“Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–57-son, 21.12.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 6 oyda BHMning 1,5 baravarida subsidiya beriladi.
2022 yil 1 martdan:
- bolalikdan nogiron bo‘lgan shaxslar va I va II guruh nogironlari daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshiriladi;
- 2024 yil 1 martgacha ish beruvchilarga nogironlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq Davlat byudjetidan to‘liq qaytarib beriladi.
Endilikda davlat buyurtmachilari nogironlar jamoat birlashmalari bilan ularning mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishi mumkin.
Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili 500 nafargacha nogiron yoshlarga quyidagilar uchun subsidiya ajratiladi:
- axborot texnologiyalari, kompyuterda dasturlash amaliyoti, umumta’lim fanlari va xorijiy tillarni o‘rgatish;
- tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan 2022 yildan har yili tanlov asosida 20 nafargacha nogiron yoshlar xorijiy OTMda, onlayn kurslarda ta’lim olishi tashkil etiladi.
Izoh qoldirish