2020 yil aprel-iyun oylarida bank tizimida naqd pullar aylanmasi mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sharoitida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar ta’sirida shakllandi.
Jumladan, joriy yil mart oyining ikkinchi yarmidan e’lon qilingan karantin talablarining may oyiga kelib biroz yumshatilishi natijasida iqtisodiyot sub’yektlarining faollashuvi banklar kassalari orqali naqd pullar aylanmasi dinamikasiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi.
2020 yil aprel oyida banklar kassalariga naqd pul tushumining mart oyiga nisbatan qariyb 41 foizga kamayishi kuzatilgan bo‘lsa, iyun oyida aprelga nisbatan 85 foizga ko‘payib, 14,6 trln. so‘mni tashkil etdi.
Biroq, iyun oyidagi ko‘rsatkich karantin sharoitidan oldingi davrdagi holatdan (joriy yil yanvarda – 15,8 trln. so‘m ) biroz kamligicha qolmoqda. Shuningdek, bu ko‘rsatkich epidemiologik holatning yaxshilanishi va karantin talablarining yumshatilishi ortidan keyingi oylarda ijobiy tomonga o‘zgarishini kutish mumkin.
1-rasm: Naqd pul tushumlari hajmi va tarkibi dinamikasi
mlrd. so‘mda
Naqd pul tushumlarining iyun oyida aprelga nisbatan o‘sish hajmining qariyb 3,5 trln. so‘mi savdo va pullik xizmatlardan, 1,4 trln. so‘mi bank xizmatlari bo‘yicha tushumlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu “yashil” va “sariq” hududlardagi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari faoliyatining qayta tiklanishi hamda avtomashinalar harakatiga nisbatan ta’qiqlarning yumshatilishi, shuningdek, aholi tomonidan bo‘sh mablag‘larni bank omonatlariga, kreditlarning qaytarilishiga hamda naqd chet el valyutasini sotib olishga yo‘naltirilishi hisobiga yuzaga keldi.
2-rasm: Naqd pul tushumlari hajmi va tarkibi dinamikasi (2018-2020 yil yanvar-iyun oylari)
mlrd. so‘mda
O‘z navbatida, 2020 yilning aprel oyida banklar kassalari (shu jumladan, bankomatlar) orqali chiqim qilingan naqd pullar mart oyiga nisbatan 35 foizga kamayishi kuzatilgan bo‘lsa, iyun oyida bu ko‘rsatkich aprel oyiga nisbatan 53 foizga ko‘payib, 14,8 trln. so‘mni tashkil etdi.
3-rasm: Naqd puldagi chiqimlar hajmi va ularning tarkibiy dinamikasi
mlrd. so‘mda
Karantin sharoitida pensiya va nafaqa to‘lovlari, byudjet tizimi tashkilotlari, shuningdek, faoliyatini to‘xtatmagan strategik korxonalar xodimlarining ish haqlarining to‘lab borilishi natijasida banklardan ushbu maqsadlar uchun naqd pullar chiqimi nisbatan barqaror saqlanib qoldi.
4-rasm: Banklardan naqd puldagi chiqimlar hajmi va ularning maqsadlari bo‘yicha tarkibiy dinamikasi
(2018-2020 yil yanvar-iyun oylari)
mlrd. so‘mda
Yana bir e’tiborli holat, 2020 yilning iyun oyida bank kartalariga jami 15,9 trln. so‘mlik mablag‘lar kelib tushib, ushbu davrda bank kartalaridagi 6,1 trln. so‘m aholi tomonidan naqdlashtirib olindi.
5-rasm: Bank kartalariga kelib tushgan mablag‘lar va ularni naqdlashtirish hajmi dinamikasi
mlrd. so‘mda
Izoh qoldirish