“Ichki iste’mol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (135-son, 15.03.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021 yilda asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ichki resurslar hisobidan ta’minlash darajasi oshiriladi.
Qaror bilan hududlar kesimida asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishning prognoz hajmlari tasdiqlandi.
Shunga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 2 449 108 tonna kartoshka, 227 222 tonna guruch, 1 584 863 tonna go‘sht, 8 124 595 ming dona tuxum ishlab chiqarish belgilangan.
Shuningdek, 78 000 tonna o‘simlik yog‘i, 64 000 tonna shakar, 300 000 tonna kartoshka, 40 000 tonna go‘sht import asosida keltirilishi nazarda tutilgan.
Qaror bilan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, ularni ichki bozorga tizimli yetkazib berish hamda narxlarni doimiy monitoring qilish va tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tarkibi tasdiqlandi.
Respublika ishchi guruhi rahbari Bosh vazirning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi.
Har yili ekib kelinayotgan kartoshka maydonlaridan kamida 10 foizga ko‘p maydonga, jami 87 ming gektardan kam bo‘lmagan maydonlarga kartoshka ekilishi uchun urug‘lik zaxirasi yaratiladi.
2021 yildan tuproq va iqlim sharoiti, suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan qulay hududlarda 1 gektargacha bo‘lgan maydonlarda kartoshka yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Chetdan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari keltirish maqsadlari uchun tijorat banklari xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga aylanma mablag‘lar uchun belgilangan tartibda kreditlar ajratadi.
Izoh qoldirish