Jamshid Qo‘chqorov boshchiligida bugungi kunda narxi pasayishi sababli qator muhokamalarga sabab bo‘layotgan piyoz masalasi o‘rganildi

Jamshid Qo‘chqorov boshchiligida bugungi kunda narxi pasayishi sababli qator muhokamalarga sabab bo‘layotgan piyoz masalasi o‘rganildi

Iqtisodiy taraqqiyot vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarligida ichki iste’mol bozoriga meva-sabzavot va go‘sht mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish yuzasidan fermer xo‘jaliklari, eksportyorlar, dehqon bozorlari rahbarlarining takliflari bilan o‘rtoqlashish maqsadida ochiq davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Axborot xizmati xabar qildi.

Davra suhbati ochiq muloqot tarzida bo‘lib, ishtirokchilar bugungi kunda meva-sabzavot va go‘sht mahsulotlari yetishtirish, saqlash va sotish jarayonidagi mavjud ayrim muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan o‘z takliflarini bildirishdi.

Ayniqsa, bugungi kunda narxi pasayishi sababli qator muhokamalarga sabab bo‘layotgan piyoz masalasi muhokama qilindi.

So‘ngi 3 yilda piyoz eksporti hajmi keskin 7,6 barobarga oshib, 2012 yildagi – 28,6 ming tonnadan, 2020 yilda 216,2 ming tonnaga yetgan.

Lekin shunga qaramay piyoz eksporti uni ishlab chiqarish xajmiga nisbatan pastligicha qolmoqda, jumladan, 2020 yilda qilingan eksport, yetishtirilgan piyozga nisbatan 17,2 foizni tashkil qilgan.

Shu bilan birgalikda, joriy yilning yanvar-may oylarida 124,8 ming tonna piyoz eksport qilingan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 82,2% tashkil qilgan, ya’ni 27,1 ming tonnaga kam.

Ichki va tashqi bozorni meva-sabzavot va go‘sht mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashda eng asosiy muammo bu ishlab chiqaruvchilar va xaridorlar o‘rtasida onlayn ma’lumot almashuvining mavjud emasligi qayd etildi.

Shuningdek, ichki iste’mol bozorida talab va taklif o‘rtasida muvozanatni saqlash, mahsulot yetishtiruvchi va xaridorlarni ulgurji bozorlarda kunlik shakllanayotgan narxlar bilan doimiy xabardor qilib borish bo‘yicha yangicha tizim yaratish va amaliyotga joriy etish yuzasidan takliflar bildirildi.

Berilgan takliflardan kelib chiqib bir oy muddatda:

- Toshkent shahridagi “Toshkent qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori” hamda “Eski Juva dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyatlarida tajriba tariqasida bozor hududiga kunlik kirib kelgan meva-sabzavot va go‘sht mahsulotlari turi, miqdori, ularning eng quyi va eng yuqori narxi va qaysi hududdan olib kelinganini o‘z ichiga olgan dasturiy ta’minot ishlab chiqilishi;

- ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot orqali bozor hududiga kunlik kelgan meva-sabzavot va go‘sht mahsulotlari turi, miqdori, ularning narxi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida doimiy e’lon qilib borilishi;

- meva-sabzavot va go‘sht mahsulotlari narxlarining ko‘tarilishi va unga ta’sir etgan omillar haqida Davlat statistika qo‘mitasida doimiy brifing o‘tkazib borilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar