshqa narsalarni yozib qo‘yish holatlari ham uchrab turibdi.

Avvalo qayd etish lozimki, milliy valyutamiz – respublikamiz iqtisodiy mustaqilligining ramzlaridan biri hisoblanadi hamda ularda davlat ramzlari – Gerb, Bayroq tasvirlari ham aks ettirilgan.

Garchi milliy valyutaga jismonan zarar yetkazishga nisbatan qonunchilikda javobgarlik belgilanmagan bo‘lsa-da, o‘z yurtini hurmat qilgan har bir fuqaro, uning pul birligiga ham hurmat bilan qarashi va muomaladagi nufuziga putur yetkazmasligi lozim. Bu o‘zini hurmat qilgan, odob-axloq etikasi normalarini bilgan har bir insonning qo‘lidan keladi, albatta.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar