Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘onda meva-sabzavotchilik, uzumchilik rivojlantiriladi

Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘onda meva-sabzavotchilik, uzumchilik rivojlantiriladi

“Namangan viloyatining Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida meva-sabzavotchilik va uzumchilikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Namangan viloyati Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida 2021–2022 yillar hosilidan qisqartiriladigan g‘alla maydonlariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Shunga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 8 220 gektar (shu jumladan, Kosonsoy tumanidan 3 000 gektar, Chortoq tumanidan 2 100 gektar, Yangiqo‘rg‘on tumanidan 3 120 gektar) g‘alla maydonlari qisqartirilib, mazkur tumanlarda quyidagilar tashkil etiladi:

1 850 gektar zamonaviy intensiv bog‘;
1 300 gektar tokzor;
1 440 gektar sabzavot;
960 gektar kartoshka;
1 510 gektar dukkakli va 1 160 gektar moyli ekinlar.

Har bir tumanda urug‘lik va ko‘chatlar bilan ta’minlash imkoniyatidan kelib chiqib, sabzavot ekinlari va kartoshka urug‘chiligiga hamda mevali daraxt va tok ko‘chatlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari tashkil etiladi.

Shuningdek, belgilangan tumanlarda sertifikatlangan sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar urug‘larini hamda mevali daraxt va tok ko‘chatlarini yetishtiruvchilar tomonidan to‘lanadigan yer solig‘i 3 yil muddatga 50 foizga kamaytiriladi.

Aholi ishsizligini kamaytirish uchun tuman hokimliklari zaxirasidagi yaxlit 300-500 gektar maydonlarda plantatsiya usulida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etilib, lizing asosida 7 yil muddatga aholiga berish choralari ko‘riladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar