Bugun dunyo turli qarama qarshiliklar qarshisida turibdi. Murakkab geosiyosiy vaziyat yangi geoiqtisodiy muammolarni yuzaga chiqarmoqda. Bu holat Markaziy Osiyoning markazida joylashgan va nafaqat ushbu hudud, balki mintaqa va dunyo iqtisodiyotida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
Binobarin, keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi hamda odilona tashabbuslari ana ziddiyatli vaziyatlarni yumshatishga, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar mustahkamlanishiga katta xizmat qilmoqda. Bu nufuzli xalqaro minbarlarda, turli xalqaro tadbir va uchrashuvlarda nufuzli shaxslar, davlat rahbarlari tomonidan yuksak ehtirom va hurmat bilan qayd etilmoqda. Uzoqqa bormaylik, kuni kecha poytaxtimiz mezbonlik qilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitida ishtirokchi davlatlar rahbarlari aytilgan fikrlar buning isboti.
Sammitda ko‘tarilgan masalalar, bildirilgan fikr va mulohazalar, amaliy kelishuvlar, tashabbuslar faqatgina ushbu davlatlarga daxldor desak, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Zero, hozir dunyo integratsiyaga asoslangan, munosabatlar bir-biri bilan chamarchas bog‘liq. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitini Toshkent ilk marotaba qabul qilib olishining o‘zi bir tarixiy voqea bo‘lsa, uning mintaqa iqtisodiyoti ravnaqiga qaratilgan mohiyati alohida hodisa bo‘ldi.
Galdagi sammitga qiziqish ham, tayyorgarlik ham yuqori edi. Uning ahamiyati haqida tadbir boshlanmasidan oldin gapirila boshlandi. Mahalliy, tashkilot a’zosi bo‘lgan mamlakatlar ommaviy axborot vositalari qatorida boshqa davlatlar nashrlari ham butun sahifalarini O‘zbekistonga bag‘ishlangan salmoqli, tahliliy maqolalarga bag‘ishladi. Jumladan, Janubiy Koreyaning “The Korea Post” jurnalida IHT bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan e’lon qilingan intervyuda bosh kotib IHTni yanada rivojlantirish istiqbollari va ushbu jarayonda O‘zbekistonning ishtiroki xususida fikr yuritarkan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashda juda faol ekanligini aytgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022 yil IHT makonida “O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash yili”, deb e’lon qilingani ushbu munosabatlar mustahkamlanishida muhim omil bo‘lganini ta’kidlagan.
O‘zbekiston — tashkilotning faol ishtirokchisi
Darhaqiqat, O‘zbekiston IHTning faol va tashabbuskor mamlakatlaridan biri hisoblanadi. Binobarin, aynan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tuzilma doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillik, iqlim o‘zgarishi kabi bir qator yo‘nalishlarda ishlar yanada jadallashdi.
O‘zbekiston IHT sammitlarida muntazam ishtirok etib keladi. Xususan, yaqin yillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2021 yildagi o‘n beshinchi sammit yakunlari bo‘yicha IHTga raislik ilk marotaba O‘zbekistonga o‘tdi. O‘tgan yil boshida bo‘lib o‘tgan IHT Hududiy rejalashtirish kengashining yig‘ilishida O‘zbekiston tashabbusi bilan 2022 yil “O‘zaro bog‘liqni mustahkamlash yili”, deb e’lon qilindi.
Umuman, tashkilotning o‘n beshinchi sammitida O‘zbekiston tomonidan jami 8 ta dolzarb taklif va tashabbuslar ilgari surilib, ular boshqalar tomonidan qo‘llab-quvvatlangani alohida e’tiborga loyiq. Hozirgi kunga qadar ushbu tashabbuslardan 5 tasi to‘liq bajarilgan bo‘lsa, 3 tasi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda. Ya’ni o‘zaro sarmoyalar oqimini ko‘paytirish va ularni ishonchli himoya qilish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi” qabul qilingani, tashkilot ichida xalqaro ekolog olimlar va ekspertlar ishtirokida yuqori darajadagi doimiy muloqot kengashi tashkil etilgani, xavfsiz sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha umummintaqaviy dastur qabul qilinishi aynan davlatimiz rahbari sa’y-harakati samarasidir.
Shuningdek, mintaqadagi mavjud va yangi transport yo‘laklaridan unumli foydalanish, mintaqalararo tranzit xablarini tashkil etish, zamonaviy transport va yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish ham O‘zbekiston siyosatining ushbu tashkilot, umuman, tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridir.
Bugungi kunda O‘zbekiston faol, pragmatik va ko‘p tomonlama tashqi siyosat yuritmoqda. Mamlakatimiz tashqi siyosiy faoliyatining muhim yo‘nalishi bu uning yaqin atrofdagi davlatlar, shuningdek, nufuzli xalqaro tuzilmalar ko‘p tomonlama hamkorlik qilishdir. Ularning ichida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti alohida o‘ringa ega.
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va O‘zbekiston siyosati ana shu jihatlari bilan alohida ajralib turadi. Tahlillar jahondagi global inqirozga, georsiyosiy va geoiqtisodiy tebranishlarga qaramasdan, tashkilotga a’zo davlatlar iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlarini ko‘rsatayotgani uning O‘zbekiston va mintaqa iqtisodiyoti uchun nechog‘lik ustuvor ahamiyatga ega ekanligini anglatadi.
Tuzilmaning poytaxtimiz mezbonlik qilgan navbatdagi sammiti yuqori tashkilotchilik asosida o‘tkazilganini aytib o‘tdik. Lekin uning yakunida kelingan xulosalar hammasidan muhim. Zero, ko‘tarilgan har bir masala va yo‘nalish a’zo mamlakatlar istiqboli, demakki, shu hududda istiqomat qilayotgan odamlar farovonligini ta’minlaydi.
Iqtisodiyotga yo‘naltirilgan kapital inson farovonligiga qaratilgan harakatdir
Iqtisodiyotga yo‘naltirilgan sarmoya mohiyati, alal-oqibat, inson manfaatiga borib taqaladi. Nega deganda, iqtisodiy o‘sishning eng muhim jihatlardan biri — aynan inson kapitaliga ega bo‘lish va undan samarali foydalanishdir. Bu esa mamlakat iqtisodiyotining dunyo miqyosidagi o‘rnini belgilab beradi.
Iqtisodiy taraqqiyot va har bir insonning turmush farovonligi inson kapitaliga bevosita bog‘liq. Har qanday resurs singari inson kapitali ko‘payishi va qadrsizlanishi mumkin. Lekin bugun dunyo birinchi omilga katta e’tibor qaratmoqda. Chunki taraqqiyot, kelajak aynan shunga tayanadi.
Jahon iqtisodiy forumi Garvard universiteti va Mercer Human Resource Consulting xalqaro konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda 2013 yildan boshlab Inson kapitalini rivojlantirish indeksini e’lon qilishni boshlagan. Jahon iqtisodiy forumi mutaxassislari fikricha, “ ...Inson kapitali global iqtisodiy tizimda ne’matlar yaratish imkonini beruvchi bilim va ko‘nikmalarga ega insonlardir”.
Jahon banki 2018 yildan boshlab xalqaro miqyosda mamlakatlarning Inson kapitali indeksi (The Human Capital Index)ni tuzishni boshlagan. 2022 yilda ushbu reytingda 83 ta mamlakatlar qatnashgan.
Indeks mualliflari fikriga ko‘ra, inson kapitalini o‘lchashda “ta’lim olish” bilan bog‘liq yillar soni emas, balki real kasbiy malaka egallash imkonini beruvchi “ko‘nikmalar” muhim ahamiyatga ega.
Shunday qilib, inson kapitali deganda insonni ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar tufayli shakllanadigan jamg‘arilgan bilim va ko‘nikmalari tushuniladi.
Shu o‘rinda o‘quvchida maqola Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti va unda O‘zbekistonning ishtiroki haqida bo‘la turib, firklar nishabi inson kapitali tomonga burilib ketayotgani xususida savol tug‘ilishi mumkin. Fikrimizni asoslaymiz. Gap shundaki, bugungi kunda IHTga o‘nta davlat – Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston a’zo. Ushbu mamlakatlar hududi ulkan resurslarga boy. Aholisi soni esa yarim milliard kishini tashkil etadi. Bu ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham siyosiy jihatdan juda katta resurs va kuch.
Endi tasavvur qiling, agar ana shu ulkan tabiiy, iqtisodiy kuchdan unumli foydalanilsa, investitsiyalar to‘g‘ri shakllantirilib, oqilana yo‘naltirilsa, uning samarasi bugungi imkoniyatdan, hozirgi salohiyatdan bir necha barobar ortib ketadi. Bu mamlakatlar kelajagi uchun, odamlar istiqboli uchun juda katta va mustahkam zamin yaratadi.
Tashkilot ravnaqiga doir yetti tashabbus
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari tashkilot kelajagi va ravnaqiga, ya’ni o‘zaro savdoni rivojlantirish, transport kommunikatsiya bog‘liqligini kuchaytirish, sanoat kooperatsiyasi va ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, “yashil” energetika, iqlim o‘zgarishlari, turizm hamda madaniy-gumanitar hamkorlikka doir yettita tashabbusni ilgari surdi.
Aytish joizki, ular mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tashqi siyosatdagi faoliyat bilan hamohang tashabbuslardir. Ularning har biri hozirgi paytda qanchalik dolzarb va global ahamiyatga ega bo‘lib borayotgan barchamizga yaxshi ayon.
O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishdagi ishlar, sa’y-harakatlar izchillik kasb etib bormoqda. Mamlakatning oldiga qo‘ygan maqsadlari chakana emas. Marra yangi O‘zbekistonni yaqin kelajakda yaxshilar qatoriga olib chiqish. Bularni o‘z ichiga jamlagan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi ishlab chiqilgan. Unda belgilab olingan barcha — 100 maqsadning o‘z o‘rni bor, albatta. Lekin biz quyida mavzuga aloqador bir nechtasiga to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
Dastlabki maqsadning mohiyatiga e’tibor bering: har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish. Bunda bolalarni maktabgacha ta’limdan tortib, yoshlarni kasbga o‘qitish, oliy ta’lim olishlarigi imkonniyati batafsil qayd etilgan. Xususan, shu davr ichida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash, 30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida «ikki diplomli tizim»ni joriy etish,10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli “Top-1000” oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritish, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish, iqtisodiyotning eng tez o‘sib borayotgan yo‘nalishlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish, “korxona — oliygoh — ilmiy tashkilot” klaster tizimini joriy etish ko‘zlangan.
Shuningdek, transport va logistika, qishloq xo‘jaligida hosildorlik, energetika, biotexnologiya, geologiya va metallni qayta ishlash, mashinasozlik va elektronika yo‘nalishlarida 8 ta ilmiy ishlab-chiqarish klasteri tashkil etiladi. Yuqorida keltirganimizdek, ta’lim, ilm kelajak mevasi ekan, ushbu maqsadlar bugungi talablarga har tomonlama javob beradi.
O‘zbekiston 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmi 2 barobar oshib, “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga olib kiriladi, yalpi ichki mahsulot hajmi 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlar 4 ming dollarga yetkaziladi.
“Yashil iqtisodiyot”ga o‘tilib, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlari keskin oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining global transport-logistika tarmoqlariga integratsiyasi chuqurlashtirilib, milliy transport tizimi salohiyati oshiriladi. O‘zbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar soni oshiriladi.
Tashkilotga a’zo davlatlar iqtisodiyoti bir-biriga bog‘liq holda mustahkamlanib borayapti.
Lekin davlatimiz rahbari o‘z nutqida bu natijalar qoniqarli emasligiga alohida urg‘u berib, o‘tgan yili a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etib, bu umumiy tashqi savdonig atigi 8 foizi ekanligini, imtiyozli savdo bitimini tuzish bo‘yicha ko‘p yillik urinishlar kutilgan samarani bermayotganini, to‘siqsiz savdoni shakllantirish yo‘lida hali-hamon ko‘plab cheklov va muammolar saqlanib qolayotganini aytib o‘tdi. Shu bois barchani ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishga chaqirdi.
Bundan tashqari, tashkilotga a’zo davlatlarning aksariyati dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emas. OsiyoTinch okeani, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalarining yirik bozorlari bilan bog‘laydigan va bizning hududlarimiz orqali o‘tadigan transkontinental transport yo‘laklari salohiyatidan to‘liq foydalanish zarurligi qayd etildi nutqda.
Kelgusida “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” va Transafg‘on multimodal yo‘llarining ishga tushirilishi barcha a’zo davlatlar manfaatlariga mos keladi.
Shu bilan birga, milliy energetika strategiyalarini uyg‘unlashtirish, mintaqalararo energiya resurslarini uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, “yashil” energetika texnologiyalarini keng joriy etishning ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga, turizm va madaniy gumantar sohalarga doir tashabbuslar ham a’zo davlatlarning iqtisodiy aloqalarini yanaa musthkamlash barobarida, do‘stona munosabatlarni yanada yaqinlashirishi bilan ahamiyatlidir.
Mushtarak maqsad va boy tarix — rivojlanishning asosiy jihati
Aytish joizki, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarni iqtisodiy aloqalardan tashqari, boy tarix, umumiy din, o‘xshash madaniyat, san’at ham birlashtirib turadi.
Shu bilan birga, a’zo davlatlar hududiy jihatdan ham bir-biriga yaqin. Mana shu omillarning o‘ziyoq, hamkorlikni yanada mustahkamlash va yangi-yangi qirralarni yuzaga chiqarish uchun katta imkoniyatdir. Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, yaqin va yaxshi qo‘shni bo‘lgan mamlakatlar istisodiyoti bir-birini to‘ldiradi. Umumiy savdo-transport koridorlari va energetika tarmoqlari davlatlarni uzviy bog‘laydi.
Tashkilotning ilk nomi “Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish” bo‘lib, Turkiya, Eron va Pokiston davlatlari tomonidan, 1964 yilda tashkil etilgan. XX asrning 70 yillariga kelib ichki savdoning susayib ketishi uning faoliyati to‘xtatishga sabab bo‘lgan. 1985 yilda “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti” nomi ostida o‘z faoliyatini qaytadan boshlagan tuzilma hozirgi ko‘rinishga 1992 yil 28 noyabrdagi favqulodda yig‘ilishdan so‘ng erishgan. Pokiston poytaxti Islomobodda bo‘lgan yig‘ilishda Afg‘oniston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirlari qatnashgan hamda davlatlar tashkilotga a’zo bo‘lishgan.
Tashkilotning asosiy maqsadlari o‘laroq, savdo-sotiq aloqalarini yuksaltirish, har bir a’zo mamlakatda aholi turmush tarzini yaxshilash hamda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashdir. Shuningdek, a’zo mamlakatlarning madaniy aloqalarini yuksaltirish ham tashkilotning asosiy maqsadi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarda, xususan, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida mas’uliyatli va tashabbuskor davlat sifatida o‘zini namoyon eta boshladi. Bu esa tashkilot doirasida zamonaviy transport va yo‘l infratuzilmalari rivojlanishiga, xalqaro yuk va yo‘lovchi tashish imkoniyatlari kengayishida, umuman, iqtisodiy aloqalar har tomonlama mustahkamlanishida katta rol o‘ynamoqda.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan tarixiy sammit kelishuvlari va Prezidentimiz nutqida belgilangan vazifalar, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotini samarali va ta’sirchan tuzilmaga aylanishiga, ko‘pqirrali aloqalar sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.
Qalandar Abdurahmonov,
akademik
Izoh qoldirish