O‘zbekistondagi birinchi shamol elektr stansiyasining quvvati dastlabki 500 MVt dan 1,5 GVt gacha oshiriladi

O‘zbekistondagi birinchi shamol elektr stansiyasining quvvati dastlabki 500 MVt dan 1,5 GVt gacha oshiriladi

Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) “Masdar” kompaniyasi tomonidan O‘zbekistondagi shamol elektr stansiyalari bo‘yicha o‘z loyihasi quvvatini 1,5 GVtgacha oshirish bo‘yicha kelishuvni imzoladi.

Shu munosabat bilan Toshkentda 1 aprel kuni Markaziy Osiyoda eng yirik shamol parki qurilishiga doir qaror qabul qilishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Loyiha quvvatini kengaytirish to‘g‘risidagi kelishuv investor tomonidan Masdar kompaniyasi bosh direktori Muhammad Jamil Al Ramohiy va O‘zbekiston tomonidan esa A.Sultanov tomonidan imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov:

“Biz “Masdar” kompaniyasi bilan sheriklik aloqalarimizni yuksak qadrlaymiz va mintaqamizda bunday turdagi eng yirik ob’yektga aylanadigan shamol parki quvvatini oshirish bo‘yicha qarorni olqishlaymiz. Bu O‘zbekiston uchun hayotiy muhim loyiha hisoblanib, u 2030 yilga kelib qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobiga elektr energiyasining 25 foizini ishlab chiqarish singari maqsadimizga erishishga yordam beradi”.

BAAning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha maxsus elchisi hamda sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri doktor Sulton Ahmad Al-Jobir:

“BAA uchun bizning iqlimga nisbatan harakatlarimiz butun dunyodagi boshqa odamlarning sa’y-harakatlarini kuchaytirishga yordam berdi. Bu sheriklik aloqalari biz mazkur tamoyilni hayotga tadbiq etayotganimizning yorqin dalilidir. Birgalikda bizda O‘zbekistonda barqaror o‘sish suratini oshirish va bir vaqtning o‘zida iqlim sohasidagi global maqsadlarga erishish uchun iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash bo‘yicha jamoaviy harakatlarimizni ishga solish uchun beqiyos imkoniyatlar mavjud”.

“Masdar” kompaniyasi bosh direktori Muhammad Jamil Al Ramohiy:

“Bugungi tadbir biz nafaqat bu loyihada, balki O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga uning toza energiya va iqlim o‘zgarishi borasidagi maqsadlariga erishish bo‘yicha ko‘rsatilgan yordam borasida salmoqli natijalarga erishganimizdan dalolatdir. Kommunal korxonalar uchun shamol energetikasini rivojlantirish sohasida dunyodagi yetakchi davlat sifatida “Masdar” O‘zbekistonning past uglerodli energetika sohasidagi strategiyasini qo‘llab-quvvatlayotgani va barqaror taraqqiyotni ta’minlash uchun hukumat bilan hamkorligimizni mustahkamlayotgani bilan faxrlanadi”.

2020 yilda “Masdar” kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Hukumati bilan quvvati 500 megavatt (MVt) bo‘lgan shamol elektr stansiyasi, mamlakatda toza energiya sohasidagi ikkinchi keng ko‘lamli loyiha va Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasi loyihasini ishlab chiqish, qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi. Loyiha 600 million AQSh dollaridan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi.

Yangi kelishuv imzolanishi bilan Navoiy viloyatining Zarafshon tumanida joylashadigan loyiha quvvati 1,5 GVtga oshdi, bu kelgusida O‘zbekistonga 2030 yilga borib shamol elektr stansiyalari (ShES) hisobiga 3 GVtgacha elektr energiyasi ishlab chiqish bo‘yicha maqsadlariga erishishga yordam beradi.

Zarafshondagi quvvati 500 MVt bo‘lgan ShES 2024 yil oxiriga kelib ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur quvvat hisobiga ShES 500 000 ta uy-joy ta’minoti uchun yetarli bo‘lgan elektr energiyasi hajmini ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu shuningdek, atmosferaga yiliga 1,1 mln tonnagacha karbonat angidrid gazi chiqarilishining oldini olishga yordam beradi.

Zarafshon shamol elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha investitsiya kelishuvi va elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi kelishuv O‘zbekiston tomonidan “Masdar” kompaniyasi bilan 2020 yil iyun oyida imzolanganini qo‘shimcha qilamiz.

Shuningdek, o‘tgan yili dekabr oyida “Masdar” mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar (IPP) uchun O‘zbekistondagi ilk muvaffaqiyatli moliyalashtirilgan quyosh loyihasi – quvvati 100 MVt bo‘lgan “Nur Navoi” quyosh loyihasini moliyalashtirish bosqichi yakuniga yetkanini ma’lum qildi. Kompaniyaning elektr energiyasining bir kilovatt soati uchun 2,679 AQSh senti miqdoridagi eng past tarif bo‘yicha taklifi ma’qullangach, “Masdar” mazkur quyosh elektr stansiyasi loyiha bo‘yicha tender g‘olibi deb e’lon qilindi.

Qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan shug‘ullanuvchi “Masdar” kompaniyasi qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish, barqarorlik bilan bog‘liq global muammolarni hal qilish uchun shaharning barqaror taraqqiyoti va toza texnologiyalarni ilgari suradi. “Masdar” Abu Dabi hukumatining strategik investitsiyaviy kompaniyasi “Mubadala Investment Company” tarkibiga kiradi. Mazkur kompaniyaning loyihalari kelajak avlodlar uchun nafaqat iqtisodiyot, balki energiya manbalarining diversifikatsiyasini ta’minlagan holda BAAning dunyo energetika sektoridagi yetakchiligini saqlab turishga yordam beradi.

Bugungi kunda “Masdar” 30 dan ortiq mamlakatda, jumladan BAA, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Mavritaniya, Misr, Marokash, Buyuk Britaniya, AQSh, Avstraliya, Ispaniya, Serbiya, Hindiston, Indoneziya, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarda faoliyat yuritadi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar