Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda global ishlab chiqarish va transport-logistikadagi uzilishlar, hamkor davlatlardagi inflyasiya sanoat ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha rejalarni xavf ostida qoldirayotgani ta’kidlandi.
Bunday sharoitda har bir hokim va tarmoq rahbari mahsulotlar hajmini oshirish va eksportga yangi bozorlarni topish uchun har kuni bosh qotirib, qattiq ishlashi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, qaysi viloyat, tuman hokimi o‘zi korxonalar bilan ishlab, muammosiga yordam berib, harakat qilayotgan bo‘lsa, o‘zgarish bo‘layotgani qayd etildi.
Prezident yig‘ilishda o‘tgan yetti oyda yurtimizda sanoat mahsulotlari hajmi 5,7 foizga o‘sib, 345 trillion so‘mga yetganini ta’kidladi. Bu ko‘rsatkich elektrotexnika sanoatida 46 foizni, yengil avtomobillar ishlab chiqarishda 16 foiz, qurilish materiallarida 12 foiz, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishda 11 foizni tashkil qilib, yuqori sur’atlarda o‘sdi.
Misol uchun, misni qayta ishlash 30 foizga va yuqori qo‘shilgan qiymatli maishiy texnikalar hajmi 36 foizga oshishi hisobiga jami 12,5 trillion so‘mlik elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarildi. Ularning eksporti 25 foizga ko‘payib, 550 million dollardan oshdi.
Joylarda ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani bois 25 ta tuman va shaharda sanoat hajmi 10 foizdan ko‘paygan. Bo‘zatov, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, Andijon, Olot, Shofirkon, G‘allaorol, Kitob, Nishon, Konimex, Chortoq, Oqdaryo, Bulung‘ur, Ishtixon, Paxtachi, Oltinsoy, Bandixon, Boysun, Qiziriq, Parkent, Buvayda, Uchko‘prik tumanlari, Kattaqo‘rg‘on va Nurafshon shaharlarida sanoat yuqori sur’atda o‘sgan. Jumladan, to‘qimachilik korxonalarini ko‘paytirish orqali, sanoat ko‘rsatkichini Bandixon 45 foizga, Qiziriq 18 foiz, Olot va Buvayda 15 foizdan, Kegeyli 14 foiz, Oqdaryo va Boysun 13 foizdan, Andijon tumani 10 foizga oshirgan.
Mavjud konlarni o‘zlashtirib, qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga sanoat hajmi Kitobda 19 foizga, Qo‘shrabotda 10 foizga o‘sgan. Umuman, yil boshidan respublika bo‘yicha 2 mingta yangi sanoat loyihasi ishga tushirilib, yil yakunigacha qo‘shimcha 1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkoni yaratildi.
Misol uchun, “Pistali” oltin konida yangi metallurgiya zavodini muddatidan oldin ishga tushirish hisobiga shu yil qo‘shimcha 840 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Zavoddagi qariyb 50 million dollarlik uskunalar sanoat kooperatsiyasi asosida o‘zimizda ishlab chiqarilgan. Bu ham sanoat hajmini oshirishga qo‘shimcha turtki bo‘ldi.
Shu bilan birga, 34 ta tuman va shaharda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan pasaygan. Ayrim tarmoqlarda, shu jumladan farmatsevtika, charm-poyabzal, to‘qimachilik sanoatida ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’ati sekinlashgan.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha yangi imkoniyat va zaxiralarni aniqlash uchun hududlarga ishchi guruhlari bordi. Misol uchun, Toshloqda yil yakunigacha qo‘shimcha 1 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati aniqlandi. Jumladan, ishlab chiqarishni kamaytirgan 23 ta sanoat korxonasida quvvatlarni tiklash hisobiga 900 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha barcha hisob-kitoblar bor. Tumandagi 22 ta yangi loyihani ishga tushirishni tezlashtirish evaziga qo‘shimcha 50 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish imkoni bor.
Yana bir imkoniyat – tumanlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish. Masalan, “Olmaliq” kombinati mahalliy sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yib, polimer, quyma ehtiyot qismlar, kimyoviy reagent kabi 1 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
Xuddi shunday imkoniyatlar Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Xorazmda ham mavjud.
“Lekin bu borada viloyat hokimlarining mahalliylashtirish bo‘yicha yordamchilari ishi mutlaqo sezilmayapti. Ularda na taklif, na tashabbus bor”, - dedi Prezident.
Yig‘ilishda hududlardagi sanoat korxonalari, avvalo, energiya resurslari ta’minoti bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratish muhimligi aytib o‘tildi. Shu munosabat bilan Bosh vazir boshchiligidagi komissiyaga bir oy davomida barcha hududlarga borib:
- qo‘shimcha ishlab chiqarishni hisobga olgan holda, oyma-oy hududlarning energiya balansini ishlab chiqish;
- joriy yilda ishga tushadigan loyihalarni birma-bir xatlovdan o‘tkazib, ularga zarur energiya resurslari ajratishni nazarda tutish topshirildi.
Energetika vazirligiga joylarda sanoat korxonalarini oldindan xabardor qilmasdan elektr ta’minotidan uzish amaliyotiga qat’iy chek qo‘yishga topshiriq berildi.
Yig‘ilishda sanoat tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash yuzasidan mutasaddi idoralarga qator topshiriqlar berildi. Jumladan, Bosh vazir boshchiligida tunu-kun ishlaydigan respublika shtabi tuziladi. Joylarda ham viloyat hokimlari boshchiligida hududiy shtablar tashkil etiladi. Shtabda iqtisodiyot, investitsiya, soliq, bojxona, bank, energetika, standart, kadastr vakillari korxonalardan 24 soat davomida muammolarini qabul qilib, ularni tezkor hal qiladigan tizim bo‘ladi.
Hafta yakunida hokimlar va tarmoq rahbarlari bilan birga barcha masalalar Bosh vazir huzurida muhokama qilinadi va qoloqliklarga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga chora ko‘riladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga 232 ta mahalliy sanoat korxonasida ishlab chiqarishni oshirish, 210 ta yirik sanoat loyihasini to‘liq ishga tushirish choralarini ko‘rish topshirildi. Sanoat zonalari va yirik loyihalarning infratuzilma bilan ta’minlanganlik holatini o‘rganish va bu ishlar uchun ajratilgan 1,2 trillion so‘mni to‘liq ishlatish vazifasi qo‘yildi.
Izoh qoldirish