Kimlarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi?

Kimlarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi?

Mehnatga layoqatsizlik varaqasi tibbiy muassasa tomonidan (murojaat qilgan yoki davolangan joydagi) vaqtincha mehnatga layoqatsiz shaxsga beriladi.

Xizmat safari yoki mehnat ta’tiliga ko‘ra yashash joyida bo‘lmagan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi (ma’lumotnomasi) u vaqtincha bo‘lgan joydagi tibbiy muassasada rasmiylashtiriladi.

O‘rindoshlik asosida ishlovchi xodimga uning asosiy ish joyiga beriladigan mehnatga layoqatsizlik varaqasining nusxasi beriladi.

Xodim quyidagi holatlarda tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga yuboriladi:

  • aynan bir kasallik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik davri uzluksiz 4 oyni tashkil qilsa;
  • aynan bir kasallik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik davri tanaffus bilan 1 yilda jami 6 oyni tashkil qilsa;
  • sil kasalligi birinchi marta aniqlanganda, mehnatga layoqatsizlik davri kamida 10 oyni tashkil qilsa;
  • silga qarshi kurashish muassasasida hisobda turgan bemorda asosiy kasallik kuchayganda, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boshlangandan keyin mehnatga layoqatsizlik davri kamida 6 oyni tashkil qilsa.

Mehnatga layoqatsizlik varaqasi berish vakolati yo‘q tibbiy muassasalar:

  • tez tibbiy yordam va qon bilan ishlash xizmati;
  • shifoxonalarning qabul bo‘limlari;
  • sud-tibbiy ekspertiza muassasalari;
  • pansionat va sanatoriy-kurortlar;
  • fizioterapiya, davolash fizkulturasi muassasalari.

Xodim vaqtincha mehnatga layoqatsiz bo‘lganda, unga ish haqining 60 foizidan 100 foizigacha miqdorda nafaqa to‘lanadi.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi quyidagi hollarda beriladi:

  • vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotish bilan bog‘liq kasallikda (shikastlanishda);
  • sanatoriy-kurortlarda davolanganda;
  • kasallangan oila a’zosini parvarishlash zarur bo‘lganda;
  • karantinda;
  • sil yoki kasb kasalligi tufayli vaqtincha boshqa ishga o‘tkazilganda;
  • mehnat qobiliyatini tiklash yoki yasama a’zo (protez) qo‘ydirish uchun reabilitatsiya muassasalariga yotqizilganda.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar