Rossiya tomoni O‘zbekiston prezidentining avvalroq Moskvaga rejalashtirilgan davlat tashrifining joriy yilda amalga oshishiga umid qilmoqda va unga tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Toshkentda «Valday» xalqaro munozara klubi hamkorligida o‘tkazilgan «Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari» xalqaro konferensiyasida ma’lum qildi.
«Juda jiddiy hujjatlar paketi tayyorlandi — birinchi navbatda savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida, shuningdek, boshqa sohalarda, shu jumladan mudofaa sohasida va biz mazkur tashrif haqiqatan ham tarixiy bosqichga aylanishiga umid qilamiz», — dedi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.
Andrey Rudenko konferensiya davomida Rossiyaning Markaziy Osiyodagi siyosati «maksimal darajada ochiq» ekanligini aytdi.
«Bizning hech qanday maxfiy kun tartibimiz yo‘q, biz mintaqaning barcha davlatlari bilan teng huquqli hamkorlikni, ishonchli hamkorlikni, maksimal darajada halol, prinsipial muloqot orqali qurishga intilamiz, — dedi u. — Boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, biz mintaqa davlatlarini siz kim bilansiz — Rossiya bilanmi yoki Rossiyaga qarshi qabilidagi geosiyosiy tanlovlar qarshisida qoldirish g‘oyalari yoki rejalari yo‘q».
«Biz ko‘rsatilayotgan yordam va ko‘makni siyosatlashtirayotganimiz yo‘q, — deya davom etdi u. — Biz uchun eng muhimi, mintaqa davlatlari iqtisodiy va ijtimoiy nuqtai nazardan rivojlanishi uchun mintaqada mintaqaviy va ehtimol yanada kengroq doiradagi xavfsizlik uchun qulay sharoitlar yaratilishi. Bu Rossiyaning mazkur davlatlar bilan uzoq muddatli, oldindan aytish mumkin bo‘lgan munosabatlarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun asos bo‘ladi».
Andrey Rudenkoning so‘zlariga ko‘ra, bularning barchasi «so‘nggi yillarda juda jadal rivojlanib borayotgan» Rossiya-O‘zbekiston hamkorligiga ham to‘liq taalluqlidir.
«Bu ittifoqchilik va strategik sherikchilik xarakterini o‘zida mujassam etadi. Bu juda muhim xarakteristikadir — garchi O‘zbekiston KXShTdagi (Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti — tahr.) ishtirokini 2012 yildayoq to‘xtatgan bo‘lsa ham, biz bu mamlakatni ishonchli va sodiq ittifoqchi deb bilamiz», — deya xulosa qildi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.
Izoh qoldirish