2021 yilda narxlarga qanday omillar ta’sir qiladi: Markaziy bankning prognozi

2021 yilda narxlarga qanday omillar ta’sir qiladi: Markaziy bankning prognozi

Proteksionistik siyosat, eksportyorlar tomonidan asosiy oziq-ovqat tovarlari eksporti bo‘yicha cheklov choralarining (kvota va tariflar) kiritilishi asosiy oziq-ovqat tovarlari importining qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.

Inflyasiya darajasi prognozi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishning asosiy omillari

O‘zbekiston Markaziy banki 2020 yil IV choragi uchun pul-kredit siyosatining sharhini e’lon qildi, unda inflyasiya darajasi 2021 yilda 9-10 foizga qadar yanada pasayishi kutilmoqda.

2020 yilda dunyoda koronavirus inqirozining xususiyatlaridan biri talab va taklif tufayli yuzaga keladigan shoklarning ichki va tashqi iqtisodiy sharoitning yomonlashuvi bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi.

Ko‘plab mamlakatlar 2020 yil dekabrdan boshlab virusga qarshi emlashni boshlaganiga qaramay, dunyoda pandemiya hanuzgacha davom etmoqda va shu munosabat bilan ayrim mamlakatlar tomonidan
karantin cheklovlarining qayta kiritilishi 2021 yilda tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklarni keltirib chiqarmoqda.

Bunday vaziyatda inflyasiyani 2021 yil oxiriga kelib 9-10% darajasida saqlab qolish uchun barqaror tashqi va ichki sharoitlarni shakllantirish muhim ahamiyatga ega, bu 2020 yil IV choragida pul-kredit siyosatini ko‘rib chiqishdan kelib chiqadi.

Birinchidan, 2021 yilda dunyoda epidemiologik vaziyatning yaxshilanishi, tadbirkorlik sub’yektlarining yangi sharoitlarga moslashishi va faoliyatini davom ettirishi asosiy shartlardan hisoblanadi.

Shuningdek, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasining
prognozlariga ko‘ra, 2021 yilda tashqi savdo-hamkor mamlakatlarning iqtisodiy o‘sish sur’atlari bosqichma-bosqich tiklana boshlaydi.

Shu bilan birga, tashqi iqtisodiy hamkorlar milliy valyutalarining AQSh dollariga nisbatan kurslari keskin tebranishlarsiz barqaror shakllanishi kutilmoqda. O‘z navbatida, joriy yil oxiriga qadar xalqaro pul o‘tkazmalarining 8-10 foizga o‘sishi kutilmoqda. Ushbu omillar, so‘mning almashuv kursining uzoq muddatli trendiga yaqin shakllanishiga va inflyasiyaga katta bosim o‘tkazmasligiga xizmat
qiladi.

2020 yilda YaIMga nisbatan umumiy byudjet taqchilligi nisbatan yuqori bo‘ldi va bu, o‘z navbatida, joriy yilda ham inflyasiyaga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishda davom etadi. Shu bilan birga, byudjet xarajatlarining belgilangan parametrlardan past darajada amalga oshirilishi inflyasiyaga qo‘shimcha bosim paydo bo‘lishining oldini oladi.

Bundan tashqari, 2021 yilda inflyasiyaning asosiy omillaridan biri bu keyingi yillarda narxlarni erkinlashtirish bo‘yicha islohotlar doirasida energiya resurslari narxlarining ko‘tarilishini keyinga qoldirilishi hisoblanadi.

Shuningdek, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yilda iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari hajmi nominal YaIM o‘sishiga mutanosib bo‘ladi va 16-20 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, ichki bozorda asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabning katta qismi import hisobidan qondiriladi. 2020 yilda oziq-ovqat mahsulotlari, masalan, kungaboqar yog‘i, shakar, go‘sht mahsulotlari va kartoshka narxlarining sezilarli darajada o‘sishini, asosan, asosiy ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda ishlab chiqarishning pasayishi bilan izohlash mumkin, bu jahon bozorlarida ushbu mahsulotlar narxlarining o‘sishiga olib keldi. Shu bilan birga, prognoz qilinayotgan inflyasiya ko‘rsatkichlariga erishish uchun asosiy shartlardan biri bu oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy eksportchilari bo‘lgan xorijiy davlatlar tomonidan turli cheklovlarning qo‘llanilmasligi va joriy yilda jahon narxlarining nisbatan barqarorligi hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, narxlar dinamikasiga ta’sir etuvchi noaniqliklar sharoitida 2021 yilda inflyasiyaning 9-10 foiz atrofida barqaror shakllanishi, asosan, yuqoridagi sharoitlarga bog‘liq bo‘ladi. Shu bilan birga, Markaziy bank inflyasiyaning joriy darajasi va uning prognoz trayektoriyasidan kelib chiqib, inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish maqsadida pul-kredit siyosatini amalga oshirib boradi.

Ehtimoliy xatarlar

Yaqin oylarda iqtisodiyotda inflyasiyani oshiruvchi xatarlarning kuchayish ehtimoli pastligicha qolmoqda.

Shu bilan birga, inflyasiyaning bir martalik omillarining vujudga kelish ehtimoli va inflyasion kutilmalarning yuqori darajada saqlanib qolishi bilan bog‘liq xatarlar mavjud.

Yaqin istiqbolda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi xatarlardan biri sifatida qolmoqda. Proteksionistik siyosat, eksportyorlar tomonidan asosiy oziq-ovqat tovarlari eksporti bo‘yicha cheklov choralarining (kvota va tariflar) kiritilishi asosiy oziqovqat tovarlari importining qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli, oziq-ovqat bozorlari barqarorligini oshirish ko‘p jihatdan respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash kompleks strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishga bog‘liq bo‘ladi. Ichki bozorni zaruriy tovarlar hajmi bilan ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish, shu jumladan, bazaviy oziq-ovqat tovarlari importi geografiyasini diversifikatsiya qilish va konsentratsiyalashuvini qisqartirish muhim ahamiyatga ega.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar