O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vaziri Pak Ning Xu o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, shu jumladan, “COVID-19” qarshi kurash borasida birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Suhbat davomida ikki mamlakat vazirlari yurtimizda Koreyaning yetakchi tibbiyot universitetining filialini ochish, tibbiyot klasterini tashkil etish masalalarini keng muhokama qildilar.
Eng muhimi, ikki davlat vazirlari yurtimizda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda “COVID-19” ga qarshi mobil ilovalarini yaratib, treking usulini joriy etish borasida kelishuvga erishdilar. Bu esa bizga xuddi Koreyadagidek koronavirusga chalingan bemorni kim bilan muloqot qilgan va qaysi hududlarda bo‘lganligini innovatsion tarzda aniq ko‘rsatib berish imkoniyatini yaratadi.
Bundan tashqari, hamkorlikda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda testlar va dorilarni ishlab chiqish masalalari ham muhokama etildi. Jumladan, “COVID-19” qarshi vaksinani birgalikda klinik sinovlarini o‘tkazish to‘g‘risida ham kelishuvga erishildi. O‘z navbatida Koreya Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vaziri Pak Ning Xu ushbu vaksinani dunyo mamlakatlariga taqdim etishda O‘zbekiston alohida ustuvor mavqeyga ega bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Samarali kechgan muzokaralar yakunida Sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekiston – Koreya hamkorligi markazining imkoniyatlarini yanada kengaytirishga ham kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vaziri Pak Ning Xu o‘tgan yil aprel oyida mamlakatimizga tashrifi davomida Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining Faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi edi.
Hozirda ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikda islohotlarni amalga oshirish, jumladan, sohaning huquqiy asoslari, tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini yanada oshirish, elektron tibbiyotni joriy etish, davlat-xususiy sektor hamkorligi, tibbiy turizm hamda tibbiy sug‘urta sohasida mutaxassislar almashinuvi bo‘yicha qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida izchil sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Izoh qoldirish