O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasiga mamlakatda ishlab chiqarilgan paxtadan foydalanish uchun boykotni olib tashlashni so‘rab ochiq xat yubordi.
Unda ta’kidlanishicha, O‘zbekistondagi ayrim tarmoq va korxonalar koronavirus tarqalishi oqibatlariga moslashishiga, hukumat esa aholining zaif qatlamlariga yordam berishga harakat qilayotganiga qaramay mamlakat iqtisodiyotini saqlab qolish uchun qo‘shimcha choralar zarur.
Nozim Husanov hukumat xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda O‘zbekiston paxtachilik tarmog‘ida islohotlarning yangi bosqichini boshlashga tayyorligini bildirgan. Yangi islohotlar davriga o‘tishda aholiga zarur o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun koalitsiya tomonidan imzolangan Uzbek Cotton Pledge majburiyati doirasida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykotni olib tashlashni so‘ragan.
«Shu kunlarda koronavirus pandemiyasi sabab O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash va iqtisodiyot sohalari ko‘rilmagan xavfga duch keldi… Hozirdanoq O‘zbekiston mehnat bozori misli ko‘rilmagan bosimga duch kelmoqda: Respublikaning 1,5 milliondan ortiq fuqarosi ishsiz. Mamlakatida amalga oshirilayotgan keskin izolyasiya tufayli 150 ming fuqaro majburan ishsiz qoldi, chet eldan qaytgan 140 mingdan ortiq fuqaro doimiy daromadlaridan mahrum bo‘ldi, 200 mingdan ortiq oila qashshoqlik yoqasida», — degan Nozim Husanov.
«Davlat korxonalari, xususiy sektor va butun mehnat bozori yangi sharoitlarga imkon qadar ko‘proq moslashishga harakat qilmoqda. Ammo milliy iqtisodiyotimiz juda zarur bo‘lgan yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun katta kuch sarflashi kerak. Shu bois paxta boykotini olib tashlash haqidagi qaroringiz hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin», — deb ta’kidlagan u.
«O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati aholi bandligini ta’minlashda yetakchi tarmoqlardan biridir. Faqat ishlab chiqarishda qariyb 7 000 korxonada 200 mingdan ortiq aholi ish bilan band bo‘lganligi bois bir million aholi barqaror daromadga ega. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘zbek paxtasidan boykot olib tashlansa, to‘qimachilik mahsulotlarining umumiy eksport hajmi ikki barobarga ortishi mumkin. Bu esa xalqimiz uchun zarur ish o‘rinlarini yaratadi.
AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksportni qayta tiklash koronavirusga qarshi global kurashda muhim rol o‘ynashi mumkin. O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari qisqa vaqt ichida vaziyatga moslashgan holda shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqarishini o‘n barobarga oshirdi. Ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar boykotga duch kelmaganida, o‘zbek to‘qimachiligida tayyorlangan niqoblar, jarrohlik liboslari va boshqa turdagi shaxsiy himoya vositalari yuzaga kelayotgan global vaziyatni bartaraf etishda madad bo‘lishi mumkin edi», — deyiladi murojaatda.
Izoh qoldirish