Jizzax viloyatida sanoat sohasining 2023 yil 1-chorak yakunlari

Jizzax viloyatida sanoat sohasining 2023 yil 1-chorak yakunlari

2023 yilning yanvar-mart oylarida jami 3 797 mlrd.so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘sish sur’atlari 104% ni (3-o‘rin), respublikadagi ulushi 2,9% ni (13-o‘rin) tashkil etdi.

Eng yuqori o‘sish sur’atlari G‘allaorol (113,2%), Zarbdor (106,3%) va Baxmal (105,6%) tumanlarida qayd etilgan bo‘lsa, Arnasoy (61,6%) Zafarobod (97%) va Sh.Rashidov (97,1%) tumanlarida ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi 2022 yilning mos davriga nisbatan kam bo‘ldi.

Ishlab chiqarilgan jami sanoat mahsulotlari hajmining 67 foizi G‘allaorol tumani (44%) va Jizzax shahri (23%), hissasiga to‘g‘ri keladi.

YaHM tarkibidagi sanoat ulushi o‘sib 20,8% ni tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 3,6 punktga o‘sgan bo‘lsada, respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan (28,2%) 1,4 barobar kam. (13-o‘rin)

Aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmi 2 567 ming.so‘mni (7-o‘rin), o‘sish sur’atlari 101,8% ni (3-o‘rin) tashkil etdi.

Jizzax shahri (4 596 ming so‘m), G‘allaorol (9 010 ming so‘m), Zafarobod (4 670 ming so‘m) va Do‘stlik (3 385 ming so‘m) tumanlarida aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari viloyat o‘rtacha darajasidan yuqori, Baxmal (176 ming so‘m) va Sh.Rashidov (467 ming so‘m) tumanlarida eng past ko‘rsatkichlarni qayd etdi.

Jami sanoat mahsulotlarining 97,4% qayta ishlash sanoati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tog‘-kon sanoati ulushi – 0,6%, elektr ta’minoti, gaz, bug‘ yetkazib berish va sun’iy iqlim xosil qilish ulushi – 1,6%, suv ta’minoti, oqava suv, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish ulushi – 0,4% ni tashkil etdi.

Qayta ishlash sanoati tarkibidagi avtotransport vositalari, treyerlar va yarim pritseplar ishlab chiqarish (43%), to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish (22%), boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish (8%) va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish (7%) yo‘nalishlari eng yuqori ulushga ega.

1 aprel holatiga sanoat yo‘nalishida 4 637 ta, shundan 30 tasi yirik, 89 tasi kichik va 4518 tasi mikrofirmalar faoliyat ko‘rsatmoqda. KBSning jami sanoatdagi ulushi 63,6% tashkil etdi.

Sanoat korxonalarining 28% Jizzax shahri, 16% Sh.Rashidov, 11% G‘allaorol tumanlarida joylashgan.

Xujakulov Ulug‘bek Suvonkulovich
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi
Jizzax filiali bosh ilmiy xodimi
Telefon: 97- 127-72-80
E-mail: u.khujakulov@cerr.uz
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar