Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari 2017-2022 yillarda amalga oshirilgan faol islohotlar jarayonida Farg‘ona viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi asosiy o‘zgarishlarni tahlil qildi.
2017-2022 yillar davomida viloyatning yalpi hududiy mahsuloti (YaHM) 20,7 trln so‘mdan 55,9 trln so‘mga yetdi va uning real hajmi 31,6 foizga oshdi. Bu, o‘z navbatida, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHM hajmini 5,8 mln so‘mdan 14,2 mln so‘mga ko‘payishini ta’minladi. Ushbu davr mobaynida viloyat aholisi soni 9,8 foizga ko‘payib, 4,0 mln nafarga yetdi.
Viloyatning sanoat salohiyatidan samarali foydalanish natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 9,7 trln so‘mdan 30,4 trln so‘mga yoki 29,2 foizga oshdi. Bu, o‘z navbatida, viloyat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi. Viloyat YaHMning tarkibida sanoat va qurilish tarmog‘ining ulishi 23,3 foizdan 26,3 foizga oshdi.
Shuningdek, zamonaviy va maishiy xizmatlarga bo‘lgan talabni to‘liq qondirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida bozor xizmatlari hajmi sezilarli darajada ortib, 7,6 trln so‘mdan 21,9 trln so‘mga yetdi va 81,3 foizga ko‘paydi.
Viloyatda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 24 foizga o‘sgan holda, 30,4 trln. so‘mga yetdi.
Tashqi savdoni erkinlashtirish, tadbirkorlik sub’yektlarining eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan choralar natijasida so‘nggi 6 yil davomida viloyatning eksporti hajmi 830 mln AQSh dollariga yetdi va 1,6 baravarga ko‘paydi.
Ushbu davr mobaynida viloyatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar 3,6 mlrd dollar investitsiyalar o‘zlashtirish imkonini berdi. Natijada, 264 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida oxirgi 6 yil davomida 5,5 km avtomobil yo‘llari, 117 km gaz va 1 715 km ichimlik suv quvurlari tarmog‘i ishga tushirildi.
Yangi ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarini barpo kilishga alohida e’tibor qaratilib, viloyatda 6 488 ming kvadrat metr uy-joy, shuningdek, 18,3 ming maktabgacha ta’lim muassasalari o‘rinlari, 53,7 ming maktab o‘quv o‘rinlari, 3,1 ming shifoxona o‘rinlari foydalanishga topshirildi.
Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 2017-2022 yillar mobaynida investitsiya loyihalari amalga oshirish maqsadida jami 3,6 mlrd investitsiya mablag‘lari yo‘naltirildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish