Markaziy bank: so‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 86 foizi 7 mln. so‘mgacha topadi

Markaziy bank: so‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 86 foizi 7 mln. so‘mgacha topadi

Markaziy bank tomonidan aholining turli guruhlari iste’mol kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha so‘rov o‘tkazildi. Ushbu o‘rganishga respondentlarning daromadlari va xarajatlari tarkibi, mavjud pul-mablag‘larini jamg‘arishga bo‘lgan moyilligi, shuningdek, ularning kelgusida kreditga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash va tahlil qilish bo‘yicha savollar kiritilgan.

Sharhni tayyorlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad, aholining turli qatlamlari orasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijasida respondentlarning kelgusida iste’mol kayfiyati va talabini shakllanishi hamda ularga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni, shu bilan birga, iqtisodiyotda talab tomondan inflyasion bosimlarning yuzaga kelish ehtimollarini o‘rganishdan iborat.

Iste’mol kayfiyati indeksi

2021 yilning III choragi yakunlari bo‘yicha Iste’mol kayfiyati indeksi (IKI) 24,8 bandni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich II chorak natijalariga nisbatan 1,2 bandga sekinlashgan bo‘lsada, I chorakka yaqin darajada shakllandi.

Indeksning komponentlari bo‘yicha tahlillar, joriy so‘rovlarda xarajat subindeksi o‘tgan chorakka nisbatan biroz pasaygan bo‘lsada, daromad va kredit subindeksi ko‘rsatkichining yaxshilanganini ko‘rsatmoqda. Jamg‘arish subindeksida ham o‘tgan choraklarga nisbatan sezilarli o‘sish qayd etildi.

Daromad subindeksi

Respondentlarning kelgusidagi daromadlari bo‘yicha kutilmalari yaxshilanib bormoqda. 2021 yilning III choragi yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovda respondentlarning kelgusi daromadlari bo‘yicha kutilmalari II chorakdagi 7,3 banddan 8,8 bandgacha yuqoriladi. Kuzatuvlarga ko‘ra, so‘rovda ishtirok etgan daromadlari 7 mln. so‘mgacha bo‘lgan respondentlar ulushi jamiga nisbatan 86 foizni tashkil etmoqda (II chorak yakunlari bo‘yicha - 83 foizga teng) (2-rasm).

Bunda, ishtirokchilarning qariyb 70 foizi daromadlarining asosiy manbai oylik ish xaqi, 15 foizga yaqini esa tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlarga to‘g‘ri kelishini ta’kidlashgan. Xorijdan pul o‘tkazmalarni qayd etgan respondentlar ulushi esa 3,4 foizga teng. Shuningdek, hududlar kesimida ham rasmiy oylik ish haqi asosiy daromad manbai ekanligini ko‘rish mumkin. Xususan, Toshkent shahri (68,8 foiz), Buxoro (61 foiz), Andijon (58,7 foiz) va Toshkent viloyatlari (58,1 foiz) respondentlari javobalarida oylik moashning asosiy daromad sifatida yuqori ulushlar qayd etilgan.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishini qayd etgan respondentlarning katta qismi Navoiy, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan va Xorazm viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Respondentlarning daromadlar bo‘yicha kutilmalarining yaxshilanishi, xususiy sektor aksariyat sohalarida iqtisodiy faollikning oshib borayotganligi bilan izohlanadi. Jumladan, yanvar-sentyabr oylarida chakana savdo tovarlarining aylanmasi va xizmatlarning o‘sishi o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 9,8 va 19,5 foizga teng bo‘ldi. Aholining real daromadlari o‘sishi esa 10,4 foizni tashkil etdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ko‘pchilik respondentlarning kelgusi davr uchun iqtisodiy kutilmalari ham ijobiy shakllanib kelmoqda. Tahlillarga ko‘ra, jami ishtirokchilarning 50 foizga yaqini kelgusi 12 oyda mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun yaxshi davr bo‘lishini qayd etishdi (II chorak yakunlari bo‘yicha 43 foiz). Shuningdek, respondentlarning 47 foizi hozirgi kunda amalga oshirilayotgan iqtisodiy o‘zgarishlar yaqin 3 yilda ham davom etishini hamda ijobiy natijalar berishini bildirishgan (II chorak yakunlari bo‘yicha 42 foiz).

Bundan tashqari, sentyabr oyida oylik ish haqilarning oshirilishi dastlab byudjet tashkilotlari xodimlarining oyligida aks etgan bo‘lsa, ma’lum davrdan so‘ng xususiy sektor xodimlarining ham daromadlari oshishiga ta’sir ko‘rsatadi. Yuqoridagi holatlar respondentlarning kelgusi daromadlari ko‘payishi bo‘yicha kutilmalarini yaxshilanib borishiga xizmat qiladi.

Kredit subindeksi

Kelgusi 12 oyda respondentlar yangi kreditga bo‘lgan talabning ortib borishini kutishmoqda. Kredit subindeks o‘tgan chorakka nisbatan 0,8 bandga yaxshilanib, 10 bandni tashkil etdi. Buni, kelgusida respondentlarning mikrokreditlar, mikroqarzlar, shuningdek avtokredit va ipoteka kreditlariga talabi oshib borishi bilan izohlanishi mumkin.

So‘rov natijalariga ko‘ra, jami respondentlarning katta qismi, ya’ni 60 foizi kelgusi oylarda yangi kredit olishga ehtiyojlari mavjudligi ta’kidlagan. 2021 yilning II choragida respondentlarning daromadi 1-3 mln. so‘m tashkil etuvchi qismi kreditga bo‘lgan talabi yuqoriligi qayd etishgan bo‘lsa, III chorakda 3-5 mln. so‘m va 5-7 mln. so‘m daromadli respondentlarda ham kreditlarga bo‘lgan ehtiyoji sezilarli ortganligi kuzatildi. Ayni paytda, yanvar-sentyabr oylarida jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi 1,5 baravarga oshdi. Bunda, mikrokreditlar, mikroqarzlar va overdraft kreditlari o‘sishi mos ravishda 2,3, 1,7 va 2,7 barobarga to‘g‘ri keldi.

Xarajat subindeksi

Ko‘pchilik respondentlar kelgusida xarajatlari ko‘payishini rejalashtirganlar. Kelgusi oylarda respondentlarning xarajatlari o‘sishi bo‘yicha kutilmalari o‘tgan chorak bilan solishtirganda 7,9 bandgacha pasaygan bo‘lsa-da, respondentlarning katta qismi (71 foizi) xarajatlarining ko‘payishini ta’kidlashgan.

Shu o‘rinda, xarajatlar o‘zgarishini kengroq tahlil qilish maqsadida, II va III chorakdagi respondentlarning kelgusi davr uchun yirik xarajat/xaridlarni amalga oshirish bo‘yicha rejalari solishtirildi va ushbu ikki davr uchun tafovut hisoblandi.

O‘rganishlarga ko‘ra, joriy III chorakda kelgusi oylar uchun davolanish, avtomobil, uy-joy, mebellar va boshqa yirik xaridlarni rejalashtirayotgan respondentlar ulushi II chorakka nisbatan biroz ko‘paygan. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, kelgusida respondentlarning yirik xarid/xarajatlari bo‘yicha kutilmalari pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning barqarorlashuvi va iqtisodiyotda sohalar faoliyatining tiklanib borishiga muvofiq tarzda yaxshilanib boradi.

Jamg‘arish subindeksi

Kelgusida jamg‘arishni rejalashtirayotgan respondentlar ulushi oshib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, aksariyat respondentlar (jamiga nisbatan 45 foiz) o‘z jamg‘armalarini 3 oygacha yetishi mumkinligini ta’kidlashgan. Jumladan, jamg‘armalari 1 oygacha yetadigan respondentlar ulushi 28 foizni tashkil etggan bo‘lsa, 1-3 oygacha bo‘lgan davr uchun ushbu ko‘rsatkich 16 foizga teng.

Biroq, jamg‘armalari mavjud bo‘lmagan respondentlar ulushi (42 foiz) yuqoriligicha qolmoqda. Shu o‘rinda, daromadlar ko‘paygan sari jamg‘armalarining yetarlilik muddati ham oshib borgan (9-rasm).

O‘rganishlarga ko‘ra, 52 foizga yaqin respondentlar kelgusi davr uchun jamg‘armalari ko‘payishini ta’kidlashgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan II chorak natijalari bilan solishtirilganda, ijobiy javoblar hissasi 6 foiz bandga yaxshilangan. Qayd etish joizki, tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan jozibador depozit turlari va ulardagi yuqori daromadlilik, aholining bo‘sh pul mablag‘larini jamg‘arish hamda omonatga yo‘naltirishni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, jismoniy shaxslar uchun o‘rtacha tortilgan depozit foiz stavkalarining yil boshida 17 foizdan sentyabr oyida 20,3 foizgacha o‘sgan bo‘lsa, real daromadlik darajasi 6-8 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, aholining inflyasion kutilmalari va sezilgan inflyasiyasini inobatga olgan holda hisoblangan real foiz stavkalar 3-4 foizlik darajada saqlanib qolmoqda. Mamlakatimizda vaksinatsiya jarayonlari faol amalga oshirilayotganiga qaramasdan kasallanish holatlari haligacha uchrab turibdi. Bu holat, kelgusida daromadlari va xarajatlari o‘zgarishi bo‘yicha noaniqliklarni ma’lum darajada saqlab qolib, respondentlarning ko‘proq jamg‘arishga moyilligini oshiradi.

Optimistik va pessimistik javoblar indeksi

Optimistik va pessimistik javoblar indeksi bu respondentlarning ijobiy va salbiy javoblari o‘rtasidagi farqdir. Ushbu ko‘rsatkich so‘rovda ishtirok etgan respondentlarning iste’mol kayfiyati trendini baholashga yordam beradi.

Respondentlarning kelgusi 12 oy va yaqin 3 yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishi bo‘yicha kutilmalari so‘ralganda, optimistik javoblar ko‘rsatkichi mos ravishda 29,8 va 38 bandni tashkil etdi. Shuningdek, respondentlarning daromadlari, xarajatlari va jamg‘armalari o‘zgarishi borasidagi kutilmalari bo‘yicha optimistik va pessimistik javoblar tafovuti musbat ko‘rsatkichda saqlanib qolmoqda. Umuman olganda, III chorak yakunlari bo‘yicha respondentlarning optimistik va pessimistik javoblar farqi 32,3 bandgacha yaxshilandi (II chorak yakunlari bo‘yicha 26,4 bandni tashkil etdi).

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar