“Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–52, 15.12.2021 y.) qabul qilindi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan:
- fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga – meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 14 foiz stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kredit ajratiladi;
- meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga – yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun yillik 14 foiz stavkada 12 oylik “revolver” kredit beriladi.
Mazkur tadbirlarni moliyalashtirish uchun Jamg‘armaga 2 trln so‘m byudjet ssudasi ajratiladi.
2022 yil 1 martdan:
- meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) va fermer xo‘jaliklariga – eksport shartnomasi mavjud bo‘lib, meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sug‘urtalash xizmatidan foydalanganda to‘langan sug‘urta mukofotining 50 foizi, biroq sug‘urta pulining 1 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi;
- meva-sabzavotchilik klasterlariga (kooperatsiyalarga) – xorijdan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq bir oyga 1 nafar mutaxassis uchun 1 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuman bo‘limlari orqali kompensatsiya qilinadi.
Izoh qoldirish