So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda, hukumat rahbarlari darajasida o‘zaro tashriflar amalga oshirildi.
2023 yil aprel oyida Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala Toshkentga tashrif buyurdi, shu yil oktyabr oyida esa O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov javob tashrifi bilan Pragaga bordi.
Ushbu tashriflar davomida 800 mln yevrodan ortiq miqdorda investitsiya va savdo kelishuvlari imzolandi. Bu esa tomonlarning o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga bo‘lgan intilishini namoyon etadi.
O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo jadal rivojlanmoqda. 2017–2025 yillar davomida tovar aylanmasi 2,2 barobarga, eksport 4 barobarga, import esa 2 barobarga oshdi.
2025 yilda O‘zbekistonning Chexiya bilan savdo aylanmasi 190,4 mln dollarni tashkil etdi. Shundan eksport – 28 mln dollar, import – 162,4 mln dollar.
2025 yilda Chexiyaga eksport tarkibi: sanoat mahsulotlari (tekstil, mis mahsulotlari) – 2,4 mln dollar (8,6%); oziq-ovqat mahsulotlari (quritilgan meva-sabzavotlar) – 894,3 ming dollar (3,2%); turli tayyor mahsulotlar – 228,4 ming dollar (0,8%); kimyo mahsulotlari – 95,1 ming dollar (0,3%); xizmatlar (asosan telekommunikatsiya va sug‘urta) – 24,2 mln dollar (86,6%).
Import tarkibi: mashina va transport uskunalari – 83 mln dollar (51,1%); kimyo mahsulotlari (dori vositalari) – 24,2 mln dollar (14,9%); turli tayyor mahsulotlar – 16,2 mln dollar (10%); sanoat mahsulotlari – 11,2 mln dollar (6,9%); xizmatlar (asosan telekommunikatsiya) – 26 mln dollar (16%).
Investitsiyaviy hamkorlik
2026 yil 1 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Chexiya investitsiyalari ishtirokida 44 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
2024 yilda Chexiyadan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TXI) va kreditlar hajmi 2023 yilga nisbatan 2,2 barobarga oshib, 63,1 mln dollardan 141,1 mln dollarga yetdi.
2016–2024 yillar davomida Chexiyadan jalb qilingan investitsiyalar va kreditlarning umumiy hajmi 213,3 mln dollarni tashkil etdi.
Investitsiyaviy hamkorlik mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, qurilish, qishloq xo‘jaligi, Logistika, IT sohalarida rivojlanmoqda.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari
Iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli sohalari sifatida, xususan, mashinasozlik, farmatsevtika tarmog‘i, konchilik sanoati, energetika va boshqa sohalar alohida ahamiyat kasb etadi.
Ushbu sohalarda kooperatsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish xom ashyoni yanada chuqur qayta ishlashga, yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish