Minglab aholining muammosi hal etilmoqda

Minglab aholining muammosi hal etilmoqda

Ayni kunlarda esa Prezident Xalq qabulxonalari, Milliy gvardiya, vazirliklar, qo‘mitalar, tashkilotlar, sektorlar rahbarlaridan iborat Respublika ishchi guruhi poytaxtimizning barcha tumanida mazkur vazifalar ijrosini o‘rganyapti.

Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumani Oqibat mahallasi aholisi murojaatlari asosida hududdagi ancha zo‘riqib ishlayotgan 400 kilovoltli transformator 630 kilovolt amper quvvatdagi yangisiga almashtirildi. Bu bilan 400 ta xonadonda elektr ta’minoti barqarorlashib, kuchlanish me’yoriga tushadi, yo‘qotishlar esa 10 foizga kamayadi. Yoki Shayxontohur tumani Labzak ko‘chasidagi katta kuchlanishga ega elektr tarmoqlari yangilanayotgani bilan esa Janggoh, Shayxontohur, Labzak, Koh ota mahallalarining elektr ta’minoti yaxshilanadi. Umuman, Respublika ishchi guruhining Toshkent shahridagi faoliyati davomida 9 ta transformator o‘rnatilib, 48,6 km elektr tarmog‘i tortildi.

Yangihayot tumani “Yangi darxon” mahallasida esa 24 kilometr tarmoq tortilib, yangi beton ustunlar-u yuqori kuchlanishli 6 ta transformator o‘rnatilishi bilan 600 ta oilaning uyi ham, ko‘ngli ham charog‘on bo‘ldi. Darvoqe bu mahallada “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etilyapti. Qulay infratuzilma, bolalar uchun yaratilayotgan shart-sharoit, yangidan qurilayotgan maktab-bog‘chalar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, umuman, bunyodkorlik va obodlik harakati zamirida ham “Inson qadri uchun” g‘oyasi mujassam.

Yana bir ibratli jihat: qisqa vaqtda Yangihayotdagi 20 dan ortiq tadbirkorlik sub’yekti o‘z korxonalariga quyosh panellari o‘rnatdi. Bu bilan har bir korxona oyiga o‘rtacha 100 kVt elektr energiyasini iqtisod qilyapti.

Qishning achchiq sabog‘idan so‘ng Yangihayot tumanidagi ko‘p qavatli 55 ta uy yerto‘lasidagi muhandislik-kommunikatsiya tarmog‘i to‘liq yangilandi va bu ishlar izchil davom ettirilyapti. Bu jarayonda “Navqiron” mahallasidagi 7 ta uy yerto‘lasidagi muhandislik tarmoqlari ham to‘liq yangilandi.

Beshkapa mahalasi Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidagi yotoqxona tipidagi uyni bosh-oyoq ta’mirlash ishlari ham dasturlar asosida olib borilyapti. Bu bilan 128 ta xonadon egalari munosib turmush kechirishi uchun yetarlicha sharoit yaratiladi.

Yangihayotning “Xushnud” mahallasi aholisi esa yaqin-yaqingacha poliklinika yo‘qligidan qiynalib kelardi. Murojaatlardan so‘ng bu yil dasturlar asosida bu masala ham hal qilinib, mahallada 200 o‘rinli zamonaviy tibbiyot muassasasi qurish ishlari boshlab yuborildi.

Shayxontohurning qadim tarixga ega Janggoh mahallasida ham qurilish ishlari avjida. Bu yerdagi bo‘sh maydonda “Jangoh” mahalla fuqarolar yig‘ini markazi bunyod etilyapti.

Uchtepa tumani Birlik mahallasi Katta Xirmontepa ko‘chasida bunyod etilgan mana bu go‘zal saylgoh, salomatlik yo‘lagi esa mahalla ahlining dimog‘ini chog‘ qilyapti.

Xalq bilan muloqotning “Oqqo‘rg‘on tajribasi” – avvalo yordamga haqiqiy muhtoj insonlarni topib, ularga ko‘mak berish degani. Chilonzor tumanidagi Xalq qabulxonasi, sektorlar va mahalla vakillari o‘rganishlaridan so‘ng 2-guruh nogironi Vasila Vakilova kabi og‘ir ijtimoiy ahvoldagi 30 dan ortiq bemorning jarrohlik amaliyoti o‘tkazish va davolanish xarajatlari, Roza Salmonova kabi bir qator ehtiyojmand talabalarning esa kontrakt pullari ichki imkoniyatlar hisobidan to‘lab berildi.

Uchtepa tumani Tepaqo‘rg‘on mahallasida yashovchi 1-guruh nogironi Gulsiya Jabborova singari og‘ir ijtimoiy ahvoldagi ko‘plab insonlarning xonadonlarida ichki imkoniyatlar hisobidan ta’mirlash ishlari olib borilyapti.

Davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining poytaxtimizdagi faoliyati davomida aniqlangan 44 ming 300 dan ziyod masalaning qariyb 25 ming 680 tasi hal qilindi, qolganlari bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilyapti.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar