So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada faollashdi. 2023 yil aprel oyida Serbiya Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Ivitsa Dachich rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
2025 yil 28–31 oktyabr kunlari Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda muhim bosqich bo‘ldi.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha, jumladan, Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim hamda Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Mazkur hujjatlar ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish uchun qo‘shimcha shartnomaviy-huquqiy asos yaratdi.
2026 yil may oyida Serbiya tashqi ishlar vaziri Marko Jurich ham O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida savdo hajmini oshirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi
O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari
2016–2025 yillarda O‘zbekistonning Serbiya bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 9 barobarga — 1,4 mln dollardan 12 mln dollargacha oshdi. Eksport 3 barobarga o‘sib, 0,9 mln dollarga, import esa qariyb 10 barobarga o‘sib, 11,1 mln dollarga yetdi.
2025 yilda O‘zbekistonning Serbiyaga eksporti tarkibida asosiy ulushni oziq-ovqat mahsulotlari — 47,1%, sanoat tovarlari — 23,8%, kimyo mahsulotlari — 4,8%, nooziq-ovqat xomashyosi — 2,4%, mineral yoqilg‘i va moylash materiallari — 1%, shuningdek, xizmatlar — 20,8% tashkil etdi.
Serbiyadan import tarkibida mashina va transport uskunalari — 50%, kimyo mahsulotlari — 20,1%, sanoat tovarlari — 16,8%, oziq-ovqat mahsulotlari — 4,8%, turli tayyor mahsulotlar — 4,2%, nooziq-ovqat xomashyosi — 1,5%, shuningdek, xizmatlar — 2,6% asosiy o‘rinni egalladi.
Investitsiyaviy hamkorlik
2026 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Serbiya kapitali ishtirokidagi 9 ta korxona faoliyat yuritgan. 2016–2025 yillarda Serbiyadan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning jami hajmi 2,2 mln dollarni tashkil etgan. 2024 yilda esa jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi atigi 0,2 mln dollar bo‘lgan.
Shunday qilib, O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi savdoning mutlaq hajmi hozircha nisbatan kichik bo‘lishiga qaramay, so‘nggi to‘qqiz yilda tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada kengaygan.
Iqtisodiy hamkorlik va investitsiyalarni himoya qilish sohasida yangi shartnomaviy-huquqiy bazaning yaratilishi savdo, investitsiyaviy hamkorlik va elektrotexnika, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati hamda to‘qimachilik ishlab chiqarishi kabi sohalarda sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloaqalar bo‘limi
Izoh qoldirish