O‘zbekistonda avtomobil bozorida savdo hajmi qanday o‘zgardi

O‘zbekistonda avtomobil bozorida savdo hajmi qanday o‘zgardi

2021 yilning iyul oyida aholi o‘rtasida avtomobil oldi-sotdisi bo‘yicha shartnomalar soni joriy yilning iyun oyiga nisbatan 23,8% sezilarli kamayganligini ko‘rsatdi.

Shuningdek, 2020 yil iyul oyi bilan taqqoslaganda, 16,2 %ga o‘sdi.

Shu bilan birga, iyul oyi ko‘rsatkichlarini o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslaganda xulosa qilish mumkinki, mamlakatda epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi sababli joriy etilgan bu yilgi cheklov choralari o‘tgan yilning iyul oyida butun mamlakat bo‘ylab lokdaun qilinishidan farqli o‘laroq unchalik qattiq bo‘lmadi. Ushbu choralar talabning keskin darajada pasayib ketishini oldini olishga yordam berdi.

Birinchidan, hozirda ichki avtomobil bozorida xaridorlar va sotuvchilarga narx emas, balki avtomobillarni yetkazib berish bilan bog‘liq qiyinchiliklar bosim ko‘rsatmoqda.

Yarimo‘tkazgichlarni yetkazib berish bilan bog‘liq vaziyat (zamonaviy avtomobillarda tobora murakkab elektronikani boshqarish uchun ishlatiladigan kompyuter chiplari) yomonlashmoqda va salbiy tendensiya davom etmoqda. Koronavirus pandemiyasi tufayli vujudga kelgan global mikrochiplarning taqchilligi avtomobillar yetkazib berish kutish vaqtini oshirmoqda. Shu munosabat bilan yangi tuzilgan shartnomalar bo‘yicha ayrim mahalliy avtomobillarni yetkazib berish faqat 2022 yilning fevral oyidan boshlanadi.

1-rasm. Ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni o‘zgarishi indeksi

Biroq, avtomobillar oldi-sotdisining eng katta pasayishi asosan ikkilamchi bozorda kuzatildi. Shunday qilib, savdolarning o‘tgan oyga nisbatan kamayishi ikkilamchi bozorda 30,9%, birlamchi bozorda 9,3%ni tashkil etdi.

Ehtimol, bu yangi avtomobilni yetkazib berish vaqtining oshishi va potensial iste’molchining eski avtomobilini yangisiga almashtirish imkoniyatining cheklanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

2-rasm. 2021 yilda birlamchi va ikkilamchi avtomobil bozori

Hisobot davrida ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni barcha viloyatlarda (Jizzax viloyatidan tashqari) mo‘’tadil sur’atlar bilan kamaydi. Eng yuqori pasayish Toshkent (55,8%), Qashqadaryo (24,7%), Navoiy (19%) va Farg‘ona (17%) viloyatlarida qayd etildi.

2021 yil iyul oyida 17,2 mingta yangi avtomobil ro‘yxatga olindi. Shundan 454 tasi (2,7%) chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillardir.

Umuman, yanvar-iyul oylarida respublika bo‘yicha 111,8 ming dona yangi yengil avtomobillar sotildi, shundan, 5,1 ming donasi chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar.

Chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar eng ko‘p sotilgan hududlar Toshkent shahri (yangi avtomobillarning 11,6%), Toshkent (5,2%), Samarqand (3,2%) va Xorazm (2,3%) viloyatlari bo‘ldi.

Ushbu davrda yangi yengil avtomobillar eng ko‘p sotilgan hududlar Toshkent shahri – 25,9 ming dona, shundan, 3 ming dona chet elda ishlab chiqarilgan, Toshkent – 11,8 ming dona (608 dona), Samarqand – 9,95 ming dona (318) va Xorazm – 7,7 ming dona (181) viloyatlarida qayd etildi.

3-rasm. 2021 yilning yanvar-iyul oylarida mahalliy va chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi ulushi

*Ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlarining batafsil tahlilini Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga murojaat qilish orqali olishingiz mumkin.

Xalilulloh Hamidov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Bosh ilmiy xodimi

tel: (78) 150 02 02 (410)

Tadqiqot haqida savollaringiz bo‘lsa, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Jamoatchilik bilan aloqalar xizmatiga murojaat qiling.

tel: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar