Prezidentning “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Yangi hujjat mamlakatda iqtisodiy faollikni oshirish, raqobat muhitini mustahkamlash hamda biznesni yashirin iqtisodiyot aylanmalaridan chiqarib, to‘liq rasmiy faoliyat yuritishga rag‘batlantirishga qaratilgan.
Asossiz tekshiruvlarni kamaytirish
2026 yil 1 iyuldan boshlab 17 ta nazorat organi tomonidan o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar faqat shaxsiy videoregistratorlar (body-kameralar)dan foydalanilgan holda amalga oshiriladi. Ushbu qaror biznes va davlat tuzilmalari o‘rtasida ishonch va ochiqlikni oshirib, tekshiruv jarayonlarining ob’yektivligi va tadbirkorlar huquqlarining himoyasini ta’minlaydi.
Sertifikatlash va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish
2026 yil 1 yanvardan boshlab bir xil turdagi tovarlar bo‘yicha bir tashqi savdo shartnomasi doirasida muvofiqlik sertifikati va ekologik sertifikat bir marotaba, bir yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi. Bu takroriy ma’muriy amaliyotlarni qisqartiradi va biznes xarajatlarini kamaytiradi, sifat va xavfsizlik talablarini saqlagan holda.
Zamonaviy soliq va bojxona ma’muriyatchiligi
2026 yil 1 yanvardan import qilingan oziq-ovqat mahsulotlariga tekshiruvlar faqat quyidagi hollarda o‘tkaziladi:
-
tovarlar 9 oy davomida (go‘sht va ho‘l meva-sabzavotlar uchun 3 oy) realizatsiya qilinmagan bo‘lsa;
-
qoldiq qiymati 206 mln so‘mdan oshsa.
Yangi yondashuv nazorat va tadbirkorlik faoliyati o‘rtasida muvozanatni ta’minlab, tovar aylanmasini oqilona boshqarishga xizmat qiladi.
Yirik bitimlar bo‘yicha soliq bazasini shakllantirish
Ko‘chmas mulk va qurilish materiallari bo‘yicha operatsiyalarda soliq bazasi bozor qiymati asosida belgilab boriladi. Bu yirik bitimlarda ochiqlikni kuchaytirib, soliq ma’muriyatchiligining xalqaro amaliyotiga mos keladi.
Xorijiy onlayn-kompaniyalar faoliyatini tartibga solish
Soliq organining rasmiy xabarnomasidan so‘ng 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tmagan xorijiy kompaniyaning O‘zbekiston hududidagi faoliyati cheklanadi. Bu chora mahalliy va xorijiy bozor ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratib, raqamli iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Yuk tashish xizmatlarini raqamlashtirish
2026 yil 1 aprelga qadar yuk tashish sohasida yagona elektron platforma ishga tushiriladi. U quyidagi imkoniyatlarni o‘z ichiga oladi:
-
transport va maxsus texnikadan foydalanish shartlarini hisobga olish;
-
onlayn buyurtmalar, shartnomalar va to‘lovlarni rasmiylashtirish;
-
xizmat turlari va narxlarni mustaqil belgilash;
-
ko‘rsatilgan xizmatlar sifatini baholash.
Bu orqali bozor ishtirokchilari uchun yagona raqamli maydon yaratilib, sohada samaradorlik va shaffoflik oshiriladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish