Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasining to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
2019 yilning 9 oyi davomida O‘zbekiston Respublikasi to‘lov balansi ko‘rsatkichlarining shakllanishiga tashqi qarzdorliklarning ortishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning jalb qilinishi hamda ular bo‘yicha «yig‘ilib qolgan» majburiyatlarning so‘ndirilishi va kelib tushayotgan transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘sishi kabi omillar o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
Yuqorida keltirilgan omillarning ta’siri ostida to‘lov balansining joriy hisobi 1,4 mlrd. dollarga teng defitsitni ko‘rsatdi. Bunda, savdo balansi va xalqaro xizmatlarning manfiy saldosi (6,1 mlrd. doll.) birlamchi va ikkilamchi daromadlarning musbat saldosi (4,7 mlrd. doll.) bilan qisman qoplandi.
Shu bilan birga, moliyaviy hisobning manfiy saldosi rezidentlar moliyaviy majburiyatlarining ko‘payishi (6,1 mlrd. doll.), shuningdek rezidentlar tomonidan moliyaviy aktivlarning sotib olinishi (1,3 mlrd. doll.) natijasida 4,8 mlrd. dollarni tashkil qildi. Bunda, rezerv aktivlari 662 mln. dollarga ko‘paydi.
O‘zbekiston Respublikasining sof investitsion pozitsiyasi joriy yilning 1 oktyabrida 13,7 mlrd. dollarni tashkil qildi. Bunda, qolgan mamlakatlarga nisbatan davlat boshqaruvi va bank sektorlari «sof kreditorlar», boshqa sektorlar esa «sof qarzdorlar» hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining jami tashqi qarzi joriy yilning 1 oktyabrida 21,5 mlrd. dollarni tashkil qilgan bo‘lib, undan 13,8 mlrd. dollari davlat sektorining qarzlari, 7,7 mlrd. dollari xususiy tashqi qarz hisoblanadi, deyiladi Markaziy bank axborotida.
Izoh qoldirish