«Yangi O‘zbekistonning 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Prezident farmoni loyihasini ishlab chiqildi.
Hujjat Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi asosida ishlab chiqilgan va 14 yanvarga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Taklif etilayotgan Taraqqiyot strategiyasining uchinchi ustuvor yo‘nalishi — Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida ta’minlashda kelgusi 5 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar qayd etilgan. Bunda 36 yo‘nalish maqsad qilingan.
Ikkinchi maqsad, milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash va yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushini oshirishga qaratilgan sanoat siyosatini davom ettirib, sanoat mahsulotlari hajmini 1,4 barobarga oshirish.
Sanoatning yetakchi tarmoqlari va iqtisodiyotni yanada liberallashtirish hamda transformatsiya jarayonlari yakunlanadi.
Bunda:
- Mashinasozlik, kimyo, neft-gaz, energetika, kon-metallurgiya, transport kabi tarmoqlardagi 23 ta yirik korxona xalqaro kredit reytinglarini olish orqali ichki va tashqi moliyaviy bozorlarga mustaqil chiqib, investitsiya loyihalari uchun o‘zi mablag‘ jalb qilishini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
- Energetika sohasida transformatsiya jarayonlari jadallashtiriladi.
- Neft-gaz sohasida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish orqali tabiiy gaz ta’minotida bozor mexanizmlari joriy etiladi.
- “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda transformatsiya jarayonlarini jadallashtiriladi.
- Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda 2022 yilda “Farg‘onaazot” AJ va “Dehqonobod kaliy zavodi” AJni xususiylashtiriladi.
Shuningdek, energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlari erkinlashtirib, sohaga xususiy investitsiyalar keng jalb qilinadi hamda ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun ijtimoiy iste’mol normalarini kiritiladi.
Bundan tashqari, iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga neft-gaz mahsulotlari uzluksiz yetkazib beriladi.
Qolaversa, misni ishlab chiqarish va qayta ishlash orqali yuqori qiymatli 8 mlrd AQSh dollarlik tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilib, ularning hajmi 2 barobarga ko‘paytirilishi rejalashtirilgan.
Metallurgiya sohasida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish hajmlarini oltin va kumush bo‘yicha mos ravishda 26 va 42 foizga, mis va qora metall mahsuloti bo‘yicha 2 barobarga oshirish maqsad qilingan.
Kimyo va gaz-kimyosi sohalarini rivojlantirish va tabiiy gazni qayta ishlash darajasini 8 foizdan 20 foizga yetkazish orqali kimyo sanoatida 2 mlrd AQSh dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi ko‘zlangan.
Avtomobil sanoatida kooperatsiyani yanada rivojlantirish orqali ishlab chiqarish hajmini 1,4 barobarga, eksport hajmini 2 barobarga ko‘paytirib, mahalliylashtirish darajasi oshiriladi.
Qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi esa 2 barobarga ko‘paytiriladi.
Shuningdek, to‘qimachilik sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2 barobarga (13,0 mlrd AQSh dollari) ko‘paytirish va mehnat unumdorligini 3 barobarga (20 ming dollar) oshirish rajalashtirilgan.
Charm-poyabzal sohasini rivojlantirish orqali ishlab chiqarish hajmini 3,2 barobarga ko‘paytirish maqsad qilingan.
Farmatsevtika sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 3 barobar ko‘paytirish orqali mahalliy bozorni ta’minlash darajasi 80 foizga yetkaziladi.
Elektrotexnika sanoatida yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2 baravarga va eksportini 3 baravarga oshirish ko‘zlanmoqda.
Oziq-ovqat xom ashyo bazasini kengaytirish va organik mahsulotlar hajmini bosqichma-bosqich oshirish dasturi ishlab chiqiladi.
Izoh qoldirish