Joriy yilning 20 iyul kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri boshchiligida respublikada mahallabay ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatining 2022 yilning 2-yarim yilligida erishilgan natijalari muhokamasi yuzasidan yig‘lish o‘tkazildi.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholiga uzoq yillik ijaraga berilgan ekin yerlari va tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi hamda joriy yilning yanvar-iyun oylarida hududlarda hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, aniqlangan masalalar hamda mavjud muammolarni muhokama qilishdan iborat.
Yig‘ilishda bugungi kunga qadar biriktirilgan mahallasida samarali ishlarni tashkil etgan holda katta ijobiy natijalarga erishgan 21 nafar hokim yordamchilari yuqori lavozimlarga tayinlangani qayd etildi.
Shuningdek, hokim yordamchilarining faoliyatida 2-yarim yillikda bir qator ijobiy natijalarga erishildi.
- Hokim yordamchilari tomonidan 2022 yil yanvar-iyun oylarida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
a) aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha:
- band bo‘lmagan aholini ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish orqali 1,4 mln. nafar fuqarolar daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlandi;
Xususan, 210 ming nafari doimiy ish joylariga joylashtirildi, 722 ming nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olindi, 47 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka va 108 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 316 ming nafar fuqarolarga ijara asosida yer ajratildi.
- hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 177 mingta loyihaga jami 4,4 trln. so‘m imtiyozli kredit va 24 mingdan ortiq ishsizlarga 60 mlrd. so‘m subsidiyalar ajratildi, 128 ming nafar aholi kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi.
b) tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha:
- 49,9 mingta yuridik va 46,6 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, shuningdek 4,2 mingta korxonalarning faoliyati kengaytirildi va kam quvvat bilan ishlayotgan 4,1 mingta korxonalarning quvvatlarini tiklandi;
- hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 25 mingdan ortiq "mahallabay" mikroloyihalarning 9,5 mingtasi ishga tushirilib, 47 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratildi.
v) tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha:
- “bir mahalla-bir mahsulot” tamoyili asosida 3 051 ta ixtisoslashgan mahallalardagi 632 mingta aholi xonadonidagi 79 ming gektar yer maydonlaridan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yildi;
Xususan, 1 507 ta mahalladagi 541 ming xonadonda 43,8 ming gektarda sabzavot, 484 ta mahalladagi 151 ming xonadonda 12 ming gektarda kartoshka, 146 ta mahalladagi 55 ming xonadonda 4,6 ming gektarda poliz, 888 ta mahalladagi 237 ming xonadonda 18,0 ming gektarda bog‘dorchilik, 100 ta mahalladagi 20 ming xonadonda 1,2 ming gektarda rezavor (kulupnay, malina va boshqa) ekinlari ekildi.
Shuningdek, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilikka ixtisoslashgan 2,5 mingta mahallalarda 9,1 mingta xonadonga inkubator, 58,5 mingta xonadonga 20-100 tadan jami 3,2 mln. dona xonaki tovuq, 6,3 mingta xonadonga 40,4 mingta asalari uyalari yetkazib berildi.
g) aholi yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha:
- 7,2 ming km ta’mirtalab ichki yo‘llarni shag‘allashtirildi, mahalla hududidan o‘tuvchi magistral yo‘l yoqasidan maktabga qatnovchi 277 km qismida o‘quvchilarga piyodalar yo‘lakchasini barpo etildi;
- foydalanishga yaroqsiz holga kelgan 1805 dona transformator, 51,5 ming dona sim yog‘ochlar va 31,3 ming dona tungi chiroqlar yangisiga almashtirildi;
17,7 ming km ariqlarni tozalash va 1 365 ta vertikal sug‘orish quduqlarini qurish orqali 24 mingdan ortiq xonadonning tomorqasini sug‘orish uchun suv bilan ta’minlandi.
Izoh qoldirish