Xalq bankiga kelib tushayotgan murojaatlar, imtiyozli kredit olish platformasi va korrupsiyani aniqlashga mo‘ljallangan ilova

Xalq bankiga kelib tushayotgan murojaatlar, imtiyozli kredit olish platformasi va korrupsiyani aniqlashga mo‘ljallangan ilova

Joriy yilning 29 mart kuni AOKAda Xalq banki rahbar xodimlari va OAV vakillari ishtirokida "Xalq banki faoliyati ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisobi" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Xalq banki Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov anjuman ishtirokchilarini Xalq banki faoliyatiga doir statistik ma’lumotlar, bankning iqtisodiy ko‘rsatkichlari, aloqa markazi, pensiya va boshqa ijtimoiy to‘lovlar bo‘yicha ma’lumotlar bilan tanishtirdi.

Ta’kidlanishicha, 2021 yilning yakuniga ko‘ra, Xalq bankiga jami 33 mingtaga yaqin murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 98,3 foizi jismoniy shaxslar, 1,7 foizi esa yuridik shaxslar tomonidan yo‘llangan. 36,4 foiz murojaat to‘liq qanoatlantirilgan bo‘lsa, 63,3 foiziga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan.

Aksar murojaatlarning mazmuni kredit olish masalasi bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, bank tomonidan skoring tizimi va anderrayterlar faoliyati takomillashtirilgan.

Imtiyozli kreditlarni ajratishda 2022 yil 1 martdan boshlab oilakredit.uz platformasi ishga tushirilgan. Ushbu platforma imtiyozli kreditlar ajratishda bank xodimlari rolini minimalashtiradi va bu orqali muammoga aylanishi mumkin bo‘lgan imtiyozli kreditlar hajmini kamaytiradi.

Tijoriy kreditlarning muammoga aylangan qismini so‘ndirish uchun esa bankning respublikadagi barcha filiallarida yurist lavozimi joriy etilib, ular orqali muammoli kreditlarning bir qismini so‘ndirishga erishilmoqda.

Zafar Azimovning ta’kidlashicha, 2021 yilni moliyaviy zarar bilan yakunlagan Xalq banki 2022 yilning 1-choragi yakunida foyda bilan chiqishni rejalashtirmoqda.

"Xalq banki 2022 yilning yanvar-fevral oylarini 200 mlrd. so‘m sof foyda bilan yakunlagan bo‘lsa, 1-chorak yakunini 300 mlrd. so‘m foyda bilan yakunlash kutilmoqda", - deydi Zafar Azimov.

Bundan tashqari, tizimda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash hamda korrupsion holatlar aniqlanganda zudlik bilan bankning markaziy apparatiga xabar berishni ta’minlash maqsadida «Tezkor xabar» mobil ilovasi joriy etilgan.

Qayd etilishicha, mazkur ilova orqali kelib tushgan murojaatlar inson omilisiz avtomatik ravishda qabul qilinib, belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi hamda aniqlangan holatlar yuzasidan muayyan choralar ko‘riladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar