Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun shaxslar ariza bilan istalgan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tadi.
Anketa-ariza elektron tarzda to‘ldiriladi va unga quyidagilar elektron tarzda ilova qilinadi yoki ma’lumotlar taqdim etiladi:
● jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlari;
● oila a’zolarining (jismoniy shaxsning) shaxsiy identifikatsiya raqami ma’lumotlari va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (to‘liq oila va nikoh hamda voyaga yetgan farzandlar mavjud bo‘lgan taqdirda) va (yoki) farzandlar tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalar (voyaga yetmagan farzandlar bor bo‘lgan taqdirda) nusxalari;
● belgilangan tartibda nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh haqiqiy emas deb tan olinganligi to‘g‘risida sud qarori (nikoh qayd etilgan holatda) yoki oilaviy holati to‘g‘risida FHDYo arxividan ma’lumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan holatda);
● doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan kadastr raqami va turiga tegishli ma’lumotlar (agar turar joyi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
● doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan uy daftarining yoki kvartiralar bo‘yicha kartochkaning nusxasi (agar turar joyi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
● ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi va ushlab qolingan daromad soliqlari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (qo‘shimcha daromadlar bo‘lsa soliq deklaratsiyasi).
Yuqoridagilardan tashqari ma’lumot va hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.
Shuningdek, subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” AT orqali olish mumkin bo‘lgan hujjatlarni (ma’lumotlarni) talab qilish man etiladi.
Bundan tashqari, mehnat migrantlari nomidan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish to‘g‘risidagi arizani uning oila a’zolari berishi mumkin.
Xizmatlar ariza beruvchilarga bepul amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish