Media-tur: “Toshkent-tovar” TIF bojxona posti va “Ark-buloq” TIF bojxona postlari ish faoliyati

Media-tur: “Toshkent-tovar” TIF bojxona posti va “Ark-buloq” TIF bojxona postlari ish faoliyati

26 yanvar - davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh ommaviy axborot vakillari uchun Davlat bojxona qo‘mitasi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlariga hamda Davlat bojxona qo‘mitasi “Bojxona tarixi” muzeyiga Media-tur uyushtirildi.

Bundan maqsad, bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bojxona postlarida yaratilgan shart-sharoitlar hamda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishda bojxona xodimlarining mashaqqatli xizmatini OAV orqali ommaga tanishtirishdan iborat.

Media-tur avvalida OAV vakillari Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida bo‘lishdi hamda bojxona posti tarixi, u yerdagi bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini soddalashtirish, bojxona nazoratining shakl va usullarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi.

Shuningdek, qizil yo‘lak orqali kelgan tovar mahsulotlarining tekshirilish jarayonlarini ko‘zdan kechirishdi.

Ta’kidlanishicha, “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida o‘tgan 2020 yil davomida 86 ming 422 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilib, davlat byudjetiga 3 trln 989 mlrd so‘mdan ortiq to‘lovlar o‘tkazilgan.

Mazkur post orqali tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilgan salkam 384 mln AQSh dollaridan ziyod mahsulotlar xorij mamlakatlariga eksport qilingan.

Ma’lumot uchun, mazkur bojxona posti 1998 yil tashkil etilgan bo‘lib, hozirda “Orient Logistics Center” logistika markazi hududida joylashgan.

“Orient Logistics Center” logistika markazining dastlabki qurilish ishlari 2019 yil aprel oyida boshlangan bo‘lib, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan, zamonaviy dasturiy ta’minot tomonidan boshqariladigan logistika markazi sifatida tashkil etilmoqda. “Orient Logistics Center” logistika markazi har qanday standart o‘lchamdagi tovarlarni qabul qilish va qayta ishlash bo‘yicha transport-logistika xizmatlari majmuasini o‘zida aks ettiradi.

7000 kv.m maydonga ega mazkur bojxona ombori Germaniya va Turkiyadan keltirilgan eng zamonaviy yuklash uskunalari bilan jihozlanmoqda.

Hozirda logistika markazida 960 ta konteynerga mo‘ljallangan bir martalik sig‘imga ega qo‘shimcha terminal qurilish ishlari davom ettirilmoqda. Yangi qurilayotgan terminalning umumiy maydoni 13 ming kvadratni tashkil etadi. Mazkur terminalning qurilish ishlari 2021 yilning ikkinchi choragida o‘z yakunlanishi rejalashtirilgan.

Jurnalistlar Media-tur davomida mazkur logistika markazi bilan ham yaqindan tanishishdi. Markazda tadbirkorlarning tovarlari vaqtincha saqlab turiladi.

Navbatdagi manzili “Ark-buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti

Prezidentning “Bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Xususan, tashkil etilgan logistika markazlarida “yagona darcha” tamoyili asosida tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatilmoqda. Raqamli iqtisodiyotning tarkibiy qismi bo‘lgan raqamli bojxona doirasida zamonaviy va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali bojxona organlari faoliyati shaffofligi hamda samaradorligi tobora ortib bormoqda.

“Arqbuloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti ham mana shunday logistika markazida joylashgan bo‘lib, tashqi iqtisodiy faoliyatdagi eksport-import operatsiyalarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’yektlariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Ma’lumot uchun, “Highway logistics center” zamonaviy logistika markazi 2017 yil tashkil topgan bo‘lib, 2018 yil fevral oyidan ish faoliyatini boshladi.

O‘tgan uch yil, ya’ni 2018-2020 yillar mobaynida progressiv tarzda ish faoliyatini yurgizib keldi, qisqacha qilib aytganda, 2018 yilda haftasiga yuk ortish-tushirish, saqlash xizmatlarini 600 tonnagacha amalga oshirgan bo‘lsa, 2020 yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich haftasiga o‘rtacha 1400 tonnani tashkil etdi.

Loyihaning birinchi bosqichida 2160 kv.m maydondan iborat yopiq ombor va 5012 kv.mdan iborat usti yopiq (naves) va ochiq maydonchadan iborat omborlar va 200 avto transport vositalari uchun maxsus turargoh foydalanishga topshirildi. Omborlarda 4 ta elektropogruzchik, 2 ta 3 va 5 tonnalik dizel pogruzchiklar, shuningdek, 6 ta elektrotranspalletlar kabi texnikalar ortish-turish xizmatlarini amalga oshirib kelmoqda.

Loyihaning 2-bosqichi rejasiga muvofiq, 2020 yil boshidan yangi Zamonaviy standartlarga to‘liq javob bera oladigan "A" klassdagi ombor ishga tushdi.

Unga ko‘ra, yangi “A” klassdagi bojxona ombori maydoni 10 ming kv.m dan iborat. Omborning 5 ming kv.m maydonida yukni ko‘p qavatli saqlashga mo‘ljallangan metall konstruksiyali tokchalar (stellaj) joylashgan.

2020 yil davomida logistika markazida tovarlar aylanmasi 80 ming 454 tonnani tashkil qilgan bo‘lsa, xuddi shu ko‘rsatkich 2019 yilning mazkur davrida nisbatan 25 ming 159 tonnaga ko‘p deganidir.

Logistika markazlari rivojlangan davlatlar iqtisodiyotida muhim o‘rin egallaydi. Shu sababdan, davlatimizda zamonaviy jahon standartlariga mos keladigan logistika markazlarining barpo etilishi maqsadga muvofiqdir.

Xavfni boshqarish tizimi joriy etilgandan so‘ng, agar BYuD sariq yoki yashil yo‘laklarga yo‘naltirilsa, yuklarni ortish-tushirish, ko‘rikdan o‘tkazish jarayonlari, bojxona xodimi ishtirokisiz amalga oshiriladi. Bu esa tadbirkorlarga qulaylik yaratadi.

Mazkur bojxona postida “On-line” rejimida ishlaydigan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish imkonini beruvchi, “bir darcha” tamoyili bo‘yicha mexanizmlar qo‘llanib kelinmoqda. Ushbu bojxona postida bojxona rasmiylashtiruviga zarur bo‘lgan hujjatlarni berishga vakolatli bo‘lgan mutasaddi idoralarning vakillari ham faoliyat olib bormoqdalar.

Media-tur yakunida jurnalistlar Davlat bojxona qo‘mitasining “Bojxona tarixi” muzeyiga tashrif buyurib, mintaqada bojxona ishining yaratilishi, shakllanishi tarixi hamda bojxona ishi asoslari bilan tanishishdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar