Milliy va xorijiy korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish orqali O‘zbekistonda qurilish industriyasi saqlab qolindi

Milliy va xorijiy korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish orqali O‘zbekistonda qurilish industriyasi saqlab qolindi

Bir qator ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonda yaratilgan qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhiti ko‘p jihatdan sarmoyadorlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga, jumladan, qurilish industriyasini yanada rivojlantirish va modernizatsiyaga qaratilgan o‘zaro manfaatli investitsiyalarga bo‘lgan qiziqishini davom ettirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbuslari bilan, yurtimizda oxirgi yillarda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar va transformatsiya jarayonlari, modernizatsiya qilish harakatlari ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu davrda, tub o‘zgarishlar ta’sirida, iqtisodiyotning hamma tarmoqlari, shu jumladan, qurilish industriyasi ham izchil rivoj topmoqda.

Masalan, 2020 yilda sement ishlab chiqarish darajasi 2016 yilga nisbatan 1,44 barobar oshdi. Shu bilan birga, energotejamkor texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan miqdorlar ko‘rsatkichi, 2016 yildagi 63,8 foizdan 81,5%gacha ko‘tarildi.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlariga kerak bo‘lgan oyna shishasini ishlab chiqarish 1,84 barobarga, bezatkich keramik koshinlar esa 2,4 barobarga oshdi. Shunga o‘xshash holat boshqa turdagi mahsulotlarda ham kuzatildi.

Tashqi savdo mexanizmini takomillashtirish, eksportni oshirishni rag‘batlantirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ijobiy natijalarga olib keldi. 2020 yilda qurilish industriyasi mahsulotlarini eksporti 2016 yilning ko‘rsatkichlariga nisbatan sezilarli darajada oshdi. Masalan, turli maqsadlar uchun ishlatadigan keramik mahsulotlarni eksporti 5,8 barobarga, oyna shishasi va undan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarda sotilishi 2,1 barobarga, sement eksporti 1,12 barobarga oshdi.

Respublika rahbariyati tomonidan, COVID-19 koronavirusi pandemiyasining salbiy ta’sirini yumshatish, aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bosqichma-bosqich islohotlar va maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilgani, 2020 yil oxirigacha mamlakat qurilish majmuasida ijobiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun ijobiy sharoit yaratdi.

2020 yilda Toshkent metallurgiya zavodi, Sergeli va Yunusobod metro yo‘nalishlari, yana qator muhim bo‘lgan yirik investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Ayniqsa, koronavirus bilan og‘rigan bemorlarni davolash uchun mo‘ljallangan maxsus shifoxonalar, shu jumladan, "Zangiota-1" va "Zangiota-2"larni tashkil etish uchun binolar, inshootlar va tegishli kommunikatsiyalarni qurish va rekonstruksiya qilish, uskunalarni yetkazib berish va o‘rnatishda quruvchilarning fidokorona ishlari alohida tilga olinishi lozim.

O‘z navbatida, turli tashkiliy-texnik chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, shuningdek, xodimlarning fidokorona mehnati qurilish sanoati korxonalariga koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklarni bartaraf etish imkonini berdi.

Qurilish industriyasining murakkab sharoitda barqaror ishlashiga va yanada rivojlantirishni ta’minlashga, respublika rahbariyati tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarini va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga, aholi daromadlari keskin pasayishini oldini olishga, investitsiya va tashqi savdo faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan bir qancha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirilgani qo‘l keldi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2020 yilda qurilish industriyasi mahsulotlarining umumiy ishlab chiqarilishi qariyb 22,0 trln. so‘mga yetdi va 2019 yilga nisbatan o‘sish sur’ati 109,0% tashkil etdi. [1]

Masalan, o‘tgan yilda sement ishlab chiqarish o‘sish sur’ati 114,1%, turli maqsadlar uchun ishlatadigan oyna shishasi 111,9%, bezatkich keramik plitkalar 139,4%, turli materiallardan zamonaviy uslubda tayyorlangan devor qog‘ozi 229,5% tashkil etdi.

Qurilish industriya mahsulotlari eksport hajmi 2020 yilda 83,6% o‘sdi. Sement eksporti 2019 yilga nisbatan 1,24 barobar oshib, 520 ming tonnaga yetdi. Keramik pardozlash plitalari, turli xildagi oyna shishasi va shisha buyumlar, issiqlik izolyasiyasi va pardozlash materiallari, polimer va kompozitsion materiallardan tayyorlangan buyumlar, ohak va boshqalarni eksporti ham oshirildi.

2020 yilda "Qizilqumsement" AJ (104,9%), "Bekobodsement" AJ (105,5%), "Qoraqalpoq sement" MChJ (157,7%), "Maroqand kabel Invest" MChJ (134,3%), "Bosh kulolchilik" MChJ (124,3%) va boshqa korxonalarning mehnat jamoalari tomonidan yuqori darajada ishlab chiqarish o‘sishiga erishildi.

Bozorlarda xaridorgir mahsulotlar darajasini oshirish maqsadida, birjaviy savdolar orqali o‘tgan yilda 8,8 mln.tonna sement sotildi va bu ko‘rsatkich 2019 yilga nisbatan 109,3%ni tashkil etdi. Shuni ta’kidlash kerakki, bozorlarda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida talab etilayotgan sementning turlar 43 taga yetdi.

Ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali, qurilish materiallari bozorlarida, jumladan, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida taklif etilayotgan xaridorgir va eksportbop zamonaviy turdagi innovatsion qurilish materiallari xilma-xilligini ta’kidlash lozim. Bu esa, o‘z o‘rnida, ushbu turdagi mahsulotlar importini kamaytirish imkonini berdi.

Sementning bir qator turlari ishlab chiqarish hajmining oshishi, ushbu turdagi materiallar importini 23% ga kamaytirish imkonini berdi. Shu bilan birga, keramik plitkalar, oyna shishasi, gipsokarton va boshqa materiallarni import qilish hajmi ham qisqardi.

Sohaning qo‘shimcha ijobiy omili sifatida, 2020 yilda qurilish industriyasi korxonalarini importida texnologik uskunalar va ehtiyot qismlar olib kirilishi umumiy hajmining qariyb 73 foizini tashkil etilganligi e’tiborga sazovordir. [1]

Tarmoq va hududiy mahalliylashtirish dasturlarini amalga oshirish maqsadida, mineral resurslarning mahalliy turlaridan chuqur qayta ishlash va yanada samarali foydalanish asosida, zamonaviy raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tubdan kengaytirish chora-tadbirlari tizimli amalga oshirilmoqda.

2020 yilda qurilish industriyasida mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish 1,7 barobar oshdi. Shu jumladan, yangi turdagi issiqlik izolyasiya materiallari, maxsus sement turlari, naqshli shisha oynasi, bazalt mahsulotlari va boshqa turdagi bir qator zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqish tashkillashtirildi. [1]

Milliy va xorijiy korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekistonda qurilish industriyasini rivojlantirishda barqarorlikni saqlab qolish uchun qulay omil bo‘ldi.

Innovatsion texnologik jarayonlarni joriy etish bo‘yicha xorijiy bozorlarni o‘rganish va ilg‘or tajribaga asoslangan, xorijiy investorlar va mutaxassislarni jalb etgan holda "Farg‘ona tosh qog‘oz" qo‘shma korxonasi, Farg‘ona viloyatida energiya tejovchi texnologiya yordamida, toshdan tayyorlanadigan muqobil turdagi import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulot - qog‘oz ishlab chiqarishni tashkil etdi.

Shu bilan birga, toshdan qog‘oz ishlab chiqarishda kislotalardan foydalanilmaydiganligi uchun, texnologik jarayon juda ekologik, dunyoda rivojlanish ustuvor yo‘nalishlardan biri- "yashil" iqtisodiyotga mos keladi.

Rossiyaning "Yevrotsement grupp" xoldingining "Ohangaronsement" AJda, joriy yilda energiyani tejovchi texnologiya yordamida, turli xil yuqori sifatli sementni ishlab chiqaradigan yangi quvvatlarni ishga tushirish kutilmoqda.

Bu esa, ushbu korxona asosida foydali qazilmalarni chuqur qayta ishlashga qaratilgan sanoat klasterini tashkil etib, bozorlarda xaridorgir bo‘lgan turli xil mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish imkonini beradi.

Germaniya sarmoyadorlari tomonidan, uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlik doirasida, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida foydalanilmayotgan mahalliy mineral xom-ashyo asosida, innovatsion texnologiyalar yordamida modifikatsiyalangan turdagi quruq qorishmalar va gipsokarton mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Quvasoydagi "Kvars" AJ, yetakchi Xitoy kompaniyasi ishtirokida, yiliga 22 million kvadrat metr oyna shishasini ishlab chiqaradigan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi, 2021 yilda iqtisodiyotni rivojlan-tirish orqali xalq farovonligini yanada oshirishga qaratilgan. [2]

Qurilish sanoati va tegishli tarmoqlarning barqaror ishlashini davom ettirish uchun, mavjud qulay ishbilarmonlik muhiti va mehnat bozori sharoitlarini hisobga olgan holda, 2021 yilda qurilish industriyasini yanada barqaror va samarali ishlashini ta’minlash uchun keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda:

  • soha salohiyatini rivojlantirish, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, import o‘rnini bosuvchi va eksportga mo‘ljallangan mahsulotlarni, zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalar asosida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish;
  • yangi ishlab chiqarish quvvatlardan samarali foydalangan holda raqobatbardosh mahsulotlarni, shu jumladan, oyna shishasi va undan tayyorlangan mahsulotlar, gipsokarton mahsulotlari va quruq aralashmalar, toshdan ishlab chiqariladigan qog‘oz, DSP, zamonaviy turdagi sanitariya mahsulotlari, yuqori sifatli va maxsus turdagi sement, xilma-xil issiqlik izolyasiya materiallari, temir-beton mahsulotlari va boshqa mahsulotlar miqdorini ko‘paytirish;
  • investitsiyalarni, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni yanada keng jalb etish hisobiga yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlar va ayollarni mehnat faoliyatiga jalb etish;
  • ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yuqori sifatli, raqobatbardosh eksportga yo‘naltirilgan energiya tejaydigan qurilish materiallari turlari ni kengaytirish;
  • mahalliy xom-ashyoni ishlab chiqarishda, jumladan, har yili qayta tiklanadigan (qamish, g‘o‘zapoya, somon) turlaridan foydalanishni ko‘paytirish.

Mirhamid To‘rayev, Jahongir Muinov,

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti

Feruz Bozorov,

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Murojaatlar ro‘yxati:

[1].Elektron manba http://www.infotable.ru/company/uzkurilishmaterial-lari_assotsiatsiya].

[2] Elektron manba https://president.uz/uz/lists/view/4148

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar