Ariza beruvchi subsidiya olish uchun istalgan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari (DXM)ga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP)da davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
O‘zi kelib murojaat etganda DXM xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa ariza beruvchi mustaqil ravishda anketa-arizani elektron tarzda to‘ldiradi va tegishli hujjatlarni ilova qiladi.
Mehnat migrantlari nomidan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish to‘g‘risidagi arizani uning oila a’zolari berishi mumkin.
DXMlar va YaIDXP orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar ariza beruvchilarga to‘lovlarsiz amalga oshiriladi.
Subsidiya olish uchun ariza berish muddati yilning 1 martidan 1 oktyabrgacha bo‘lib, ushbu muddat tugagandan keyin taqdim etilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Mas’ul tashkilotlar 10 ish kunida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini u tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida o‘rganib chiqadi.
Subsidiya to‘lanadigan fuqarolarni tanlab olish bo‘yicha komissiya taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlar asosida hamda ijtimoiy mezonlar bo‘yicha baholash natijalariga ko‘ra ariza beruvchiga ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Boshlang‘ich badal uchun subsidiya shaharlarda sotib olinadigan kvartira qiymatining kamida 20 foizi, qishloq joylarda esa kamida 10 foizini tashkil etadi.
Taqdim etiladigan subsidiyalar bir oilaga (oila a’zolarining bittasiga) faqat 1 marta beriladi.
Izoh qoldirish