Minimal iste’mol xarajatlari miqdori haqida ekspert Baxtishod Hamidov va moliyachi Otabek Bakirov mulohazalari

Minimal iste’mol xarajatlari miqdori haqida ekspert Baxtishod Hamidov va moliyachi Otabek Bakirov mulohazalari

«Iqtisodiy xabarlar tahlili» loyihasining navbatdagi sonida moliyachi Otabek Bakirov hamda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi shu’ba mudiri Baxtishod Hamidov dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, e’lon qilingan minimal iste’mol xarajatlari va uning quyi qatlam hayotidagi ahamiyati haqida suhbatlashishdi.

— Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan minimal iste’mol xarajatlari 440 ming so‘m etib belgilangani e’lon qilindi. Bu raqamlarning quyi qatlam vakillari uchun qanday ijobiy tomonlari bor?

Otabek Bakirov: Bu miqdor 5400 nafar respondentning kundalik hayoti, ehtiyojlari, daromadlari va xarajatlarini o‘rganish natijasida aniq metodologiyaga asoslangan tahlillarga ko‘ra olingan summa hisoblanadi. Bu miqdorning adolatli yoki adolatsiz ekani haqidagi kalimani ishlatish bu yerda to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki qaysidir tahlillarda yoki so‘rovlardan kelib chiqqan natija uchun adolatli yoki adolatsiz sifatida qaraydigan o‘lchov mavjud emas. Bu aniq holat.

So‘rov natijalari, uning kriteriyalari, metodologiyalari, boshidan oxirigacha qanday mezonlar asosida qurilgani hammaga ochiq-oydin bildirildi, aniqlashtirildi. Albatta, ko‘p sonli O‘zbekiston aholisi uchun bu muhim ko‘rsatkich. Aholining qaysidir toifasi bu summani o‘zlarining hayot tarzi va daromadlaridan kelib chiqib yuqori deb hisoblashi mumkin, qaysidir boshqa aholi toifasi esa o‘z daromadlaridan kelib chiqib kam miqdor deb baholashi mumkin, ammo bular o‘ta sub’yektiv, motivatsiyaga ega bo‘lmagan shaxsiy qarash bo‘ladi.

Baxtishod Hamidov: 440 ming so‘mning adolatli yoki adolatsizligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan izohlar, aholi keng qatlamlarining fikrlaridan kelib chiqib ham fikr bildirish mumkin. Lekin bu yerda bir narsaga e’tibor qaratish kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p kuzatilayotgan e’tirozlarning asosiy sababi, minimal iste’mol xarajatlarining (MIX) faqat kambag‘al aholiga emas, balki ko‘pchilik tomonidan hammaga tegishli raqam sifatida tushunilayotganida, deb hisoblayman.

Biz MIXga umumiy aholiga nisbatan emas, kambag‘al aholi xarajatlariga nisbatan qarashimiz kerak. Bu raqam faqat aholining eng quyi tabaqasini o‘rganish natijasida shakllantirilgan, aholining barcha tabaqalariga tegishli emas. Bilamizki, besh qo‘l barobar emas, jamiyatda turli qatlam vakillari bor. MIX faqatgina kambag‘al qatlam vakillari uchun qo‘llanadi.

Boy va o‘rta qatlam uchun bu miqdor kam tuyilishi mumkin, ammo kambag‘al qatlam uchun bu narsani alohida o‘rganish talab etiladi, ya’ni kommentariyalarni kambag‘al qatlam asosan yozmaydi. Interneti bor, asosan, Toshkentda istiqomat qiluvchi farovonlik darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan odamlar o‘zlaridan kelib chiqib aytayotgan bo‘lishi mumkin. So‘rovnomada qatnashgan aholining kambag‘al 30 foizi ham viloyatlardagi qishloq joylarida istiqomat qilishi sabab, internet bilan muammosi tufayli bunday bahslarga kirishmayotgan bo‘lishi mumkin. Ularning fikrlarini eshitish bizlar uchun hozir qiyin.

MIXni shakllantirishdan asosiy maqsad ham kambag‘allikka qarshi kurash va o‘sha minimal belgilangan 440 ming so‘mdan ham kam daromad topadigan oilalar holatini o‘rganib, ularga yordam qilish.

Otabek Bakirov: Yuqoridagi fikrlarga qo‘shilgan holda shuni aytmoqchimanki, bekorga metodologiyada 5400ta uy xo‘jaligi tanlab olinmagan. Ularning reprezentativ bo‘lgani tanlanmada asosiy masala bo‘lgan. Ikkinchidan, tanlab olingan uy xo‘jaliklari 10 guruhga bo‘linib, eng kam daromadga ega bo‘lgan 30 foiz guruhning natijalaridan kelib chiqib olingan miqdor hisoblanadi.

Bir narsaga e’tibor berishingizni so‘rardim, shu paytgacha bizda milliy kambag‘allik chegarasi kriteriyasi mavjud emasdi. Bu ko‘rsatkich o‘ta sub’yektiv va turli byurokratik qarashlar natijasida shakllangan o‘lchovlar natijasida belgilangan. Misol uchun, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari», «Temir daftar» shular jumlasidandir. Chunki o‘zimizning umumqabul qilingan kriteriyalarimizga ega bo‘lmaganmiz. Bu e’lon qilingan miqdor aholining so‘rovlarda bevosita o‘zi tomonidan bildirilgan xarajatlari va daromadlari natijasida kelib chiqqan, ya’ni ularning kundalik ehtiyojlari, iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari uchun ishlatadigan xarajatlarining qiymatidan shakllantirilgan. Kimdir ularga 1 kg go‘shtni 50 ming so‘mdan olarkansan yoki 70 ming so‘mdan olarkansan, shu miqdor bilan ko‘rsat, 10ta tuxumning narxini 10 ming so‘m qilib, yana kimgadir esa 20 ming so‘m qilib ko‘rsat deb aytmagan, kim ushbu mahsulotlarni qanchaga xarid qilgan bo‘lsa, o‘zidan kelib chiqib ko‘rsatgan. O‘sha ko‘rsatgan respondentlar ichida eng quyi daromadlarga ega bo‘lgan qatlamdan 30 foizi ajratib olingan. Bunda qo‘llangan oziq-ovqat qiymatida yuqori daraja 2200 kaloriyali qiymat olingan. Shulardan kelib chiqib belgilangan summani mana bugun hamma bilib turibdi.

Baxtishod Hamidov: Har birimiz alohida olammiz. Oddiygina sizning, mening yoki viloyatlar bo‘yicha iste’mol odatlari bir-biridan farq qiladi. Masalan, birgina guruchning 10 xil navi mavjud. Tabiiyki, boy qatlam qimmatroq, kambag‘al qatlam arzonroq guruch iste’mol qiladi. Hammaning o‘z iste’mol odatlari bor. O‘shandan kelib chiqib MIXni belgilash eng kam daromad topadigan va so‘rovnomada qatnashgan 30 foiz odamlarning o‘zlari bildirgan fikrlari va iste’mol odatlaridan kelib chiqib hisoblangan miqdordir. Ya’ni guruchning eng qimmat yoki o‘rtacha narxi olinmagan bu yerda, aynan kambag‘al qatlam qanaqa guruch iste’mol qilsa o‘sha guruchning narxi olingan.

— MIXning e’lon qilinishi aholining kundalik hayotiga qanday ta’sir qiladi? Hukumat tomonidan aniq dastur ishlab chiqiladimi? Sodda qilib aytganda, bu raqamlarning e’lon qilinishi kambag‘al qatlam hayotida qanday o‘zgarish yasaydi?

Baxtishod Hamidov: Sizni tashvishlantirayotgan savolni to‘g‘ri tushunamiz. Xo‘sh, 440 ming so‘mni e’lon qildik, endi nima bo‘ladi? Umuman, bu miqdor nimaga e’lon qilindi?

Avvalo, hozirda ko‘tarilayotgan muhokamalarning tagini tushunib olishimiz kerak. Birinchi o‘rinda, bundan keyingi davrda 440 ming so‘mlik chegaraning e’lon qilinishi hukumat tomonidan kambag‘allikka qarshi kurashda asos vazifasini o‘taydi. Endilikda shu miqdordan kelib chiqib, fuqarolarga belgilanadigan nafaqalar, ijtimoiy yordamlar qayta ko‘rib chiqiladi, chunki bu tadbirlar kambag‘allikni kamaytirishdagi asosiy choralar hisoblanadi. Shunga o‘xshagan narsalarni davlat nimadandir kelib chiqib belgilashi kerak edi. Bundan keyin nafaqalar MIXdan kelib chiqib belgilanadi.

Shuningdek, narx-navo keskin o‘sib ketishining oldini olishda ham bu miqdor muhim. Masalan, aholining kundalik hayotida har kuni iste’mol qilinadigan mahsulotlardan biri – yog‘ hisoblanadi. Yog‘ narxi keskin oshib ketishi oddiy fuqarolar hayotiga jiddiy ta’sir o‘tkazdi. Endilikda kambag‘al aholi kundalik iste’mol qiladigan asosiy mahsulotlari ro‘yxatini shakllantirib, bu mahsulotlar narxlari keskin tebranib ketishining oldini olishga doir choralar ko‘riladi. Boshqa yo‘nalishlarda ham MIXdan foydalanishga o‘tiladi.

Otabek Bakirov: Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsangiz, turli ijtimoiy qatlamlarga belgilangan nafaqalar, moddiy yordamlar mavjud. Hozir aniq raqamlarni aytadigan bo‘lsam adashishim mumkin. Yoki 2 yoshgacha, 14 yoshgacha bolalarga beriladigan yordam pullari mavjud. Albatta, endilikda davlatning tegishli ijtimoiy siyosatini yuritadigan organlar moddiy yordam miqdorlarini MIXdan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqadi.

Yana bir narsaga e’tibor qaratishni istardim, joriy yil uchun davlat byudjeti qabul qilinayotgan paytda hali MIX miqdori e’lon qilinmagan edi. Davlat rahbarining 2021 yil yanvar oyidagi parlamentga murojaatnomasida MIXni hisoblash va e’lon qilish vazifasi yuklatildi. Hozirgi 2021 yilning buyog‘idagi asosiy vazifa joriy yil uchun MIXni hisoblash va 2021 yil byudjetida bizning ijtimoiy siyosatimizning taktika va yo‘nalishlarini belgilaydigan o‘zgarish va xarajatlarni aks ettirish bo‘ladi.

2022 yilning byudjetida esa bizning ijtimoiy siyosatimiz strategiyalaridan kelib chiqib, qo‘shimcha xarajatlar byudjetda aks etishi kerak deb hisoblayman. Albatta, bizda buning imkoniyatlari yana bir bor chamalanishi kerak, shart-sharoitlari hisobga olinishi kerak. Chunki o‘tgan 2020 yildagi vaziyat bilan 2021 yildagi vaziyat va davlatning fuqarolar oldidagi ijtimoiy majburiyatlari oldida ham keskin farqlar mavjud. Shu sababli, kelasi yilgi byudjet haqida gapirganda ko‘proq MIXdan kelib chiqadigan oqibatlar haqida o‘ylaydigan bo‘lsak, 2022 yilgi byudjetning siyosati, mundarijasi haqida o‘ylashimiz kerak bo‘ladi. Albatta, davlat idoralari bu borada o‘zlarining aniq vazifalari, chora-tadbirlarini belgilab olishi kerak. Endilikda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Pensiya jamg‘armasi kabi tashkilotlar oldida ham bu bilan bog‘liq yangi-yangi vazifalar paydo bo‘ladi.

— Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, davlatdan ijtimoiy yordam oladigan oilalar soni 2020 yil davomida ikki barobar oshgan. Davlat byudjeti katta ijtimoiy xarajatlarga tayyormi?

Otabek Bakirov: Shuni ta’kidlash kerakki, bu holat, albatta, pandemiya ta’siridagi inqiroz natijasida yuz berdi. Shu sabab, bizda ijtimoiy yordamga muhtoj aholi birdaniga ikki barobarga oshib ketdi, deb o‘ylash noto‘g‘ri bo‘ladi. Aholining o‘tgan yilgi inqiroz holatidan yumshoqroq o‘tishi uchun moddiy yordamga muhtoj aholining kengroq qatlamlarini qamrab olish natijasida bu holat yuz berdi.

Ayni paytda 1 million 260 ming oila ijtimoiy yordam olayotgan bo‘lsa, bu raqamlar kelajakda o‘sishi ham, kamayishi ham mumkin. Bu ijtimoiy siyosatning qanchalik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishiga bog‘liq bo‘ladi. Keyingi davrda davlatning ijtimoiy siyosati yumshatilishi yoki kuchaytirib borilishi ham mumkin, bu vaziyatdan kelib chiqib qilinadigan choralarga bog‘liq bo‘ladi.

Baxtishod Hamidov: Albatta, barchamiz bu raqamlar kamayishidan manfaatdormiz. Hech kim jamiyatda kambag‘allar ko‘payishini xohlamaydi. Hammamiz aholining kambag‘allik qopqonidan chiqib ketishi tarafdorimiz.

Bu raqamlarni kamaytirish uchun birinchi o‘rinda nafaqa oluvchilar sonini ko‘paytirish kerak, degan xulosaga kelindi ba’zi holatlarda. Sababi, koronainqiroz bilan bog‘liq holatlar ko‘pchilikni qiynab qo‘ydi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda yuz minglab odamlar kambag‘allik chegarasiga kelib qoldi. Ular daromad manbayini yo‘qotdi, o‘zini tiklashga qanchadir vaqt ketdi, qarzga botdi. Bunday vaziyatda davlat moddiy jihatdan aholini qo‘llab-quvvatlamas ekan, aholi kambag‘allik qopqoniga tushib qoladi. Chunki ular hozir qarzdor va ishlagan pulini qarziga to‘laydi, o‘zi yaxshi ovqatlanmaydi, bu sog‘lig‘i yo‘qotilishiga olib keladi. Natijada farzandlariga e’tibor qarata olmaydi, farzandlari ham to‘g‘ri bilim ololmaydi, maktabga vaqtida borolmaydi. Bu tendensiya aholi turmushida zanjir orqali ulangan salbiy oqibatlarni keltirib chiqaraveradi. Aholi kambag‘allik qopqoniga tushib qoladi.

Shu sababli, oxirgi paytlarda ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini ko‘paytirish bo‘yicha ishlar olib borildi va ularning soni ko‘paytirildi. Bu narsadan asosiy maqsad insonlar tezroq o‘zlarini o‘nglab olib, kambag‘allik holatidan chiqib ketishi uchun qilinayotgan harakat. Davlat soliqlarni yig‘ib olyapti va kambag‘allarga tarqatyapti deb o‘ylamaslik kerak, bu narsa keyingi yillarda samaradorlikka erishish maqsadida qilinayotgan ishlardir.

Otabek Bakirov: Ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat idealida o‘z fuqarolariga ijtimoiy yordam emas, ijtimoiy ne’matlar taqdim etadi. Bular – sifatli ta’lim, tibbiyot, xavfsizlik va axborot kabilardir. O‘z taraqqiyot yo‘lini topib olgan, barqaror va o‘rta sinfga ega bo‘lgan davlatlarda hukumat va fuqarolar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlar shu omillar asosida quriladi.

Doimiy ravishda ijtimoiy yordam berish yoki ijtimoiy yordam oladigan aholi qatlamlarini ko‘paytirish ustiga qurilmaydi. Kambag‘allikka qarshi kurash sohasidagi dastlabki vazifa ham ijtimoiy yordamga muhtoj odamlar qatlamlarini aniqlab olish va ularni kambag‘allik zanjiridan chiqarib olishdir. Undan keyingina, ya’ni kundalik hayot tarzi muammosidan bosh chiqara olgan fuqarogina boshqa ijtimoiy ne’matlarga e’tibor qarata oladi. Ya’ni ta’lim bilan, sog‘liqni saqlash bilan, axborot bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy ne’matlarga e’tibor qarata oladi.

Hozirda bizning ijtimoiy siyosatimizdagi asosiy muammo ham shunda. Haddan ziyod ta’limga, sog‘liqni saqlashga, axborotga, infratuzilmaga xarajat qilganimiz bilan, bularning juda ham ko‘p qismi kambag‘allik chegarasi va undan quyi pog‘onadagi aholining foydalana olmasligiga olib kelishi ham mumkin-da.

Bu qatlamning turmush darajasini ko‘tarish kerak, albatta. Istiqbolda ijtimoiy nafaqa oluvchi aholi qatlami kamayib borishi kerak. O‘tgan yilgi ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni oshishi fors-major holat. Bu – inqiroz natijasida yuzaga keldi. Istiqbolda ijtimoiy yordam oladigan aholi soni yildan yilga kamayib, ijtimoiy nafaqa miqdori ko‘payib borishi kerak.

Baxtishod Hamidov: To‘g‘ri ta’kidlab o‘tildiki, hozir 440 ming so‘mni olyapmiz va uni optimal raqam deb atayapmiz. Optimal degani undan past ham bo‘lmasligi kerak, baland ham bo‘lmasligi kerak. Past bo‘lmasligi kerak degani, odam kambag‘allik holatiga tushib qolgach, birlamchi ehtiyojlarini qondirishi kerak. Agar bu miqdor birlamchi ehtiyojlarga ham yetmaydigan bo‘lsa, bu to‘lanayotgan summadan foyda bo‘lmaydi. Chunki o‘sha kambag‘al inson baribir kasal bo‘lib qolishi mumkin, bolasini vaqtida maktabga jo‘nata olmasligi mumkin. Shuning uchun bu optimal darajada bo‘lishi kerak.

Endi ko‘p bo‘lmasligi kerak deyapmiz. Bu mablag‘lar davlat byudjetidan ketayotgan mablag‘ va qaysidir boshqa sohaga sarflanishi mumkin. Ikkinchidan, ko‘p qilib belgilasangiz, ishlayotgan odam ham ish tashlab yuborishi mumkin. Masalan, kimdir ishlayapti va olayotgan oyligi o‘zining minimal xarajatlarini qoplashga yetyapti. Optimal darajadan balandroq belgilasangiz, davlatdan moddiy yordam olish strategiyasiga o‘tib olishi mumkin. Bu kabi holatlardan AQShda qo‘rqishadi. U yerda Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga qaraganda kambag‘allikka qarshi ikki barobar kam mablag‘ sarflanadi. U yerdagi davlat siyosati aholining davlatga qaram bo‘lib qolishining oldini olishga qaratilgan.

Biz hozirgi holatimizda Yevropa strategiyasining ham, AQSh strategiyasining ham yaxshi tomonlarini olishimiz kerak. Yevropada kambag‘allik omadsizlikning natijasi, AQShda esa dangasalikning natijasi desa bo‘ladi. Hozir biz har ikki tomonning to‘g‘ri tomonlarini olib, optimal yondashishimiz talab etiladi va shunga qarab ketyapti deb o‘ylayman.

— E’lon qilingan 440 ming so‘m bo‘lgan MIX miqdori qancha paytda qayta ko‘rib chiqilishi kerak? Oziq-ovqat sektorida inflyasiya darajasi yuqori. Shu jihatlar ham inobatga olinganmi?

Baxtishod Hamidov: To‘g‘ri aytdingiz, bu raqamlar ayni paytdagi iqtisodiy holatimizdan kelib chiqib o‘zgarib turishi kerak. Siz Yevropaga borsangiz, u yerda narxlar o‘zgarishi sekinroq bo‘lishini ko‘rishingiz mumkin, ammo bizda rivojlangan davlatlarga nisbatan narxlar darajasi o‘sishi ancha yuqori. Bu shuni anglatadiki, vaqt o‘tishi bilan narxlarni to‘g‘rilab borishimiz kerak.

Fikrimcha, yil yakunida inflyasiya darajasi e’lon qilinganidan keyin bu raqamlar yana qayta ko‘rib chiqilib, o‘zgartirilishi kerak. Yana bir yo‘li, har yili shunga o‘xshagan tadqiqot o‘tkazib, natijasini olib, qo‘llasa bo‘ladi. Lekin bu xarajatli va ko‘p vaqt talab qilishi mumkin. 10 ming odamdan so‘rovnoma o‘tkazish ham qiyinchiliklar tug‘diradi. Ko‘p mamlakatlarda MIX miqdori har 5 yilda bir marta tadqiqotlar, so‘rovnomalar va tahlillar natijasida hisoblab chiqiladi. 5 yil ichidagi miqdor esa inflyasiya darajasidan kelib chiqib, oshirib borilaveradi.

Otabek Bakirov: Boya ta’kidlab o‘tganimdek, 2022 yil uchun MIX miqdori 10 ming respondentni qamrab olgan holda e’lon qilinadi, ya’ni indeksatsiya yo‘li bilan emas. Bunda respondentlar o‘rtasida yangidan so‘rovnoma o‘tkaziladi. Yana bitta narsani aytib o‘tishim kerak, o‘sha kungi matbuot anjumanida ham ta’kidlandiki, kutilayotgan inflyasiyani inobatga olgan holatda degan fikr aytib o‘tildi. Bunda o‘tgan yilgi inflyasiya darajasidan kelib chiqib emas, joriy yilda kutilayotgan inflyasiya inobatga olingan. Ya’ni respondentlar tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijasida kelib chiqqan summa va kutilayotgan inflyasiya bir-biriga korrelyasiya qilingan holda minimal iste’mol xarajatlarining miqdori belgilanishi ham mumkin.

Baxtishod Hamidov: So‘rovnoma o‘zi 2021 yilda o‘tkaziladi. Bu degani yanvar oyidan dekabrgacha 12 oy davomida 10 mingta uy xo‘jaligi qamrab olinadi. Natija 2022 yilda e’lon qilinsa, kutilayotgan inflyasiya hisobga olinishi kerak bo‘ladi u paytga borib. Biz nega har oyda qanchadir uy xo‘jaliklarini olyapmiz, qishda narxlar boshqacha, yozda narxlar boshqacha, bahorda narxlar boshqacha hisoblanadi. Bunda mavsumiylikning ta’sirini chiqarib tashlash uchun shunday choralar ko‘riladi.

— Ba’zi mahsulotlar narxi keskin oshishi kambag‘al aholi hayotiga keskin ta’sir qiladi. Xususan, yaqinda kuzatilgan yog‘, go‘sht narxlari keskin oshganini olaylik. Bu umumiy inflyasiyada 0,1-0,2 foizni tashkil etishi mumkin. Bu jihatlar ham inobatga olinganmi?

Baxtishod Hamidov: Birinchidan, MIX qabul qilishdan ko‘zlangan maqsadlardan biri ham kambag‘al aholi qaysi mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilayotganini o‘rganish va bilish. Ikkinchi maqsad, aholining quyi qatlami va boshqa qatlam vakillari o‘rtasida farqlarni aniqlab olish hisoblanadi. Uchinchidan, kambag‘al aholi iste’mol qiladigan mahsulotlarning narxlarini monitoring qilib borishdir. Kambag‘al aholi qaysi nav un iste’mol qilyapti, qaysi nav guruch iste’mol qilyapti. Aynan ushbu mahsulotlar bazasi yaratiladi va narxlar keskin o‘sib ketishi monitoring qilinadi. Bu narsalar tadqiqot o‘tkazilgandan keyin nazoratga olinishi to‘g‘ri bo‘ladi.

Manba: Kun.uz

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar