Kredit yoki “rassrochka”: Qay birini tanlash kerak

Kredit yoki “rassrochka”: Qay birini tanlash kerak
Foto: Spot

Siz sotib olmoqchi bo‘lgan mebel, oshxona jihozlari, maishiy-texnika yoki elektron jihozlar mo‘ljalingizga nisbatan qimmatroq bo‘lsa, bankdan kredit olasizmi yoki sotuvchining tavsiyasiga amal qilib, do‘konning o‘zidan “bo‘lib to‘lash” taklifini qabul qilasizmi?

Krediti rasmiylashtirishdan oldin tovar bozor qiymatiga nisbatan qanchalik qimmat tushayotganiga e’tibor qaratish kerak. Ana shunda siz o‘zingiz uchun qulay yechimni topa olasiz. Ushbu maqolada, bank va do‘konning bu tizimda qanday ishlashini aniq misollarda ko‘rib chiqamiz.

Bank krediti

Bank iste’mol kreditlari mamlakatimizning barcha banklari taklif etadigan bank xizmati turi bo‘lib, ular O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan iste’mol tovarlarini xarid qilish maqsadida ajratiladi:

- maishiy-texnika, kompyuter, radio va elektrotexnika;

- mebel va uy-joy jihozlari;

- dam olish va davolanish maskanlariga yo‘llanma;

- avtotransport vositalarini sotib olish;

- marosimlar (to‘y, yubiley) o‘tkazish.

Iste’mol krediti har bir bankning ichki tartibiga asosan ajratiladi. Kredit mahsulot va xizmat yetkazib beruvchining hisob varag‘iga pul ko‘chirish yo‘li bilan ajratiladi. Shuningdek, ba’zi banklar kredit uchun garov ta’minoti (ko‘chmas va ko‘char mulk, sug‘urta polisi) talab etadi.

Aksariyat hollarda iste’mol kreditlari uchinchi shaxsning (masalan, doimiy daromadga ega bo‘lgan hamkasbingiz, o‘rtog‘ingiz yoki qarindoshingiz) kafilligi ostida ajratiladi.

Banklar iste’mol kreditlarini o‘rtacha 22%-28% stavkalaridan, 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan muddatlarda taklif etadi. Ba’zi banklarda shartnomaning 20%-25% miqdorigacha boshlang‘ich badal qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Kreditni so‘ndirish kamayib borish tartibida yoki oyma-oy bir xil miqdordagi to‘lovlar (annuitet) asosida amalga oshirilishi mumkin.

Kredit uchun qaday hujjatlar taqdim etiladi:

- Ariza;

- pasport / identifikatsiya ID-kartasi / yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi/ harbiy bilet nusxasi;

- olingan daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (so‘nggi 12 oylik, ba’zi banklarda so‘nggi 6 oylik);

- mahsulot yoki xizmat yetkazib beruvchi bilan imzolangan shartnoma;

- kredit ta’minoti hujjatlari (uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polisi yoki garov mulki).

Iste’mol krediti bo‘yicha ma’lumotlarni ushbu maqoladan topishingiz, kredit bo‘yicha barcha xarajatlarni banklar veb-saytidan kredit kalkulyatori yordamida onlayn hisoblashingiz mumkin. Ba’zi banklarning veb-sayti orqali iste’mol krediti uchun onlayn ariza topshirishingiz ham mumkin.

Shu o‘rinda aytish joizki, sizga kichik miqdorda kredit zarur bo‘lsa, overdraft kreditini yoki bank kredit kartasini rasmiylashtirish imkoniyatingiz ham mavjud. O‘z navbatida, bunday kreditlarning foizlari va kredit shartlari iste’mol krediti shartlaridan tubdan farq qilishi mumkin.

“Bo‘lib to‘lash”

Hozirgi kunda, ko‘chalarda “Mahsulotlarni rassrochkaga beramiz” mazmunidagi e’lon va reklamalarga ko‘zimiz tez-tez tushadi. Bunda asosan quyidagi hujjatlar talab etiladi:

- pasport nusxasi;

- ish joyidan oylik daromad to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.

Iste’molchi o‘ziga jalb etuvchi bunday taklifga osongina ko‘nishi mumkin.

Keling, bugungi kunda bozor narxi 3,5 mln so‘mlik muzlatkichini kredit va “rassrochka"ga sotib olinganda muzlatkichning asl bahosi qanchaga tushishini amaliy hisob-kitoblarda ko‘rib chiqamiz.

Kredit

Rassrochka

Oylik to‘lov

330 958 so‘m

414 166 so‘m

muddati

12 oy

12 oy

foizi

24%

-

Jami to‘lov

3 971 503 so‘m

4 970 000 so‘m

Tovar asl narxidan necha foizga qimmatga tushmoqda

13%

42%

Demak, do‘kondan “bo‘lib to‘lash"ga olgan mahsulotingiz kreditga nisbatan ancha qimmatga tushadi. Umuman olganda, bank krediti yoki “rassrochka"dan birini tanlash huquqi o‘zingizda qoladi. Bu borada o‘zingizdan kelib chiqib tanlov qilasiz.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar