Germaniyada rus tilida chop etiladigan «Karera» gazetasining iyul sonida pandemiya davrida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasiga bag‘ishlangan maqola nashr etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Nashr O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga asoslanib milliy iqtisodiyotning hozirgi holati bo‘yicha mushtariylarga axborot beradi. Xususan, materialda joriy ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning ikkinchi choragidagi natijalar bilan taqqoslangan. Maqolada mamlakatda pandemiya davrida iste’mol mahsulotlari va dori-darmon importining qisqarishi, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari, tovarlar va xizmatlar eksporti, byudjet daromadlari, ishsizlikning o‘sishi qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda strategik tarmoqlarni, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, davlat byudjetining barqarorligini saqlash va aholini dori-darmon bilan ta’minlash tiklanish siyosatining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
Xususan, Prezident farmonlariga muvofiq tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilib, ularga 3,7 trillion so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Korxonalarning homiylik va xayriya mablag‘larini samarali taqsimlashga qaratilgan «Saxovat va ko‘mak» umummilliy harakati doirasida 101 mingta korxona 361 mingdan ortiq oilaga ijtimoiy yordam ko‘rsatdi.
Davlatning muhim vazifalari qatoriga jamoat tartibini saqlash va bozor infratuzilmasini tiklash, kapital, ishchi kuchi, tabiiy resurslar ta’minotini tashkil qilish, davlat xizmatlarini uzluksiz taqdim etish, jamiyatning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlash kabi sohalar ham kiradi.
Bugungi kunga qadar mamlakatda aholi va korxonalar uchun pandemiyaning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha Prezidentning 12 ta farmon va qarori qabul qilingan.
Shu bilan birga, maqolada jahon iqtisodiyoti rivojlanishidagi noaniqlik sharoitida davlat tomonidan voqealar rivojiga pragmatik javob ko‘rinishida qo‘shimcha me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi kutilayotgani, ta’kidlangan.
Izoh qoldirish