So‘nggi 8 yilda O‘zbekistonda xizmatlar sohasi milliy iqtisodiyotning drayver tarmoqlaridan biriga aylanib, barqaror va izchil o‘sish sur’atini namoyon etmoqda. Joriy qilingan islohotlar, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va infratuzilmani takomillashtirish xizmatlar segmentining sifat va hajm jihatidan kengayishiga mustahkam zamin yaratdi.
2017–2024 yillarda ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy hajmi 2,5 baravarga ortib, soha yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2017 yildagi 38,1 foizdan 47,4 foizga ko‘tarildi. Bu ko‘rsatkich xizmatlar sektori iqtisodiyotdagi o‘rni va ta’siri oshib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
Sohadagi investitsion faollik ham sezilarli darajada oshdi — 2017 yildan 2024 yilgacha xizmatlar sohasiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 2,2 baravarga o‘sib, 112,6 trln so‘mni tashkil etdi. Bu esa ushbu segmentni mahalliy va xorijiy investorlar uchun jozibador maydonga aylantirdi.
Xizmatlar sohasining asosiy tarkibiy qismlari — savdo, transport, moliya, turar-joy va ovqatlanish xizmatlari hisoblanadi. 2024 yilda bozor xizmatlari umumiy hajmidagi ulushi bo‘yicha:
- turar-joy va ovqatlanish xizmatlari — 22,4%,
- savdo xizmatlari — 18,6%,
- transport xizmatlari — 17,7%,
- moliyaviy xizmatlar — 16,5%ni tashkil qildi.
Qolgan muhim yo‘nalishlar orasida axborot va aloqa (6,9%), ta’lim (3,9%) va boshqa turdagi ijtimoiy xizmatlar alohida o‘rin tutadi.
Aynan moliyaviy xizmatlar sektori eng jadal rivojlangan sohalardan biri bo‘lib, bank tizimini liberallashtirish, raqamli moliyani keng joriy etish va aholi uchun moliyaviy inklyuzivlikni oshirishga qaratilgan islohotlar samarasini bermoqda. 2017–2024 yillar davomida moliyaviy xizmatlar hajmi 7,5 baravarga o‘sib, 135 trln so‘mga yetdi. Shu bilan birga, ularning YaIMdagi ulushi 4,2 foizdan 9,3 foizgacha oshdi.
Shuningdek, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya sohasi ham eng tez o‘suvchi yo‘nalishlardan biriga aylandi. Axborot va aloqa xizmatlari hajmi 4,9 baravarga o‘sib, 2024 yilda 56,8 trln so‘mni tashkil etdi, IT xizmatlarining iqtisodiyotdagi ulushi 3,9%ga yetdi. Bu raqamlar sohaning raqamli transformatsiya jarayonlaridagi yetakchi o‘rnini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish