Mashinali “boyvachcha”lar nega tashvishga tushishlari kerak?

Mashinali “boyvachcha”lar nega tashvishga tushishlari kerak?

Ma’lumki, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xo‘jaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda, jumladan, avtomobil egalaridan undiriladigan ikki yig‘im ham joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Bu ayrim fuqarolarimiz tomonidan salbiy talqin qilinmoqda. Buning ham balki o‘ziga xos sabablari bordir. Lekin mana shu ikki yig‘imga va ularning nima maqsadlarga (avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga) sarf qilinishiga nisbatan salbiy fikr bildirilayotganda, oddiy fuqaro sifatida, masalaning quyidagi jihatlariga e’tibor berishni va ulardan mantiqiy xulosalar chiqarilishini istardim.

Birinchidan, XXI asrda yashayotganimizga qaramasdan yo‘llarimizning ahvoliga bir nazar soling. Ularning ayrimlari, ayniqsa – mahalliy yo‘llar “yig‘laydigan” ahvolda emasmi? Buni kim tuzatishi kerak? “Yo‘llaringni to‘g‘rilab, kaftdek ravon qilib beraman!”,- deydigan “mard”lar hali-hamon oramizda yo‘q. Bu davlatning zimmasiga tushayotir. Davlat nimaning hisobidan bu ishlarni “qoyil” qilishi kerak? O‘zga manbalar hisobidan “Bir kuni og‘irimga yarab qolar!”, - deb bosib qo‘ygan mablag‘lari ham – yo‘q. Buning ustiga, “oltin tog‘” ham mavjud emas. Bor bo‘lganda ham “Yotib yeganda – oltin tog‘ ham chidamas”ligini bilamiz;

Ikkinchidan, birinchi yig‘imda, bor-yo‘g‘i, litriga 25 so‘mgacha qo‘shilish ko‘zda tutilibdi. Demak, 40 litr benzin xarid qilsak, 1000 so‘m qo‘shimcha to‘larkanmiz. Bu mashina minuvchi “mard”ga og‘irlik qiladimi? Mashinada – to‘rt g‘ildirakning ustida – hayotimizni xavfga solib, har daqiqada “uchib” yuramiz-a? Har chorrahada to‘xtaganimizda soxta “tilanchi”larga ham shu summani berib ketmayapmizmi? Boringki, “Boshi-ko‘zimizdan – sadaqa!”, - deb o‘shalarga bermaylik-da, buning o‘rniga, o‘sha summani yo‘llarimizni rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga mo‘ljallasak, buning nimasi yomon?!

Uchinchidan, ikkinchi yig‘imning avtomobil dvigateli quvvatiga qarab undirilishi ham uning egalariga yoqmaydi, albatta. Lekin bundan, jumladan, nima maqsad ko‘zlanganligini bilasizmi? O‘zimizga yoqqan mashinani xarid qilib, undan foydalanmasdan, nimalargadir uni mo‘ljallab qo‘ymayapmizmi? Shularning soni keyingi paytlarda ko‘payib ketmayaptimi? Buning ustiga, dasturxonimizda – yeyishga hech vaqo yo‘q. Bolalar ham – och-yalang‘och. O‘qiydigan kitoblari ham – yo‘q. Lekin oldiginamizda yangi-yangi mashina “savlat solib” turibdi-ya! Uning yoqilg‘i bakiga 1,5 litrli “baklashka”da benzin solishga qurbimiz zo‘rg‘a yetadi, xolos. Bu manzaraga siz bilan biz oddiy tomoshabin bo‘lib turarmiz. Lekin shunday qilishga davlatning – haqqi-yo‘q. Shuning uchun bu o‘rinda u o‘z qo‘lidagi richaglardan foydalanishga va bu jarayonlarni tartibga solishga majbur: mashina – bu mulk. Undan foydalanamizmi yoki yo‘qmi, bundan qat’iy-nazar, uning solig‘ini to‘lashimiz kerak. Bu faqat bizning davlatimizdagina o‘rnatilgan – tartib emas. Unga nisbatan “xo‘roz”lar hamma yerda bir xil qichqiradi;

To‘rtinchidan, mashina minishni, keskinroq aytayotgan bo‘lsam, uzr – chidaganga chiqargan. Mashina mingan odam boshqalarga nisbatan ko‘proq qulaylikka ega ekanligi – hammaga ma’lum. Qo‘shimcha qulaylikka ega bo‘lganlar – qo‘shimcha to‘lashlari ham kerak. Bu bozorning yozilmagan qonuni. Uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini hech kim muhokama qilmasligi va quloqni qimirlatmasdan rioya qilishi kerak. Hayot ob’yektiv realligi – shundan iborat;

Beshinchidan, biror marta xorijda, masalan, Yevropa mamlakatlarida bo‘lganmisiz? Ularning yo‘llarini ko‘rib, hayratdan yoqa ushlamaganmisiz? Men shunday ahvolga tushib, Germaniya Moliya vaziriga quyidagicha savol berganman: “Yo‘llaringiz juda zo‘r-a?! Avtobusda bemalol o‘tirib, suhbatlashib, choy-kofe ichib ketaverasiz! Bunga shu maqsadlar uchun undiriladigan soliqlarning roli katta bo‘lsa kerak-a?”. Mana uning javobi nimadan iborat bo‘ldi: “Agar yo‘l uchun undirilgan soliq summalarining hammasini yo‘lga sarflasak, Germaniyaning butun territoriyasini asfaltlab chiqqan bo‘lur edik!” Endi o‘zingiz ayting: yo‘l uchun bunday katta mablag‘ bo‘lganda Germaniyaning yo‘llari shunday bo‘lmasdan, bizniki bo‘lsinmi?!

Oltinchidan, Prezidentimiz farmonida ko‘zda tutilgan 2 ta yig‘imning qo‘shimcha undirilishidan “tashvish”ga tushayotgan mashinali “boyvachcha” akalarimizning ham “ahvol”ini tushunmoqchiman: shuncha o‘tgan yillar davomida bu maqsadlar uchun “yaxshigina” to‘lovlar to‘lanib kelindi. Lekin yo‘llarimizning ahvoli – o‘sha-o‘sha! Bu borada vaziyatning yaxshilanishini istaysizmi? Unda, marhamat, yo‘l uchun to‘lagan summalaringizning taqdiriga – befarq bo‘lmang! Bir yoqadan bosh chiqarib, “O‘tgan yili – shuncha pul to‘lagan edik. Ular qayoqqa ketdi? Nima maqsadlarga sarf qilindi?”, - deb tegishli mutasaddilardan so‘rang. Javoblaridan qoniqish hosil qilsangiz, sizni ishontira olishsa – tinching! Aks holda, to “g‘alaba” qilguncha, bu yo‘ldan – qaytmang. Muammoni hal qilishning boshqa yo‘li – yo‘q;

Yettinchidan, bu fikrlarni mashinasi yo‘q odam bildirayapti deb, aslo o‘ylamang! Mening ham yaxshigina, juda ko‘plarni havasini keltiradigan, o‘zim esa yeru ko‘kka ishonmaydigan, mashinam bor. Uni so‘nggi o‘n bir yil davomida uzluksiz minmoqdaman. Ko‘z tegmasinu, biror joyi “qilt” ham etmaydi. Motori, negadir, boshqalarnikiga o‘xshab moy ham “yemaydi”. Avaylab – haydayman. Shunday bo‘lsa-da, mashinamning g‘ildiragi, hatto, biror marta chuqurga tushib-chiqsa, mening ham jonim achiydi. Gohida, beixtiyor, “alam” qilib, “Sening g‘ildiraging tushgandan ko‘ra, o‘shanga o‘zim tushsam yaxshi edi!”, - degan xayollarga ham boraman. Lekin kun sayin “yaxshi yo‘llar”ning ko‘payib borayotganligini ko‘rib, Germaniyadagi yo‘llarga o‘xshash yo‘llarda “qora tulpor”imning ham shamol tezligida “shippillab” yurishiga uncha ko‘p vaqt qolmaganligiga ishonaman! Shuning uchun...

Tohir MALIKOV
iqtisodiy fanlar doktori, professor

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar