“Mo‘ynoq kelajagi bunyodkorlari” qanday yutuqlarga erishmoqda?

“Mo‘ynoq kelajagi bunyodkorlari” qanday yutuqlarga erishmoqda?

Bugungi pandemiya sharoitida aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, bu borada ishsiz yoshlar muammosiga yechim topish davlatimiz oldida turgan eng dolzarb masalalardan biridir.

Bu borada eng og‘ir hududlardan hisoblangan respublikamizning eng chekka rayonlaridan biri Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida o‘ziga xos yechim topilgan.

Jumladan, ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida, joriy yilning fevral oyida Vazirlar mahkamasining qaroriga asosan, qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan “Mo‘ynoq kelajagi bunyodkorlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Jamiyatga 20 ming gektar yer maydoni ajratilib, ishsiz yurgan ming nafarga yaqin yoshlarning bandligi ta’minlandi. Yoshlarga ko‘makchi va yelkadosh sifati Prezident Xalq qabulxonasi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi biriktirildi.

Xo‘sh, o‘tgan davr mobaynida “Mo‘ynoq kelajagi bunyodkorlari” qanday ishlarni amalga oshirdi, qanday yutuqlarga erishdi?

Yil boshidan shu kunga qadar qoraqalpoq yoshlari tomonidan jami 8 ming gektarga yaqin yer o‘zlashtirildi, turli ko‘chatlar ekildi. Xususan, 1160 gektariga – beda, 1201 gektariga – makkajo‘xori, 129 gektariga – kungaboqar, 104 gektariga – qovun-tarvuz, 283 gektariga – kunjut, 1295 gektariga – sholi, 123 gektariga – jo‘xori va 16 gektariga – mosh ekilib, bugungi kunda ayrim ekinlarni yig‘ib olish va ayrimlariga parvarish ishlari olib borilmoqda.

Masalan, bedadan 900 gektari o‘rib olingan bo‘lsa, ulardan chorvachilik xo‘jaliklari uchun jami 410 tonna silos va 11,350 dona presslar jamlandi. Hozirda qolgan ekinlarning 14 gektarida dorilash ishlari olib borilmoqda. Ekilgan mahsulotlarning aksariyati hosil berishga yetishib qolgan.

Ushbu tadbirlarga 46 ta yuqori unumli qishloq xo‘jalik texnikalari jalb etilib, agrotexnik va sug‘orish hamda zararkunandalardan himoyalash ishlari o‘z vaqtida va samarali olib borilishi natijasida ekinlardan ko‘zlangan me’yorda hosildorlik olishga erishilmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar