Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Banklar faollik indeksi”ni ishlab chiqdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Banklar faollik indeksi”ni ishlab chiqdi

2020 yil 24 iyul, Toshkent. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 maydagi farmoni bilan “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi” va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqladi. Bank sektorida davlat aralashuvini kamaytirish, davlat ulushi mavjud banklarni kompleks transformatsiya qilish va ularning davlat resurslariga qaramligini pasaytirish, xususiy sektor uchun moliyaviy vositachilik darajasi hamda moliyaviy xizmatlari ommabopligini oshirish kelgusi besh yillikda bank sektorini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Bank aktivlarida xususiy banklar ulushini, shuningdek bank sektorida amalga oshirilayotgan islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligini doimiy ravishda baholab borish maqsadida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan “Banklar faollik indeksi”ni ishlab chiqildi. Mazkur indeks ikkita subindeksdan iborat:

  • Moliyaviy vositachilik va ommaboplik indeksi;
  • Moliyaviy barqarorlik indeksi.

Markaz o‘z tadqiqotida 27 ta tijorat banki uchun faoliik indeksini baholaydi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston bank tizimida 31 ta tijorat banki faoliyat olib bormoqda. Shulardan 13 ta bank davlat ulushi mavjud banklar bo‘lsa, 16 ta bank xususiy banklar yoki chet el kapitali ishtirokidagi banklar hisoblanadi. 2019 yil iyul oyidan boshlab Qozog‘iston “Halyk bank”ning sho‘’ba banki sifatida Tenge bank o‘z faoliyatini boshladi. Payme to‘lov xizmati aksiyalari boshqaruv paketini sotib olgan Gruziyaning TBC banki joriy yil aprel oyidan bank faoliyatini amalga oshirishni boshladi.

Banklar uch guruhga bo‘lindi: davlat ulushi mavjud yirik banklar; raqobatchi banklar; markazlashgan banklar[1]:

“2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi”da (bundan buyon – Strategiya) ta’kidlab o‘tilgan bank tizimidagi muammolarni inobatga olib, “Banklar faollik indeksi”ning birinchi subindeksi sifatida moliyaviy vositachilik va ommaboplik indeksi hisoblandi.

Ushbu ko‘rsatkichni aniqlashda jamg‘arma va muddatli depozitlarning jami kreditlar qo‘yilmalariga nisbati, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablag‘larning jami majburiyatlardagi ulushi hamda bank aktivlarining shakllanishida hukumatdan olingan moliyaviy mablag‘larning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.

Moliyaviy vositachilik

Tijorat banklarining jamg‘armalarni bank tizimiga jalb qilish hamda ushbu jamg‘armalarni moliyaviy va iqtisodiy nuqtai nazardan eng samarali loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirish salohiyati banklarning moliyaviy vositachi sifatida faolligini belgilab beradi.

Moliyaviy vositachilik ko‘rsatkichlaridan biri real sektordan jalb qilingan depozitlarning ajratilgan kreditlarga nisbati hisoblanadi. Ushbu ko‘rsatkich qanchalik yuqori bo‘lsa, “Banklar faollik indeksi”ga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va aksincha past bo‘lsa, salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 2020 yil 1 iyun holatiga, bank sektorida aholi depozitlarining kredit qo‘yilmalariga nisbati davlat ulushi mavjud 10 ta yirik bankda o‘rtacha 7,4 foiz, raqobatchi banklarda 32,5 foiz va markazlashgan banklarda 26,3 foizni tashkil etdi. Ushbu raqamlar kreditlar berishda davlat yirik banklari uchun aholi depozitlaridan tashqari majburiyatlarning ahamiyati katta ekanligidan dalolat beradi.

Davlat ulushi mavjud 10 ta yirik bankdan 7 tasida boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning jami majburiyatlaridagi ulushi 25 foizdan yuqori hisoblanadi. Xususan, ushbu ko‘rsatkich O‘zmilliy bankda 51,6 foiz, Asaka bankda 50,1 foiz, O‘zsanoatqurilish bankda 43,2 foiz, Agrobankda 39,8 foiz, Mikrokredit bankda 36,6 foizni tashkil etadi.

Shuningdek, bankning har bir filialiga to‘g‘ri keluvchi depozitlar va kreditlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, raqobatchi va markazlashgan banklar ajratilgan kreditlarining katta qismini jalb qilingan depozitlar hisobidan moliyalashtirgan.

Davlat ulushi mavjud yirik banklarning majburiyatlari tarkibida hukumatdan olingan mablag‘lar ulushi yuqoriligicha qolmoqda. 2020 yil 1 iyun holatiga, Qishloq qurilish bank majburiyalarida hukumat mablag‘lari ulushi 40,5 foiz, Ipoteka bankda 31,5 foiz, Agrobankda 27,4 foiz, Mikrokredit bankda 21,2 foiz va O‘zmilliy bankda 14,9 foizni tashkil etdi.

Moliyaviy ommaboplik

Banklarning moliyaviy ommabopligi kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarinining qay darajada ekanligi va “banksiz” qolayotgan aholi qatlamini bank sektoriga jalb qilish darajasini ko‘rsatadi.

2019 yilda Jahon banki tomonidan O‘zbekistondagi 1239 korxona va firmalar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, firmalarning faqat 22,2 foizida bank kreditlari/kredit liniyalari mavjud (Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun o‘rtacha ko‘rsatkich 37,5 foiz). 15,1 foiz firmalarning kredit olish bo‘yicha arizalari rad etilgan (Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun o‘rtacha ko‘rsatkich 9,1 foiz). Ushbu omillar hisobga olinsa, bankning har bir filialiga to‘g‘ri keluvchi kredit olgan tadbirkorlar soni ma’lum darajada bank xizmatlari ommabopligini o‘lchovchi mezonlaridan biri sifatida qaralishi mumkin.

Ushbu yo‘nalishda Ipak yo‘li bank, Agrobank va Hamkor bank eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega. Ipak yo‘li bankning har bir filialiga o‘rtacha hisobda 548 ta kredit olgan tadbirkor to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich Agrobank va Hamkor bankda mos ravishda 497 va 467 tani tashkil etadi.

Markazlashgan banklarda 10 ta eng yirik qarz oluvchilarga berilgan kreditlarning jami kredit portfelidagi ulushi o‘rtacha 54 foizni tashkil etadi. Xususan, 2020 yil 1 iyun holatiga, ushbu ko‘rsatkich O‘zKDB bank, Xay-tek bank, Tenge bank, Ravnaq bank, Ziraat bank va Poytaxt bankda nisbatan yuqori hisoblanadi.

Davlat ulushi mavjud yirik banklar guruhida O‘zmilliy bank va Asaka bank tomonidan top-10 mijozlarga berilgan kreditlarning jami kreditlariga nisbati 50 foizdan yuqori hisoblanadi. Ushbu guruhda 4 ta bankda (Turon bank, O‘zsanoatqurilish bank, Aloqa bank va Mikrokredit bank) ushbu ko‘rsatkich 27 foizdan 39 foizgacha yetadi.

Raqobatchi banklar orasida faqat Oriyent Finans bankning top-10 mijozlari hissasiga kredit portfelining salkam 50 foiziga yaqini to‘g‘ri keladi.

Davlat ulushi mavjud 4 ta eng yirik banklarda iqtisodiyotning xususiy sektoriga berilgan kreditlarning ulushi nisbatan past darajada saqlanib qolmoqda. Xususan, ushbu ko‘rsatkich O‘zmilliy bankda 41 foiz, O‘zsanoatqurilishbankda 59,2 foiz, Agrobankda 56,7 foiz va Asaka bankda 66,5 foizni tashkil etadi.

Banklar faollik indeksi bo‘yicha reyting

2020 yil may oyi uchun hisoblangan “Banklar faollik indeksi” bo‘yicha reytingning top-3 ligida Kapital bank, Hamkor bank va Aloqa bank joylashdi.

Kapital bank umumiy reytingda (moliyaviy vositachilik va daromad olish salohiyati ko‘rsatkichlari bo‘yicha reytinglarda ham) 1-o‘rinni egalladi. Xususan, Kapital bankda jamg‘arma va muddatli depozitlarining jami kreditlariga nisbati 82 foizgacha oshgan bo‘lsa, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning jami majburiyatlaridagi ulushi hamda majburiyatlari tarkibida davlat mablag‘lari ulushi bank tizimi o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha past hisoblanadi (mos ravishda 3,2 va 0,14 foiz).

Shuningdek, Kapital bankning moliyaviy ommaboplik indeksi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlari, xususan 10 ta eng yirik mijozlariga berilgan kreditlar ulushi hamda xususiy sektorga berilgan kreditlarning jami kreditlar hajmiga nisbati mazkur banknig reytingda yuqori pog‘onani egallashiga sabab bo‘ldi.

Hamkor bank umumiy reytingda 2-o‘rinni (moliyaviy ommaboplik bo‘yicha 1-o‘rinni, daromadlilik bo‘yicha 2-o‘rinni) egalladi. Xususan, mazkur bank jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar o‘rtacha soni (har bir filialga 4323 kishi) bo‘yicha reytingda 3-o‘ringa joylashdi. Hamkor bankning top-10 mijozlariga berilgan kreditlar ulushi past darajada (14,3 foiz) hisoblanadi.

Banklar faollik indeksi bo‘yicha reyting

Aloqa bank davlat ulushi mavjud yirik banklar orasida hukumat oldidagi majburiyatlarining kamligi, jamg‘arma va muddatli depozitlarining jami kreditlariga nisbati yuqoriligi sababli umumiy reytingda 3-o‘rinni egalladi.

Tenge bank, O‘zKDB bank va Poytaxt bank umumiy reytingning so‘nggi uchligida joylashdi. O‘zKDB bankning top-10 yirik mijozlariga berilgan kreditlarning jami kredit portfelidagi ulushi juda yuqoriligi hamda kreditlarni jamg‘arma va muddatli depozitlar hisobidan moliyalashtirish darajasining pastligi mazkur bank uchun nisbatan past indeks hisoblanishiga sabab bo‘ldi.

2019 yilda o‘z faoliyatini boshlagan Tenge bank va Poytaxt bankda jamg‘arma va muddatli depozitlarning jami kredit qo‘yilmalariga nisbatining pastligi, Tenge bank majburiyatlarida boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning yuqori ulushi mazkur banklarning “Banklar faollik indeksi” bo‘yicha reytingda mos ravishda 25-o‘rin va 27-o‘rinlarni egallashiga sabab bo‘ldi. Shunga qaramasdan, ushbu banklar likvidlilik darajasi bo‘yicha top-3 liderlar hisoblanadi.

*Tadqiqot metodologiyasi va batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan to‘liq hisobotni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazidan so‘rov bo‘yicha olish mumkin.

Murojaat uchun:

Tel.: (+998) 78 150-02-02

E-mail: k.khamidov@cer.uz, khamidovkhalilillo@gmail.com

X.S. Xamidov,

Yetakchi ilmiy xodim Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati

[1] Savdogar bankning 13 ta hududda 19 ta filiali, Universal bankning 3 ta hududda 4 ta filiali bo‘lishiga qaramasdan, ushbu banklar aktivlari, kredit qo‘yilmalari, kapitali va depozitlari hajmidan kelib chiqib markazlashgan banklar guruhiga kiritildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar